“O`ZBEKNEFTGAZ”dan xalqimizga mustaqillik tuhfasi: Kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz ta`minoti yanada ko`proq iste`molchilarni qamrab oladigan bo`ldi
"O`zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gazni qayta ishlash bo`yicha O`rta Osiyoda ikkinchi o`...
"O`zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gazni qayta ishlash bo`yicha O`rta Osiyoda ikkinchi o`rinda turuvchi Muborak gazni qayta ishlash zavodida investisiya doirasida amalga oshirilgan umumiy qiymati 75 mln. dollarlik loyiha xalqimizga mustaqillik tuhfasi bo`ldi, deyish mumkin. Ushbu investision loyiha doirasida Muborak gazni qayta ishlash zavodida propan-butan aralashmasini olish qurilmasining 1-2-3 texnologik tarmoqlari modernizasiya qilindi va yangi 4-tarmog`i qurilib, ishga tushirildi.
Xo`sh, bu nima beradi va aynan aholi ehtiyojini qondirish borasida qay daraja samarali? “O`zbekneftgaz“ AJ tomonidan pandemiya va karantin sharoitlariga qaramay, soha xodimlarining fidoyiligi bilan va astoydil amalga oshirilgan investision loyihaning ochilish marosimida ishtirok etgan mas`ullar ayni shu savollarga javob berishdi.
Alisher SULTONOV, Energetika vaziri:
– Mazkur investision loyiha doirasida yaratilgan imkoniyat davlat rahbarining soha xodimlari oldiga qo`ygan vazifalardan biri bo`lib, xalqimiz kuz-qish mavsumida hech qanday qiyinchilikni sezmasligi, oktyabr oyidan martgacha bo`lgan davrda suyultirilgan gazga bo`lgan ehtiyojini qondirish borasida tizimda olib borilgan amaliy harakatlar natijasidir. Modernizasiya qilingan, yangi ishga tushirilgan ushbu qurilmalar ayni shu maqsadlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi. Bu mazkur qurilmalar hisobidan yiliga 62 ming tonna ishlab chiqarilgan suyultirilgan gaz hajmi butun respublikamiz aholisining salkam bir yarim oylik iste`molini tashkil etadi, deganidir. Ana shunday samarador loyihani amalga oshirishda shu sohadagi barcha zahmatkash xodimlarning hissasi bor va ularni bunday muvaffaqiyatli natija bilan tabriklayman.
Mehriddin ABDULLAEV, “O`zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi:
– O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 yanvardagi PQ-2745-sonli “2017 yilda Respublikada neft, neft mahsulotlari, tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda iste`mol qilish to`g`risida” va 2020 yil 9 yanvardagi PQ - 4563 - sonli «2020-2022 yillarda O`zbekiston Respublikasi Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan “Muborak gazni qayta ishlash zavodida propan - butan aralashmasini olish qurilmasining 1, 2, 3 - tarmoqlarini modernizasiya qilish” investisiya loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan edi. Ushbu vazifaning ijrosini ta`minlash uchun mazkur loyiha jarayoni avvalroq boshlangan. So`nggi 8 oy, hatto 5 oy mobaynidagi pandemiya va karantin sharoitiga ham qaramay, loyihani o`z vaqtida amalga oshirish maqsadida barcha kuchlar safarbar qilingan holda qurilish ishlari to`xtamadi. Bu jarayon bizni mustaqil ishlashga, mustaqil qarorlar qabul qilishga majbur qildi. Jarayonda Rossiya, Ukrainadan hamkorlarimiz ishtirok etdi. Ular bilan videokonferens aloqa orqali qurilmalarning har bir detaligacha maslahatlashib, sinchiklab o`rganildi.
Zavodda loyiha doirasida propan-butan ajratib olish qurilmasining modernizasiya qilingan 1-2-3 tarmoqlari va yangi qurilgan 4-tarmog`i aholini suyultirilgan gaz bilan ta`minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada ko`paytiradi. Loyiha doirasida yiliga qo`shimcha 62 ming tonna suyultirilgan gaz va 22,5 ming tonna gaz kondensatini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilgani 100 ta yangi ish o`rinlari yaratilishiga ham asos bo`ldi.
Bunday loyihalar Energetika vazirligi va neft-gaz sohasi mutaxassislari bilan hali ko`plab davom etadi. Bir so`z bilan aytganda, xalqimizga ushbu loyihani tuhfa, desak bo`ladi. Shu o`rindan aytishim kerakki, mana shu sohada rahbar sifatida 8 oy mobaynida faoliyat olib borayotgan bo`lsam, so`nggi 5 oydagi soha xodimlari bilan birga olib borilgan mehnat shaxsan meni sohaga yanada yaqinlashtirdi, chiniqtirdi, bundan keyingi muhim, katta loyihalarni amalga oshirishga undadi.
Zoir MIRZAEV, Qashqadaryo viloyati hokimi:
– Soha mas`ullari loyihadan kutilayotgan natijalar haqida ma`lumotlar berishdi. Loyiha bilan tanishish jarayonida yana bir jihat alohida kayfiyat berdiki, bu qurilmalar modernizasiyasi va qurilishida mahalliy kadrlarning keng qamrovli ishtirokidir. Bugungi kunda esa mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e`tibor va imkoniyatlarning samarasi, deyish mumkin. Ushbu zavod faoliyatida 50 yillik tarixga guvoh bo`lgan soha xodimlarining ta`kidlashicha, avval amalga oshirilgan bunday keng qamrovli loyihalarda mahalliy kadrlarning ishtiroki ko`zga ko`rinmas darajada bo`lgan. Qolaversa, ana shunday yuqori quvvatli va odamlarni barqaror ish bilan ta`minlaydigan ob`ektlarning soni ko`payishi bugungi kunning talabi. 5 oy davomida pandemiya sharoitida esa mamlakatimiz uchun bunday loyihalar iqtisodiyotimizga katta dalda bo`ladi. Bu loyihalarning bayram arafasida ishga tushirilishi esa xalqimizga yanada kayfiyat beradi. Negaki, bu loyiha xalqimizning tabiiy va suyultirilgan gazga bo`lgan ehtiyojini yanada ko`proq qondirish imkoniyatini beradi.
Ushbu ochilish marosimida “O`zbekneftgaz” AJ loyihada ishtirok etgan bir qator soha xodimlarini mukofotladi. Mukofotlarganlarga “Spark” avtomashinasi, muzlatkich va televizor kabi sovhalar topshirildi. Bunday rag`bat va e`tibor soha xodimlarini yanada yuksak marralarni zabt etishga undaydi va iqtisodiyotimizga dalda bo`ladigan bu kabi yana ko`plab loyihalar xalqimiz manfaati uchun imkoniyatlar eshigini ochadi, degan umiddamiz.