AsosiySalomatlik

Saratonni keltirib chiqaruvchi odatlar

'Saratonni keltirib chiqaruvchi odatlar'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, saraton dunyodagi o`lim holatlarining asosiy sabablaridan biri bo`lib, 2020 yilda undan deyarli 10 million nafar inson olamdan o`tgan, bu har olti o`limdan bittasi degani.

Ho`sh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga nima sabab bo`ladi va ularning oldini olish mumkinmi?

 Bu haqda SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bo`lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomovning javobini e`lon qildi.

 — Kasallik sabablardan biri — saraton keltirib chiqaruvchi kanserogen moddalar. Iste`mol qiladigan ovqat va ichimliklar tarkibida, nafas oladigan havoda yoki tamaki tutunida ko`plab zaharli kanserogen moddalar mavjud. Shu sababli, tabiiy, sog`lom ovqatlanish, zararli odatlar, ya`ni tamaki, nos va chilim chekishdan voz kechish, atrof muhitni, havoni ozoda saqlash — onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.

 Keyingi sabab — inson tanasidagi o`sma oldi kasalliklari va turli surunkali xastaliklardir. Agar biz o`z vaqtida profilaktik ko`riklardan o`tib tursak, va aniqlangan o`sma oldi kasalliklari hamda surunkali xastaliklarni samarali davolab, ularni bartaraf qilsak, albatta, keyinchalik saraton bilan kasallanish ehtimolining oldini olgan bo`lamiz, - deydi shifokor.

 Shuningdek, ma`lum bo`lishicha, turli virusli va bakterial kasalliklar ham ba`zi saraton turlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, gepatit V va S viruslari jigar saratoniga, Epshteyn-Barr virusi limfomalarga, Xelikobakter pilori bakteriyasi me`da saratoniga, Odam papillomasi virusi bachadon bo`yni saratoniga sababchi bo`ladi. Shu sababli, ushbu infeksion kasalliklarga qarshi kurash, shu jumladan, ularga qarshi emlanish, bu saraton turlarini karrasiga kamayishiga olib keladi.

 Stress ham turli onkologik kasalliklarga olib keluvchi sabablardan biri bo`lib, to`g`ri turmush tarzini kechirish, yaxshi hordiq chiqarish, hayot ritmini tartibga solish orqali onkologik kasalliklarga chalinishning oldini olish mumkin.

 Kam harakatlilik va semirish ham ko`pchilik onkologik kasalliklarga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun sog`lom turmush tarzini kechirish, sog`lom ovqatlanish, badantarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanish saraton kasalligi profilaktikasi hisoblanadi.

 Bundan tashqari, sog`lom ovqatlanishga e`tibor berish turli oshqozon-ichak onkologik kasalliklari, endokrin a`zolar o`smalarining oldini oladi. Juda achchiq, sho`r, o`ta shirin va turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan taomlar iste`molini cheklash, me`yorga rioya qilish tavsiya etiladi.

Umuman olganda, sog`lom ovqatlanish, atmosfera havosi tozaligiga e`tibor berish, sog`lom turmush tarzini kechirish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollik, yuqori tibbiy madaniyat, ruhiy xotirjamlik kabi fazilatlarga boy hayot kechirish insonni onkologik kasalliklar bilan og`rish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi

 

    Boshqa yangiliklar