AsosiySUG'DIYONA

Ruhiy test: Juftingiz sizga qanchalik e`tiborli?

Shu kunlarda «aytishuv» laringiz ko`paygandan ko`payyapti. A, labbay?! «Erim  meni tushunmaydi» deysizmi? « Ehtimol ikkingiz ham munosabatlaringizni qayta ko`rib chiqishingiz kerakdir? Keling, yaxshisi quyidagi test yordamida muammo nimada ekanligini aniqlashga urinib ko`ramiz.

(alohida)

Test savollariga javob berishda, A-1 ball; B-2 ball;V-3 ball tartibida hisoblab boring. Yakunida umumiy ballni jamlab, izohi bilan tanishasiz.

1. Biror ko`rsatuv yoki film (serial) ustida tortishib qolishingiz mumkinmi?

A. Bu biz uchun odatiy xol. Men yoqtirgan filmlarni u xushlamaydi. U tomosha qiladigan ko`rsatuvlarni esa jinim suymaydi.

B. Kamdan-kam hollarda bo`lib turadi. Vaziyatga qarab bir-birimizga «yo`l» beramiz.

V. Hech qachon «sen-menga» bormaganmiz. Chunki bir xil janrdagi filmlarni yoqtiramiz.

2. Oiladagi muhim qarorni kim qabul qiladi?

A. Albatta men. Axir er «bosh» bo`lsa, xotin «bo`yin» ku.

B. Bizni oilada oxirgi gapni erkak kishi aytadi.

V. Er-xotin maslahatlashib, so`ng bir qarorga kelamiz.

3.So`nggi marta qachon birga sayr qildingiz? (ehtimol kino yoki teatrga borgandirsiz?)

A. Ertalab ishga ketayotgandagina uydan birga chiqamiz. Qolgan paytlari hamma o`z ishi bilan band.

B. Mehmondorchiliklarga birga borishimiz mumkin. Ammo ikkimiz alohida sayr qilishimiz qiyin masala.

V.  Turmush qurmasimizdan oldin ham kechalari sayrga chiqardik. Hozir ham imkoniyatga qarab an`anamizni buzmaslikka harakat qilayapmiz.

4. Umumiy do`stlaringiz bormi?

A. Ha, erimning do`stlarini  taniyman.

B. Oilaviy do`stlarimiz bilan bordi-keldi qilamiz.

V. Bir-birimizning do`st-dugonalarimiz bilan yaqindan tanish emasmiz.

5. Turmush qurmasingizdan ilgari yoqtirgan insoningiz bo`lganini juftingiz bilishi lozimmi?

A. Ikkimiz uchrashgunimizcha bo`lgan voqealarning unga qizig`i yo`q.

B. Hamma narsani aytaverish to`g`ri emas, menimcha.

V. Undan yashiradigan sirim  yo`q.

6. Rejalaringizning birgalikda muhokama qilasizmi?

A. Qanday reja ekanligiga qarab...

B. Amalga oshirishni ko`zlagan rejamni pishitmagunimcha bu haqda hech kimga aytmayman. Hatto turmush o`rtog`imga ham

V. Deyarli barcha mavzuni birgalikda hal qilamiz.

7. Ishdan kelganda bir-biringizni qanday qarshi olasiz?

A. Sira ahamiyat bermagan ekanman. Salomlashamiz xolos.

B. Qanday kayfiyatda bo`lishimdan qat`i nazar hamisha kulib kutib olaman.

V. «Yaxshi keldingizmi?» salomlashuvimiz shunday boshlanadi.

8. Dam olish kunlarini qanday o`tkazish haqida bahslashmaysizmi?

A. Yo`q. Yakshanba kuni ikkimiz ham uyda bo`lamiz.

B. Ba`zan. Ayniqsa, biror erga borish kerak bo`lsa fikrimiz ikkiga bo`linadi.

V. Tez-tez. Chunki dam olish kunlari ikkimizning ham o`z rejalarimiz bo`ladi.

9. Ro`zg`orda erkak va ayol bajarishi kerak bo`lgan vazifalar o`z o`rnidami?

A. Albatta. Turmush o`rtog`im avvaldan o`z ishiga pishiq.

B. Yo`q. Ko`pincha erkaklar bajarishi kerak bo`lgan ishlar ham o`zimga qolib ketadi.

V. Vaziyatga qarab bir-birimizga yordamlashishimiz mumkin.

10. Begonalar oldida janjallashib qolishingiz mumkinmi? Ehtimol shunday vaziyat bo`lgandir...

A. Bo`lib turadi. Ikkimiz ham hissiyotlarimizni ichimizda saqlolmaymiz.

B. Agar u meni juda qattiq ranjitsa, atrofimdagilarga e`tibor bermay, noroziligimni bildiraman.

V. Hech qachon bunga yo`l qo`ymayman. Qanday muammo bo`lishidan qat`i nazar boshqalar uchun ideal juftlikdek ko`rinishni istayman.

Natijalarni hisoblaymiz!

10-16 ball: Sizning munosabatlaringizni aql boshqaradi. Hissiyotlar zarur bo`lgan vaziyatda ham o`zingizni nazorat qilolasiz. Biroq shuni deb ko`pincha pand eysiz. Bir-biringizga aytishni istaganlaringizni ham pinhon tutasiz. Nikohingiz mustahkam, ammo  oila atamasidagi qat`iy qoidalardan salgina chetlashib, shunchaki bir-biringizni sevishni o`rganing.

17-25 ball: Ikkingiz chinakam do`stsiz. Har qanday muammoni birgalikda hal qilasiz. Bir-biringiz uchun ko`p narsadan voz kecholasiz. Biroq buni ko`rsatmaysiz. Shu bois o`rtangizda turli tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Fikrlaringizni to`g`ri tushuntirishni, bir-biringizni tinglashni o`rganing. Er-xotinning do`stona munosabatlari yaxshi albatta, ammo muhabbat olovi ham so`nib qolmasligi kerak.

 26-30 ball: Dunyoqarashingiz, fikrlashingiz hatto didingiz ham bir xil. Siz chinakam ideal juftliksiz. Munosabatlaringizda uyg`unlik bor. Ikkingizning ham o`zingizga etgudek fe`lingiz bor. Ammo so`nggi daqiqagacha sabr qilasiz. Aytishib qolsangiz ham hech nima bo`lmagandek gaplashib ketaverasiz. Chunki bir-biringizni so`zsiz tushunasiz. Tuyg`ularingizga sodiq qolsangiz, bir umr baxtli bo`lasiz.

 

    Boshqa yangiliklar