Intiqlik bilan kutiladigan bayramlardan biri bu — Yangi yil. O`tgan fursatlardagi voqealarni sarhisob qilib, yangi yilga yangicha orzu-umidlar ila qadam qo`yish onlarini oilaviy dasturxon atrofida nishonlashga odatlanganmiz. San`atkorlar ham bundan mustasno emas. Mehmonimiz xonanda ShAHZODAning ijod doirasidan tashqari noodatiy suhbati va xonanda tomonidan tayyorlangan, bayram dasturxoningizni to`ldiradigan maxsus shirinlik yuqoridagi so`zimni tasdiqlasa ajabmas…
— Shahzoda, ko`pchilik sizni oshxonaga mutlaqo kirmaydigan xonanda sifatida qabul qilishadi…
— Yashirmayman, meni oshxonada faqatgina yakshanba kuni uchratish mumkin. Avvallari maxsus ovqat, salat, pishiriqlar tayyorlardim. Hozir taom pishirishga vaqtim bo`lmagani bois noodatiy salat bilan cheklanaman.
— Erkak kishiga rafiqasi, farzandlarga esa onasining qo`li bilan tayyorlangan taomdan yaxshisi yo`q…
— To`g`ri, bu gapingiz isbotini o`z tajribamdan bilaman. Lekin uyimdagilar ish tartibimga o`rganishgan. Tongi soat 10:00da ishga otlanganimcha, kechgi soat 18:00da uyga qaytaman. So`ng liboslarimni almashtirib, tadbir, konsertlarga yo`l olaman. Shu bilan tungi 23:00da horigan holda uyga kelaman.
— Kichik o`g`lingiz Xolid uchun ham o`z qo`lingiz bilan ovqat pishirmas ekansiz-da?
— Imkonim bo`lishi bilan albatta, Xolid yaxshi ko`radigan kotlet, makaron va yog`siz salatlar tayyorlab beraman. Aytmoqchi, o`g`lim bilan taom borasidagi didimiz bir xil. Ochig`i, so`nggi uch oydan buyon oshxonada «ijod» qilishga imkonim bo`lmayapti. Yil oxirida bayramlar ko`pligi bois faqat tadbirlar bilan bandman. Xolidni shu qadar sog`inganimdan quchoqlab, o`paverman. Bu esa unga yoqmaydi (kuladi). Oilamga kam vaqt ajratayotganim o`rnini nasib bo`lsa yanvar oyida to`ldiraman. Bir oylik dam olishga jo`naymiz. O`shanda kun davomida oilam bag`rida bo`lib, taomlar tayyorlab beraman, xullas vaqtimiz mazmunli o`tadi, degan umiddaman.
— Turmush o`rtog`ingiz yaxshi ko`radigan, biroq siz tayyorlay olmaydigan taomingiz ham bormi?
— Bor, tuxumbarak. Turmush o`rtog`im xorazmlik bo`lgani bois mazkur taomni juda yaxshi ko`radi. Egisi kelganida kelinoyisi Oydin opadan tuxumbarak pishirib berishini so`raydi. Fursatdan foydalanib, Oydin opaga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
— Yangi yil dasturxoni uchun o`zingiz maxsus tayyorgarlik ko`rsangiz kerak? Axir bu oilaviy bayram-ku!
— Albatta, shaxsan o`zim tayyorgarlik ko`raman, busiz iloj yo`q. Har yilgi bayram dasturxoni takrorlanmas bo`lishiga alohida e`tibor beraman. Lekin an`anaviy taomnomamiz o`zgarmaydi, bular go`shtli rulet, sho`rva, mevali, “shuba”, “olive” salatlari. O`tgan yili qovoqli sho`rva tayyorlagandim, bu yil uchun hali bir qarorga kelmadik. Mevali salatni instagramga joylasam, har gal muxlislar reseptini so`rashadi. Darvoqe, bayram dasturxoni «servirovka»si har yili turlicha bezatishni yaxshi ko`raman.
— Gazetamiz va ijodingizni qadrlaydigan muxlislar uchun yangi yil dasturxonidan munosib o`rin egallaydigan qanday taom yoki shirinlik tayyorlab bermoqchisiz?
— Bilasizmi, bayram dasturxoni uchun barchaning o`z maxsus taomi va an`anaviy salati bor. Shu bois maxsus shokoladli pishiriq tayyorlab bermoqchiman.
— Anchadan buyon oshxonaga yo`lingiz tushmayotgan bo`lsa, pishirig`ingiz qanday chiqarkin?
— Bilasizmi, taom tayyorlashni bilmaydigan qizlarni hazm qilolmayman. Onam juda qattiqqo`l bo`lgani bois o`n uch yoshimdan 30 banka tuzlamalar yopardim, norin, manti kabi hamir ovqatlar, pishiriqlar tayyorlashni bilardim. San`atga kirganimdan keyin turmush tarzim o`zgarib, «business woman»ga aylandim. Shu bois siz ta`kidlagandek, oshxonaga kam kiraman. Lekin bu mushak xotirasiga o`xshagan narsa. Ancha vaqtdan buyon sport bilan shug`ullanmay, yana mashq qilishni boshlasangiz mushaklaringiz tezda avvalgi holatini tiklab oladi. Aytmoqchi bo`lganim, hozir masalliqlarni qo`limga olishim bilan xotiram ishga tushadi (kuladi). Demak, ishga kirishamiz!
