Avval xabar qilinganidek, Ko`ksaroy qarorgohida mustaqilligimizning 29 yilligi bayramiga bag`ishlangan tantanali tadbiri bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bayram tabrigida O`zbekistonda yangi bir uyg`onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilganini aytib o`tdi.
-- Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so`z ketganda “Yangi O`zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo`yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e`tirofidir.
Xalqimizning ulug`vor qudrati jo`sh urgan hozirgi zamonda O`zbekistonda yangi bir uyg`onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo`ladi. Chunki bugungi O`zbekiston – kechagi O`zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Istiqlol yillarida bosib o`tgan shonli yo`limizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, o`z kuch va imkoniyatlarimizga bo`lgan ishonchimiz yanada ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz bu borada hal qiluvchi omil bo`lmoqda, — dedi Prezident.






