1

Plastik jarrohlikning “plyus-minus”lari haqida

SUG'DIYONA 08.12.2015, 14:34
Plastik jarrohlikning “plyus-minus”lari haqida

Ilgari Gollivud yulduzlariniki kabi ko`z-qovoqlaru, chiroyli qomatni faqat xayol qilgan bo`lsak, bugun ular oddiy turmush tarzimizga aylangan. Hatto «ko`zini torttiribdi, labini shishiribdi» degan so`zlar bilan  kimni hayron qoldirolmaysiz. Xo`sh, qisqa fursat davomida «yoshartirayotgan» amaliyotlarga bugun talab qanday? «Ob-havo»si-chi hamyonga og`irlik qilmayaptimi?

Plastik jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla ASADOV:

  • Bugungi kunda ikki yo`nalish bo`yicha plastik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Bular — plastik rekonstruktiv hamda estetik plastik jarrohlikdir. Plastik rekonstruktiv jarrohlik – tug`ma nuqsonlar, tanadagi turli xil anomaliyalar, orttirilgan jarohatlar, teri kuyishlaridan keyingi o`zgarishlarni bartaraf etish maqsadida o`tkaziladigan amaliyot hisoblanadi.

Vaqt o`tgani sayin inson organizmi, xususan, teri qatlamida yoshga doir o`zgarishlar sodir bo`ladi. Buni bartaraf etish, ya`ni qarish jarayoni tashqi ko`rinishda aks etishining oldini olishda estetik plastik jarrohlik uslubi qo`llanadi.

Mamlakatimizda eng ko`p murojaat etiladigan plastik jarrohlik turlari liposaksiya, blefaroplastika va qorin plastikasi hisoblanadi. Muolaja borasida yosh cheklovlari yo`q. O`rta yoshli ayollardan turmushga chiqmagan qizlargacha ushbu amaliyotlarga murojaat etishadi.

Mahbuba MAMANOVA, shifokor-kosmetolog:

  • Ilgari lab korreksiyasi uchun bir martalik muolajalardan foydalanshishgan. Bunda qo`llaniladigan ineksiya tarkibi silikon va akril gellaridan iborat bo`lib, naxri juda arzon edi. Qolaversa, inson organizmi uchun zarari ham bor. Bugun lab shaklini o`zgartirish bo`yicha bajarilayotgan amaliyotlarda gialuron kislotasi yoxud gialuron+yog` usuli bajarilmoqda. Bu mutlaqo xavfsiz amaliyot hisoblanadi.

Abdominoplastika – qorindagi yog`lardan halos bo`lish

Mazkur amaliyot jarayonida teriosti yog` qavati va ortiqcha teri qatlami olib tashlanadi. Operasiyadan so`ng 2 hafta davomida og`ir mehnat faoliyati bilan shug`ullanmaslik, parhez tutish tavsiya etiladi.

Muolaja natijasi bir umrlik!

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – 3,5 mln.dan 6 mln. so`mgacha.

Qosh-qovoqni «torttirish»

Bu amaliyot natijasida qovoqlardagi shishlarni ketkazish, ko`z osti qopchalarini bartaraf etish va ko`z atrofidagi terini taranglashtirish (mayda ajinlarni yo`qotish)ga erishish mumkin.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – 1.2-2 mln.so`mgacha. 

Liposaksiya

Bo`yin va engak, bel, qorin, son sohasi, sut bezlari va tizzadagi ortiqcha yog` qatlamlarini liposaksiya usulida tuzatish mumkin. Mazkur amaliyot tananing bir qancha sohalarida mavjud tashqi o`zgarishlarni me`yoriga keltirish uchun bajariladi. Liposaksiya usulida muammoli sohadagi terining osti yog` qavati olib tashlanib, teridagi «qavat» va burishishlar yo`q qilinadi.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi –  muayyan soha xajmiga ko`ra 300-400 ming.so`m atrofida.

Ko`krak sohasida o`tkaziladigan amaliyotlar

Poytaxtimizdagi mavjud klinikalarda avvaldan ko`krak shakli ikki xil bo`lgan yoki ko`krak tana tuzilishiga nisbatan kichik bo`lganida uni kattalashtirish amaliyoti o`tkaziladi. Ko`krakni kattalashtirish amaliyotida  ushbu a`zoning pastki sohasidan 3-5 sm.lik kesim hosil qilinib, sut bezlariga shikast etkazmagan holda silikon implant qo`yiladi. Implant homilador bo`lish va bola emizishga mutlaqo halaqit bermaydi.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – 2-3 mln.so`m atrofida.  

Yuz terisining «yangi» lanishi

Yoshga doir o`zgarishlar, xususan, yuz terisi ajinlari, teri  qavatining qat-qat bo`lib qolishi, tana vazni ortishi yoxud kamayishida ikkinchi engak paydo bo`lishi kabi holatlarda plastik jarrohlik usuliga murojaat qilish mumkin. Teri  qavati tortilib, kesim choklari quloq ortiga yashiriladi. Amaliyot natijasi 1-1,5 oydan so`ng sezila boshlaydi.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – muolaja turiga ko`ra kichik amaliyotlar 1.5-3 mln.so`m; kattalari 3-5 mln.so`m atrofida.

Burunni to`g`irlash

Burun shaklini o`zgartirish, tug`ma nuqsonlarni bartaraf etish va nafas yo`llari bilan bog`liq o`zgarishlarni bartaraf etish rinoplastika usulida bajariladi. Shuningdek, burun do`ngligi, shakli qiyshayishi, burun o`lchamining katta yo kichikligini korreksiya qilish ham mazkur amaliyot sirasidandir.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – 2-3 mln.so`m atrofida

BOTOKS

Og`riqsiz va operasiyasiz bajariladigan amaliyot hisoblanib, yuzdagi mimik ajinlarni yo`qotish uchun qo`llanadi. Peshana, ko`z va burun trofidagi mayda mimik ajinlar mavjud sohaga maxsus ingichka igna yordamida botulotoksin yuboriladi. Preparat teridagi zo`riqishni bartaraf etib, mimik ajinlarning yozlishi va tekislanishini ta`minlaydi. Qo`ltiq osti terlashidayam qo`llaniladi.

Poytaxt klinikalaridagi o`rtacha narxi – 600 ming.so`mdan 1.5 mln. so`mgacha.

N.Ilyosova tayyorladi

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1