AsosiySiyosat

Mirziyoyev Turkmanistonda mukofotlandi

BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanaotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" orden bilan taqdirlandi.

'Mirziyoyev Turkmanistonda mukofotlandi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuqori davlat mukofoti uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e‘tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e‘tirofi sifatida qabul qilaman, - deydi davlat rahbari.

Boy tarixiy tajriba, qardoshlik va o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuqori darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi va kooperatsiya ko‘lami keskin oshdi.

O‘zbekiston yetakchisi Arqadag va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni e‘tirof etayotgani ta’kidlandi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari yuqori mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

    Boshqa yangiliklar