1

“Dardni ichga yutishdan og`iri yo`q...”

Mutolaa 10.12.2015, 10:51
“Dardni ichga yutishdan og`iri yo`q...”

“Og`zida gap turmaydi”, degan ibora aynan menga atalgan. O`zim ham tan olaman. Sira bir gapni ichimda saqlab yurgan inson emasman. Onamning ta`biricha, “bir qop yong`oqman”. Ya`ni shaqur-shuqur qilib, borimni ayon qilib qo`yaman...

Ammo odamzot hayotda har xil voqeaga duch kelarkan. Shunday paytlar bo`larkanki, istasang, majbur bo`lsang ham dilingdagini tilingga chiqara olmay qolarkansan. Hammasini yuraqda saqlashni, unsiz ichingga yutishni xohlarkansan. Tanu joningni o`rtovchi bu istak shu qadar azobga qo`yarkanki...

O`sha kunlar sira yodimdan chiqmasa kerak. Kenja ukam Qodirga kompyuterda ishlashni o`zim o`rgatgandim. Bir joyda ikki yil ishladik. Eng kichigimiz bo`lgani bois u juda erka edi. Ammo bu erkaligini ishda qilmasdi. Mo`min-qobilgina bo`lib o`tirishidan hayratga tushardim:

— Qodir, bor-yo`qliging ham bilinmaydi, sening. Ovoz chiqarib tur, — derdim ba`zida yoniga kelib.

— Sizni o`ylayapman. Shuncha yildan buyon to`plab kelgan obro`yingizni bir kunda to`kib qo`ysam, keyin meni haydab yuborasiz-da! — derdi u hazillashib.

Uyga kelgach ham uni holu joniga qo`ymasdim:

— Ishxonadagi kabi o`tir, Qodir. Oyim bilan dadam bir yoqa ushlasin...

— Ishxonada sizni o`ylayman. Bu erda oyimni o`ylayman. Agar jimgina o`tirsam, oyim meni “Kasal bo`lib qolibdi”, deb o`ylab mazasi qochadi. Baloga siz qolasiz. “Ishga sen olib ketganding, nima qilib olib kelding?” deya savolga tutadi. Sizni baloga qolmang, deb ikki xil qiyofaga kiraman. Ko`rdingiz, faqat siz uchun qayg`uryapman, oxirgi paytda.

— Jag`ing ochildi, a? — to`xtamay gapirganiga kulardim.

— Yanga, akam nega unaqa? Nega turmashga chiqqansiz, bu kishiga? Mijg`ovmi-ey! Dada, katta o`g`lingizga qarang, meni tinch qo`ysin, — birdan erkaligi qo`zib qolardi.

Shunday qilib bir yil u men bilan ishladi. Bora-bora ishxonda ham hazil-huzul qiladigan, menga erkalanadigan bo`ldi. Lekin sira odob doirasidan chiqmasdi.

— Ukangiz juda boshqacha. Sizni o`ylaydi, ishini o`ylaydi. Boshqasi bir tiyin. Shunaqa ham bosiq bola bo`ladimi? — alqab qolardi ishxonadagilar.

— Bu erda odob saqlaydi-da, o`zi juda erka, — ukamga ko`z qisib deyman.

Xullas, u bir yil ichida hammaga yoqib qoldi. Ishini ham mukamal o`rgangani uchun hech qanday e`tiroz bo`lmasdi.

Ana shunday kunlarda qo`shni davlatlardan birida ishlayotgan hamkasb o`rtog`im qo`ng`iroq qilib qoldi:

— Bizga bir ishchi kerak. Maoshi zo`r. Yotoqxonasi ham bor. Kelmaysanmi? Rosa sen bop ish-da, kel. Juda boy tashkilot. Agar yana biroz maqtasam, uchib keliging uchun chipta ham yuborishlari mumkin. Kelasanmi?

— Qanaqa qilib boraman, o`rtoq? Axir yaqinda xotinimning ko`zi yoriydi. Buning ustiga bu erda ham topishim yaxshi.

— E-e, unaqa qilma. Men seni keladi deb ishontirdim. Ishing zo`rligini ko`zla tutib rosa maqtandim. Nima degan odam bo`laman. Maoshi katta, — rad qilishimni kutmagan o`rtog`im dovdirab qolib, yalina boshladi.

— Qodirni yuborishim mumkin. Mendan ham zo`r ishlaydi. B-i-ir ishlasa ishlab, chetni ko`rib kelsin.

Albatta, Qodirning chetga ketishiga ota-onam tish-tirnog`i bilan qarshi bo`ldi:

— Puli ham kerakmas, ishi ham. Shu erdagi ishi ham bo`ladi. Ko`z oldimizda bo`lgani yaxshi. Uni har kuni ko`rmasak yashay olmaymiz, — dedi kulib onam.

Onamning gaplari otam tomonidan ham tasdiqlandi. Men hammasini ertasiga qo`ng`iroq qilgan o`rtog`imga tushuntirdim. Qani tushunsa...

— Men senga ishonib va`da beribman, boshlig`imizga. Boshqa odam olmay o`tiribdi. O`sha erda ishlaganingning ikki barobarini topasan bu erda. Bir yil ishlab ketsang ham mashina minarding. Ukangning o`zini ko`ndir, bo`lmasa. O`zi aytsin, ota-onangga... — tinchlik bermasdi o`rtog`im.

