AsosiyJamiyat

Azaga aylangan suyunchi: e`tiborsiz shifokorga jazo tayinlandi

'Azaga aylangan suyunchi: e`tiborsiz shifokorga jazo tayinlandi'ning rasmi

33 yoshni qarshi olayotgan bu ayolning orzulari bir olam bo`lib, dunyoga keladigan farzandini intiq bo`lib kutardi. Baxtli kunlarining shirin xayoli bilan tunlari mijja qoqmasdi. Afsuski, oilaga suyunchi o`rniga aza kirib keldi. Shifokorning e`tiborsizligi oqibatida homilador ayol bevaqt hayotdan ko`z yumdi. Oilasiga, yaqinlariga esa juda og`ir bo`ldi.

Farg`ona viloyati Yozyovon tumanida ro`y bergan mazkur voqea ko`pchilikni junbushga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xabarga Bosh prokuratura zudlik bilan munosabat bildirdi va holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, nazoratga olindi.

Bugungi kunga kelib mazkur holat yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha sud muhokamalari yakunlanib, aybdorga nisbatan sudning hukmi e`lon qilindi.

Sud majlisida aniqlik kiritilishicha, R.Kamolova muqaddam Yozyovon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruq bo`limida navbatchi akusher ginekolog vazifasida ishlagan. U kasbi yuzasidan o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan e`tiborsizlik qilgan. Gap shundaki, shifokor qasamyodini unutib, bir insonning umrini zomin bo`lishiga sababchi bo`ldi.

Tug`ruq bo`limiga joriy yil 17 mart soat 00:01 da ikkinchi marotaba sog`lig`idan shikoyat qilib kelgan homilador ayol N.Sh.ni ahvolini baholash, tibbiy tashxis qo`yish, uni tug`ruqxonaga yotqizib, o`z vaqtida malakali operativ tibbiy yordam ko`rsatmasdan beparvo munosabatda bo`ladi. Oqibatda bemor tug`ruq jarayonida vafot etgan va uning homilasi ona qornida nobud bo`lgan. Vaholanki, milliy standartlarga ko`ra, bemor shifoxonaga yotqizilib, kuzatuv va tekshirish ishlari olib borilishi kerak edi.

Sud jinoyat ishi yuzasidan to`plangan dalillarni o`rganib, ularga baho berib, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlar va ish bo`yicha mutaxassislar fikrlarini tinglab, R.Kamolovani O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topib, jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy va ma`naviy qoplanganini inobatga olib, unga ikki yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

    Boshqa yangiliklar