AsosiySUG'DIYONA

UTT, SKRINING, DOPPLER — narx, farq, foyda va zarar

Quyida bugungi kun zamonaviy tibbiyotida keng qo`llanilayotgan ultratovush tekshiruvlari, ularning foyda va zarari hamda narxlari haqida ma`lumot berishga qaror qildik.

UTT qanday o`tkaziladi?   

   Yaqinda homilador dugonam tez-tez boshi aylanayotgani, homilaning juda ko`p qimirlayotganidan shikoyat qilganida shifokor unga ultratovush, doppler tekshiruvidan o`tishni maslahat bergan. Shifokor bergan yo`llanma bilan shahardagi xususiy klinikalardan biriga tekshiruvga borganda salkam 9 oylik homila bo`yin sohasida o`qiga o`ralib qolgani ma`lum bo`ladi. Homilaning o`qiga o`ralib qolishi, bosh aylanishi, bolaning tez-tez tipirchilashi esa ona va homila o`rtasidagi “yo`llarda” qon aylanishining buzilishi, kislorod etishmasligiga olib kelayotgan ekan. Shifokor unga muammoni bartaraf qilishga yordam beruvchi mashqlar va muolajalarni buyurdi. Shundan so`nggina dugonam xotirjam bo`ldi.

Buni qarangki, agar shu doppler tekshiruvi bo`lmaganida u xavfdan boxabar bo`lmasdi, bu esa yo`ldosh ko`chishi, tug`ruqning oldin boshlanishi, homila tabiiy yo`l bilan emas, kesarcha yo`li bilan tug`ilishiga olib kelishi, bolaning bo`g`ilib qolishi, hatto nobud bo`lishiga sabab bo`lishi ham mumkin edi. Shu voqeadan so`ng UTT (UZI), Doppler, Skrining tekshiruv usullari haqida batafsil ma`lumot to`plab, bu tekshiruvlarning vazifasi qay holatlarda tavsiya etilishi, foyda va zarari haqida siz muxlislarga ma`lumot berishga qaror qildik.

    Boshqa ultratovush tekshiruv usullaridan farqli UTT homiladorlikning har uch bosqichida o`tkaziladi. UTT og`riqsiz va xavfsiz bo`lish bilan birga qolgan barcha tekshiruvlar orasida birinchilardan paydo bo`lgan usullardan sanaladi.

Bu tekshiruvning o`rtacha narxi 6 000 so`mdan  40 000 so`mgachadir.

Homilador ayolga UZI asosan 5 holatda tavsiya qilinadi:  

  • Homilani diagnostika qilish.
  • Homilaning muddati.
  • Homilada tug`ma nuqsonlarning bor yoki yo`qligini aniqlash.
  • Homilaning joylashishini tekshirish.
  • Bachadonda aynan nechta homila borligini aniqlash.

Homila paydo bo`lib to bola tug`ilguniga qadar 3 martagina ushbu tekshiruvdan o`tish mumkin. To`rtinchi tekshiruv shifokor tomonidan kerak deb topilgandagina belgilanadi. O`zboshimchalik bilan ko`p marta bu tekshiruvdan o`tish bolaga salbiy ta`sir qilishi mumkin.

3D VA 4D UTT NIMA?  

     3D formatidagi UTT bugungi kundagi eng zamonaviy tekshiruv turlari sirasiga kiradi. Narxi 17 000 so`mdan 40 000 so`mgacha.

  • Aynan shu tekshiruv yordamida UTTda ko`rish mumkin bo`lmagan nuqsonlarni yaqqol ko`rish mumkin.
  • Uning oddiy UTTdan farqi shundaki rangli tasvirda ko`rsatish bilan birga u bola harakatini to`laqonli namoyon etadi.
  • 3D va 4D UTT tasvirlarni kerakli nuqtada to`xtatib, bo`lajak ota-onaga bolaning turli ko`rinishdagi suratlarini olish yoki videotasvir holatida DVD, SD disklarga yozib olish imkoniyatini beradi.
  • Bola tanasidagi ko`rish qiyin bo`lgan joylarigacha ko`rish imkoniyati bor.
  • Bolaning harakati, yuz tuzilishi, ayni daqiqada nima qilayotgani kabilarni kuzatish mumkin.

Noqulayligi shundaki, oddiy UTT tekshiruvi uchun 15 daqiqa kifoya qilsa, 3D va 4D UTT uchun 30-45 daqiqa vaqt kerak bo`ladi;

Agar tekshiruv vaqtida bola orqasi bilan yotgani ma`lum bo`lsa, uni to`laqonli tekshirish mumkin bo`lmasligi mumkin.

Bilib qo`ygan yaxshi   

·                     Ultratovush tekshiruvi homiladorlikning har uch oyligida o`tkazilishi lozim.

1.                  11-13 haftada;

2.                  18-21 haftada;

3.                  30-32 haftada.

Agar homila bittadan ko`p bo`lsa buni homiladorlikning ilk 5-6 haftalarida aniqlash mumkin.

  DOPPLER  

UTT doppler ham ultratovush tekshiruvi turlaridan biri sanaladi. Tibbiyotda bu tekshiruv doppler, dopplerografiya, dopplerometriya, rangli doppler deb ataladi.  Doppler asosan bachadon-yo`ldosh-homila o`rtasidagi qon tomirlarni tomirlarni tekshirish, qon aylanish jarayonida kechayotgan holatlarni aniqlash uchun keng qo`llaniladi va tavsiya qilinadi. Chunki ushbu uch nuqtadagi qon aylanishi bolaning salomatligiga katta ta`sir ko`rsatadi.

Narxi taxminan 20 000 so`mdan 45 000 so`mgacha.

Homilasi 32-34 haftalik bo`lgan har bir ayol ushbu tekshiruvdan o`tishi shart.

Doppler tekshiruvidan o`tish kerak agar...   

  • Doppler tekshiruvi homiladorlikning 20-21 haftasidan boshlab o`tkaziladi. Bu muddatdan oldin o`tkazilgan tekshiruv esa haqiqiy sanalmaydi.
  • UZI ma`lumotlariga ko`ra bolaning o`lchamlari homiladorlikning ma`lum oyiga to`g`ri kelmayapti deb topilsa;
  • yo`ldoshda nuqson borligi yoki bachadondagi suvning hajmi ko`p deb taxmin qilinganda;
  • homilador ayol anemiya,  qandli diabet, jigar kasalliklari, qon bosimining keskin va tez-tez oshishi, gripp kabilarni boshidan o`tkazayotgani aniqlanganda.

    Boshqa yangiliklar