Bu gap esa ukamga allaqachon yoqib tushgan. Mabodo, mo`maygina pul ishlab kelsa, mashina minmoqchi edi. Shundanmi, mening maslahatimni ham kutib o`tirmay, ota-onamga o`zi aytdi:

— Bir yilgina ishlab kelay. Kelib mashina olaman, keyin sizlarni aylantirib yuraman. Ishi xuddi shu erdagi ishdek. Issiqqina xonada kompyuterda ishlab o`tiraman. Yotoqxonasi bor ekan. Har kuni qo`ng`iroq qilib turaman sizlarga.

Albatta, boshida ota-onam tish-tirnog`i bilan qarshi bo`ldi. Lekin Qodir ham ishdan qaytda deguncha shu gapni takrorlardi.

— Borsa borib kelsin, — dedi oxiri otam uning rayini qaytara olmay. — Har kuni telefon qiladi. Akasining do`stidan ham so`rab turamiz. “Musofir bo`lmaguncha musulmon bo`lmas”, degan maqol bor. Oq-qora tanib qaytadi.

— Bormaydi, — onam hamon norozi edi.

Biroq bir hafta ichida u onamni ham ko`ndirdi. O`rtog`im aytganidek, tashkilot ukam ketishi uchun yo`l chiptasini ham yubordi. Shunday qilib kutilmaganda ukam chet elga jo`navordi.

U bilan har kuni gaplashardik. Rosdan ham topishi zo`r edi. Har oy yuboraradi va otamga tayinlardi:

— Hammasini yig`ib yuring, borib mashina olaman. Ammo yuborgan pulimdan har oy bir donasini olib qoling. Oyim ikkalangiz “maydalatib” biror nima olib eysizlar, aylanib kelasizlar.

— Mayli, o`g`lim, — derdi otam xursand bo`lib. Biz ham bundan xursand edik.

Bir kuni tushlik vaqtidan so`ng Qodir bilan birga ishlaydigan o`sha o`rtog`im qo`ng`iroq qilib qoldi. Ovozi juda tushkun edi:

—  Hozir bir gap aytaman, — dedi u so`rashib bo`lgach. — Faqat o`zingni qo`lga ol. Yana... meni kechir o`rtoq. Ota-onang ham kechirsin.

Avvaliga hech narsga tushunmadim. Keyin yuragimga xavotir oraladi:

— Qodir tinchmi?

— Haligi... Qodir... uni mashina urib yuboribdi. Mashina gavjum ko`chada bo`lgan. U... endi yo`q...

— Nima?..

Esankirab qoldim. Bilganim o`rtog`imni ayoqsiz so`kdim, haqoratladim. “Bunaqa hazil qilma”, deya yalindim ham. Afsuski, u bir og`iz “Ha, hazil edi”, demasdi.

Xuddi boshimda qiyomat qo`pgandek, dahshat ichida qoldim.

“Endi nima qilaman? Ota-onamga nima deyman? Qodir... Nega bunday bo`ldi? Nega seni o`sha sovuq o`lkalarga yuboradim o`zi?”

Bu mash`um xabardan endi yaqinlarimni xabardor qilishim kerak edi. Ammo qanday? Bu qo`limdan kelmasdi. Ichimga yutdim. Dunyoning boricha zalvorli yukni  yutgandek o`rnimdan turishga ham kuchim yo`q edi. Uyga tezroq xabar berishim, Qodirning tanasini olib kelishimiz kerak. Lekin men o`zimni majburlasam-da, buni uydagilarga ayta olmayotgandim. Bu noxush xabar qanchalar achchiq va azobli bo`lsa-da, yuragimda saqlardim. Ana shunda his qildim, dardni ichga yutish qanchalar mushkulligini...

Albatta, men iztirobimni yashirganim bilan uning soyasini yuz-ko`zimdan sidirib olib tashlolmasdim. Ota-onam holatimni darrov angladi. So`roqqa tuta ketishdi. Aytganimda esa...

O`sha onlarni eng qattol dushmanimga ham ravo ko`rmayman.

— Minib kelmoqchi bo`lgan mashinang tobutmidi? — qon yutib qichqiradi onam.

— Topganingni azangga saqlab yurganmidim? — eziladi otam.

Dunyoga sig`mayman. Yo`l hozirligini ko`rishga ham madorim qolmagandi. Kutilmaganda o`rtog`im o`zi Qodirning jasadini olib yo`lga tushganini aytdi. Bu ya`ni, Qodirni kutish eng og`ir damlar bo`ldi. Sezdim, barchamizning qalbimiz burchagida “U tirik, yanglishishgan”, degan umid bor edi. Ming afsus, unday emaskan. Tobut uyga kirib kelganida butkul o`zimizni yo`qotdik. Tuproqqa topshirish uchun ko`tarilganida yana...

Men shunga amin bo`ldimki, dunyoda yaqiningizning tobutini kutib olishdan og`iri yo`q. O`z oyog`i bilan chiqib ketib, tobutda kirib kelish... Bu adoyi tamom qiladi. Tuproqqa topshirish uchun qayta ko`tarilganida esa siz o`zi jonsiz tanaga aylanasiz. Men buni hech kimga ravo ko`rmayman. Yana aytmoqchi bo`lganim, hech bir insonni Xudoyim dardini ichga yutishga majbur qilmasin! Dunyoda bundan-da, og`iri yo`q...

KAMINA yozib oldi

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1