Sog`liqni saqlash vazirligi internetda Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarining muassasa faoliyatini qayta tiklash va tegishli to`lovlarni to`lab berish bilan bog`liq murojaati yuzasidan mazkur shifoxonadagi vaziyat o`rganilganini xabar qildi.
Xabarga ko`ra bosh vaziri o`rinbosari, Sog`liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Behzod Musaev ham o`rganishda bevosita ishtirok etgan. Musaev tibbiyot xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda bo`lib, vaziyatga oydinlik kiritgan.
Vazirlik axborotiga ko`ra, 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlar Zangiota tumanida 2 807 o`rinlik yangi ochilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jalb qilinganligi tufayli o`z faoliyatini vaqtincha to`xtatgan.
Shuningdek, SSV 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasining 243 nafar tibbiyot xodimi Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 iyuldagi 32-sonli bayoniga asosan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga safarbar etilganini ma`lum qilgan. Qayd etilishicha, muassasa ishga tushganidan keyin birinchi 14 kunlik navbatda ushbu shifoxonadan 63 nafar xodim (shifokor, o`rta va kichik tibbiy xodimlar), 21 iyuldagi ikkinchi 14 kunlikka 16 nafar xodim ishga chaqirilgan. 5 avgustdagi uchinchi 14 kunlik navbatda ishlash istagida bo`lgan 53 nafar xodim jalb qilingan.
«O`rganishlarda tibbiyot xodimlarining barcha talablari qondiriladigan bo`ldi. Xususan, epidemik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, aholiga ko`rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati qayta tiklanib, xodimlar ish jarayoniga qaytarilishi belgilandi. Shunga ko`ra, ushbu shifoxona ochilib, 15 avgustdan boshlab bemorlarni qabul qila boshladi.
Bundan tashqari, karantin sabab ish jarayonidan uzilib qolgan xodimlarga qonun hujjatlarida ko`rsatilgan tartibda asosiy lavozim maoshidan kam bo`lmagan miqdorda ish haqi ham to`liq to`lab berildi. Qolaversa, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlash istagini bildirgan xodimlarning murojaatlarini tegishli tartibda ko`rib chiqish bo`yicha kerakli topshiriqlar berildi», – deyiladi vazirlik bayonotida.







