Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxrux Giyasov test sinovlarini o`tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to`g`risida ma`lumot berdi. Bu haqda O`zA xabar qilmoqda.

1-kungi test sinovlarida jami 118 500 nafar abiturient test sinovlarida ishtirok etishi kerak edi. Amalda 112 188 nafar abiturient testda ishtirok etish uchun keldi. 6 312 nafar abiturient turli sabablarga ko`ra, testda ishtirok etish uchun kelmadi.
Tekshirilganda tana harorati yuqori bo`lgan 4 nafar abiturient testga kiritilmadi. Ular bilan tibbiyot xodimlari shug`ullandi.
Shuningdek, qayta-qayta ogohlantirishga qaramasdan, abiturientlar tomonidan imtihonga o`zlari bilan turli elektron buyumlari – mobil telefonlar, mikrokalkulyatorlar, quloqchin, elektron soatlar, turli narsalarga bitilgan shpargalkalarni olib kirish holatlari kuzatildi.
Bugun 59 nafar abiturientlar test sinovidan chetlashtirildi. Ularning 33 nafari uyali telefonlarni, 4 tasi qo`lbola yasalgan elektron qurilmalarni yashirin olib kirishga uringan. 5 nafari tana qismlariga “shpargalka” yopishtirib kirmoqchi bo`lgan. 5 ta holatda abiturient o`rniga boshqa shaxslar kirishga urinib ko`rgan, 1 ta holatda ruxsatnoma qalbakilashtirilgan.
4 ta holatda abiturientlar bir-biriga yordam bergani uchun testdan chetlatilgan.






