1

Elektrdan qarzdorlikni to`lagan iste`molchilar tarmoqqa nega qayta ulanmayapti?

Iqtisodiyot 18.09.2020, 13:26
Elektrdan qarzdorlikni to`lagan iste`molchilar tarmoqqa nega qayta ulanmayapti?

Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan maishiy iste`molchilardan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarda muammolar yuzaga kelayotgani to`g`risida kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan joriy yilning 16-17 sentyabr kunlari Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumani iste`molchilari o`rtasida keskin muhokamalarga sabab bo`layotgan holatlar Agentlik va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mas`ul xodimlari ishtirokida joyiga chiqib o`rganildi. Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agntligi ma`lum qildi.

O`rganishda va aholi bilan o`tkazilgan suhbatlarda, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan iste`molchilar joriy yilning 16 sentyabr kuni elektr energiyasidan qarzdorlik uchun uzib qo`yilganligi, tegishli to`lovlar amalga oshirilgan bo`lishiga qaramay, abonentlarni tarmoqqa qayta ulash ishlari ma`lum muddatga kechikayotganligi ma`lum bo`ldi.

Jumladan, TETK mas`ul xodimlari tomonidan berilgan tezkor ma`lumotlarga ko`ra, Mirzo Ulug`bek tumanidagi elektr energiyasi maishiy iste`molchilarining 4200 tasi qarzdorlik uchun 16 sentyabr kuni tarmoqdan avtomatik ravishda uzilgan, ulardan 3600 ga yaqini 16-17 sentyabr kunlari amalga oshirilgan to`lov evaziga tarmoqqa qayta ulangan va qolgan 600 ta abonentlarning tarmoqqa ulanishi ta`minlanmagan.

Xuddi shunday, Olmazor tumanida 3100 ta abonent tarmoqdan uzilganligi va tegishli to`lovni amalga oshirgan iste`molchilarni tarmoqqa qayta ulash choralari ko`rilayotganligi aniqlandi.

Soha mutasaddilari tomonidan berilgan dastlabki axborotlarga ko`ra, dasturiy ta`minotda kuchlanish ortganligi va ma`lumotlar almashinuvida qisqa texnik nosozliklar yuzaga kelganligi sababli ko`p sonli abonentlar avtomatik ravishda qayta ulanmay qolgan.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining:

126-bandiga asosan, elektr energiyasi iste`molchilari, shu jumladan:

  • elektr energiyasi etkazib berishning to`xtalishi yoki to`xtatib qo`yilishi sabablari to`g`risida belgilangan tartibda axborot olish;
  • elektr energiyasi etkazib berilishi to`xtatilganda etkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqlariga ega.

131-bandiga asosan, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagilarga majbur, shu jumladan:

  • uskunalarni, elektr uzatish liniyalarini, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ekspluatasiya qilish, ularga xizmat ko`rsatish va uskunalarni ta`mirlash, shuningdek, o`z elektr tarmog`i xo`jaligi ob`ektlarida nosozliklarni bartaraf etish;
  • elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans bo`yicha mansublik bo`linish chegarasiga elektr ta`minoti shartnomasida ko`rsatilgan hajmda uzluksiz etkazib berish;
  • iste`molchilarga elektr energiyasi etkazib berishning to`xtatib turilishi va buning sabablari to`g`risida ma`lumot berish;
  • iste`molchilarga etkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib borish.

Yuzaga kelgan muammolarni va aholining ovoragarchiligiga sabab bo`luvchi omillarni tezkor ravishda bartaraf etish choralarini ko`rish, to`lovlarni qabul qilish ishlarini va aholidan e`tirozlarni qabul qilish dispetcherlik aloqa xizmatlari faoliyatini yanada kuchaytirish (ko`proq xodimlarni jalb qilish, ish vaqtini tunu-kun tashkil qilish), ma`lumot almashinuvi va tarmoqqa qayta ulash ishlari tezkorligini ta`minlash bo`yicha Agentlik tomonidan mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berildi. Bu borada mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda o`rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1