1

Maktabga chiqqan bolada koronavirus aniqlansa nima qilish kerak?

Salomatlik 14.09.2020, 13:53
Maktabga chiqqan bolada koronavirus aniqlansa nima qilish kerak?

Cog`liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi vazirlikning o`quv-tarbiya muassasalari bo`yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova bilan suhbat uyushtirdi.Unda bir qator muhim savollarga javob berildi.

– Qanday xastalikka chalingan yoki surunkali kasalliklari bor o`quvchilarga onlayn ta`lim olishni tavsiya qilasiz?

– Bu xolatda bolaning salomatlik ko`rsatkichlariga e`tibor beriladi. Bu ko`rsatkichlar 5 ta guruhga bo`linadi.

1-guruh. Bunga surunkali kasalliklarga chalinmagan, tekshirish paytida biron-bir kasallik aniqlanmagan va o`z yoshiga muvofiq jismoniy hamda aqliy jihatdan rivojlangan sog`lom bolalar kiradi.

2-guruh. Surunkali kasalligi bo`lmagan, lekin ayrim morfofunksional nuqsonlari bo`lgan hamda tez-tez (bir yilda 4 marta) dardga chalinib turadigan bolalardan tashkil topgan.

3-guruh. Surunkali kasalligi bor yoki kompensasiya davrida patologik holati og`ir bo`lmagan bolalarni birlashtiradi.

4-guruh. Surunkali kasalliklari bor, subkompensasiya davrida umumiy holati buzilgan, o`zini yomon his eta boshlagan, o`tkir yuqumli kasalliklardan so`ng tuzalishi kechikkan bolalar.

5-guruh. Dekompensasiya davrida bo`lgan, og`ir surunkali kasalliklarga chalingan, kamharakat, ta`lim muassasalariga qatnay olmaydigan nogiron bolalardan iborat.

Salomatlik guruhini aniqlashda bola salomatligi haqidagi ma`lumotlarni hisobga olish zarur.

Qoidaga muvofiq, 1-, 2-guruhdagi bolalar umumta`lim muassasalariga qatnaydi.

Onlayn ta`lim olish, asosan, 3-, 4-, 5 -guruhdagi surunkali kasalliklari bor, ushbu kasalliklarni zo`riqish davri aniqlangan bolalarga tavsiya etiladi.

– Agar o`quvchi yoki o`qituvchida koronavirus aniqlansa, kasallikning keng tarqalmasligi uchun, birinchi galda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur?

– O`quvchilarni maktabga qabul qilishda mas`ul xodim ularning oila a`zolari salomatligi, oilada yuqumli kasallik bilan og`rigan yoki klinik belgilari namoyon bo`layotganlar bor yoki yo`qligini (tana haroratining 37 C dan oshishi, ko`ngil aynishi, yo`tal va boshqa belgilar) tekshirishi maqsadga muvofiq.

Agar o`quvchi yoki o`qituvchi maktabda o`zini yaxshi his qilmasa, unda “COVID-19”ning odatiy alomatlari bo`lsa, boshqa odamlardan alohidalash kerak. Virus yuqtirgan o`qituvchi yoki o`quvchi bilan aloqada bo`lgan barcha yuzalar, shu jumladan, barcha sirtlar va buyumlar, hojatxonalar, eshik tutqichlari va telefonlarni tozalash kerak. Tozalash uchun dezinfeksiyalash vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Agar o`quvchi yoki o`qituvchining ahvoli yomonlashsa (tana harorati ko`tarilsa, O`RI alomatlari aniqlansa), izolyatorga joylashtiriladi. Izolyator xonasi bo`lmagan taqdirda, o`quvchi yoki o`qituvchi  hamshiraning kabinetiga yoki izolyasiya uchun mo`ljallangan boshqa xonaga joylashtiriladi. Shifokorga murojaat qilish va hududiy SEOMga ma`lumot etkazish kerak bo`ladi.

Profilaktik chora-tadbirlar qatorida o`quvchilar yoki o`qituvchilarning qo`llarini gigienik ishlov berish jadvalini ishlab chiqish (har soatda qo`llarni sovun bilan yuvish yoki antiseptik spirtli eritmalar bilan ishlov berish), har ovqatdan oldin va hojatxonaga borgandan keyin, har bir mashg`ulotdan keyin qo`llarni sovun yoki antiseptik vositalar bilan yuvish  lozim.

Bir martali ishlatiladigan qog`oz sochiqlardan foydalanish tavsiya etiladi. Qog`oz sochiqlar, bir marta ishlatiladigan salfetkalar bilan ta`minlash imkoniyati bo`lmagan taqdirda, har kuni o`zgartiriladigan va bir-biridan 25-30 sm. masofada osilgan, qayta ishlatiladigan individual sochiqlardan foydalanish talab etiladi.

Mashg`ulotlar vaqtida guruhlarda  o`quvchilar orasidagi masofani ta`minlash o`quvchi va o`qituvchilar o`rtasida uzoq muddatli to`g`ridan-to`g`ri jismoniy aloqalar cheklanadi hamda mashg`ulotlar davomida turli guruhlardagi o`quvchilarning o`zaro aloqasi va aralashishiga yo`l qo`yilmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1