Biskvit uchun kerakli masalliqlar:
7ta tuxum oqi
1 piyola shakar
4 ta tuxum
6 choy qoshiq un va kakao
37gramm saryog`
1 ta plitka shokoladning uchdan bir qismi
24 tali maxsus qolip.
Tayyorlanishi:
— 7ta tuxumning oqi mikserda ko`pirtiriladi. Va ustiga oz-ozdan shakar solinib, ko`pirtirishda davom etiladi. So`ng 7 ta tuxumning sarig`i hamda 4 ta tuxum solinib, 3 soniya ko`pirtiriladi. Istaganlar qoshiqda aralashtirishi ham mumkin. Un va kakao hosil bo`lgan qorishma ustiga elakdan o`tkazilib, qoshiqda aralashtiriladi. Saryog` va shokolad eritilib, masalliq ustiga solib yana aralashtiriladi. So`nggi jarayon hosil bo`lgan qorishmani maxsus qolipga solib, 150 daraja issiqlikdagi pechga qo`yiladi. Biskvit 8-9 daqiqada pishadi. Muxlislarimizda «Nega buncha qisqa fursatda pishadi?» degan savol tug`ilishi mumkin. Sababi oddiy – qolipimiz kichkina. Agar qolip katta bo`lsa, 15 daqiqada tayyor bo`ladi.
Biskvit sovigunicha esa kremini tayyorlab olamiz.


Krem uchun kerakli masalliqlar:
1 piyola sut
1 piyola qaymoq
6 ta tuxumning sarig`i
3,5 ta plitka shokoladi
35 gramm jelatin
Tayyorlanishi:
— Bitta idishga sut va qaymoqni solib, o`rta olovga qo`yamiz. Bir marta qaynab olgandan keyin tuxumning sarig`i solinadi. U ham bir marotaba bilqillab qaynab chiqsa etarli. Gazdan olib, ustiga shokolad va jelatin solamiz. Ular kremning issig`ida erishi kerak. Krem soviguniga qadar yana bitta krem tayyorlaymiz.
Qo`shimcha krem uchun kerakli masalliqlar:
4 ta tuxumning oqi
1 osh qoshiq asal
7 osh qoshiq glyukoza (istalgan dorixonadan olish mumkin)


Mening sirim!
Glyukoza ishlatganimizning ham o`z siri bor. Odatda kremni tuxumning oqiga qo`shilgan shakar qotirib beradi. Bu kremda esa shakarning vazifasini asal va glyukoza bajaradi.
Biskvitdan oshib qolgan 7 ta tuxumning sarig`ini kremga ishlatib, iqtisod qilishga urinmang. Chunki tuxumning oqi biskvitni baland chiqishiga xizmat qiladi. Sarig`i ko`proq qo`shishdan maqsad esa biskvitning balandligini saqlab qolishni ta`minlaydi.
Tayyorlanishi:
— Tuxumning oqi mikserda ko`pirtiriladi. Shu vaqtda asal bilan glyukozani tovaga solib baland olovda qaynatiladi. Rangi qizarib ketmasligiga e`tibor bering, qaynashi uchun 3 daqiqa etarli. So`ng ko`pirtirilayotgan tuxumning oqiga tovadagi qorishmani asta-sevinlik bilan quyiladi. Masalliqlar idishning tagi soviguniga qadar ko`pirtiriladi. Sovigach esa birinchi kremga qo`shib, bitta massa hosil bo`lgunga qadar qoshiqda aralashtiriladi. Va ko`pirtirilgan 1 piyola qaymoqni ham kremga qo`shiladi. So`nggi jarayon kremni ham biskvit pishirilgan maxsus qolipga solinadi. Ustiga istalgan narsadan tayyorlangan jem yoki murabbo solasiz. Ustiga esa pishgan biskvitni o`rtasidan ikkiga bo`lib, kremni ustiga botirib qo`yiladi. Vanihoyat qotishi uchun 5 soatga muzlatgichga qo`yiladi. So`ng istalgancha bezak bilan bayram dasturxoniga tortish mumkin. Tayyorlanishi uzoqdek tuyulishi mumkin, lekin bu shirinlikni eb ko`rgach shunga arzishini tushunasiz.
Shirinlikning afzal jihati!
Tayyorlagan shirinligimiz shokoladdan iborat. Kakao qo`shilgan biskvitni pishgandan so`ng ushlab ko`rsangiz, paxtadek yumshoq. Boshqa biskvitlardan shunisi bilan ajralib turadi. Shirinlikni tatib ko`rsangiz, betakror shokolad mazasini tuyasiz. Chunki ichiga sifatli shokolad solinadi-da.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.





