Tana vazni salomatlikning asosiy ko`rsatkichlaridan biri. Ammo ba`zi insonlarda sababsiz tez ozib ketish hollari kuzatiladi. Xo`sh, buning boisi nima? Bu bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Oliy toifali shifokor Ra`no Nosirovaning ma`lumot berishicha, ayrim paytda bosh miya, yurak va mushaklar me`yorda ishlashi uchun organizmda oziq moddalar etishmaydi. Shunday holatda ular yog` to`qimasiga “signal” yuborib, ichki qo`shimcha zaxiradan foydalanadi.
Oqibatda yog` hujayralari parchalanib, energiya ajraladi va bu quvvat hayotiy muhim a`zolar ehtiyojini qondirish uchun sarflanadi. Organizm yog` to`qimasini yo`qotar ekan, o`z-o`zidan tana vazni kamayib boradi. Aslida tez ozishning bir necha sabablari mavjud.
Jumladan, enterokolit, atrofik gastrit kabi oshqozon-ichak kasalliklarida oziq moddalar so`rilishi yomonlashib, tana vazni kamayadi. Og`riq, qorin dam bo`lishi, ko`ngil aynishi, ich ketish yoki qotishi ushbu kasalliklarga xos belgilardir.
Qolaversa, oziq moddalar so`rilishining buzilishi tufayli tanada vitaminlar va mikroelementlar tanqisligi ro`y berib, anemiya kuzatiladi. Teri quruqlashib, tirnoqlar sinuvchan, milklar esa qonaydigan bo`lib qoladi.
O`tkir pankreatit (me`da osti bezi yallig`lanishi) va surunkali xolisistit (o`t yo`llari yallig`lanishi)da ham tana vazni kamayishi mumkin. Chunki ushbu xastaliklar sababli ovqat hazm qilish jarayoni buzilib, organizm ayrim oziq moddalarni qabul qila olmaydi.
Bunday hollarda bemorlar taomlangandan so`ng noqulaylik hissini sezadi. Ko`ngli aynib, ich ketish, xolesistitda o`ng qovurg`a ostida og`riqlar paydo bo`ladi.
Shuningdek, sil kasalligida ham bemor tez ozib ketadi. Ishtaha yo`qolib, organizm xastalik qo`zg`atuvchisi – sil tayoqchasiga qarshi kurashish uchun ko`p energiya sarflaydi.
Tan vazni tez yo`qotilishining keng tarqalgan sabablaridan yana biri ichaklardagi gelmintlar va lyambliyalardir. Bunday bemorlarda ko`ngil aynishi, qorin dam bo`lishi, ich buzilishi, teriga turli toshmalar toshishi, tana harorati ko`tariladi.
Bundan tashqari, ozib ketish qandli diabetning 1-turi, depressiya, onkologik kasalliklar, limfoma, limfogranulematoz, leykoz kabi kasalliklar sababli ham bo`lishi mumkin.
Agar tez vazn yo`qotish holati kuzatilsa, oila shifokoriga murojaat qilish lozim.