O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 avgust kuni geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo`yicha taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo`nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ular jadal rivojlantirilishini ta`kidlagan edi. Joriy yilda geologiya sohasi ana shunday yo`nalishlardan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda Prezidentning 4 ta qarori qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida sohani modernizasiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv ko`lami va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.
– O`zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yo`naltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yil boshidan buyon 150 ta yangi kon davlat balansiga olindi. Oltin, kumush, uran, mis, molibden resurlari va zaxiralari ko`paydi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktov hamda Auminzotov tog`lari hududida 3 ta oltin, Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumani hamda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 2 ta uran koni aniqlandi.
Shuningdek, 32 ta geologiya-kon zaxirasi xalqaro JORC standartlariga o`tkazildi.
Qishloq xo`jaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 155 ming gektar maydonda tezkor gidrogeologik izlanishlar olib borildi. Suv tanqis hududlarda sutkasiga qo`shimcha 90 ming kubometr ta`minlaydigan suv zaxiralari tasdiqlandi.
Tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi raisining hisoboti eshitildi. 20 ta yangi konga onlayn auksionda, ochiq va shaffof tarzda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish jarayonining borishi ko`rib chiqildi.
Sohadagi ishlar natijadorligini oshirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash hamda investisiya salohiyatini yanada kengaytirish bo`yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yili geologiya-qidiruv ishlarini 2 barobar kengaytirib, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, sohaga zamonaviy laboratoriya texnikalarini joriy qilishni jadallashtirish muhimligini ta`kidladi.
Geologiya qo`mitasiga sanoat kooperasiyasi asosida yangi konlarni qidirish, topilgan resurslarni o`zlashtirish uchun xususiy sektorga berish amaliyotini yanada keng qo`llash bo`yicha topshiriq berildi.
Namangan tajribasi asosida har bir hududda geologik, ayniqsa, gidrogeologik qidiruvlar bo`yicha doimiy ekspedisiyalar tashkil etish zarurligi aytildi.
Foydalanishga berilgan er qa`ri uchastkalarini o`zlashtirish samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan ko`rsatmalar berildi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar bo`yicha “yo`l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.








