2020 yilning 21 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Videodagi holat Samarqand viloyati Urgut tumani mahallasida bo`lganligi aytilmoqda. Saidova Mahbubani o`z oila a`zolari tomonidan kaltaklab uydan chiqarib, yubormoqchi bo`lganligi tasvirlangan holat bo`yicha izoh kutib qolamiz” nomli videolavha tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo`lgan ushbu voqea tafsilotlarini ma`lum qildi.
Lavhadagi holat Urgut tumaning “Mangitobod” mahallasida 2020 yilning 17 iyun kuni sodir bo`lgan.
Tasvirlarda erda yiqilib yotgan fuqaro S., fuqaro Sh. bilan 2012 yil noyabr oyida qonuniy nikohdan o`tib turmush qurishib, ikki nafar farzandli bo`lishgan. Lekin, turmushlari davomida o`zaro kelishmovchilik sababli, dastlab, 2016 yilda S. arazlab, shu mahallada yashovchi ota-onasining uyiga ketib qolgan.
2019 yilning avgust oyida “Mangitobod” mahallasi faollari aralashuvi bilan ular o`zaro yarashtirilib yana birga yashay boshlashgan. Biroq, oradan bir hafta o`tar-o`tmas yana o`zaro kelishmovchilik ularning o`rtasida nizo keltirib chiqargan. S. farzandlarini olib yana ota-onasining uyiga ketib qolgan. 2020 yilning iyun oyi boshlarida Sh. boshqa ayol bilan shar`iy nikohdan o`tib, yashay boshlagan.
2020 yilning 17 iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro S. erining boshqa ayolga uylanganligini eshitib, ikki nafar farzandi, onasi I., xolasi G. va yangasi Sh. lar bilan birgalikda sobiq turmush o`rtog`i Sh.ning uyga borishgan. Turmush o`rtog`i Sh. uni uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilgan. Natijada ular o`rtasida o`zaro janjal kelib chiqqan. Ularni ajratishga bo`lgan urinishlarga qaramay janjal davom etgan. Janjal davomida S. uyning derazasi oynasini qo`li bilan urib sindirishi natijasida, qo`lidan tan jarohati olgan. Sh. sobiq turmush o`rtog`i S.ni ushlab uyidan chiqargan.
2020 yil 22 iyun kuni fuqaro S. Urgut tumani bo`yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, Sh. uni uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilib, urib tan jarohati etkazganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo`yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, S.ning olgan tan jarohatini og`irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
RSTEIAMSF Urgut tuman sud-tibbiy ekspertizasi bo`linmasining 2020 yil 30 iyun kunidagi xulosasiga ko`ra, fuqaro S.ning olgan tan jarohatlari ENGIL SOG`LIQNING BUZILIShIGA SABAB BO`LGAN TAN JAROHATLARI guruhiga kirishi ko`rsatilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, 2020 yil 17 iyun kuni sodir bo`lgan janjalda fuqaro S.ning o`zi deraza oynasini qo`li bilan urishi natijasida tan jarohati olganligi hamda janjal ishtirokchilari bir-birlarini nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilganligi o`z tasdig`ini topganligi sababli, to`plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atishdan rad etish haqida qaror qabul qilinib, S. va boshqalarni hatti-harakatlarida ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganligi sababli, O`zbekiston Respublikasi MJtKning 41 va 52-moddalari bilan ma`muriy tartibda ko`rib chiqishlik uchun Ma`muriy ishlar bo`yicha Urgut tuman sudiga yuborilgan.
Ma`muriy ishlar bo`yicha Urgut tuman sudi tomonidan to`plangan hujjatlar o`rganib chiqilib, qo`shimcha ravishda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borishlik haqida qaror qabul qilinib tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Hozirgi kunda to`plangan hujjatlar tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o`rganilmoqda.






