O`zbekistonda 201 ta kollej va 185 ta texnikumga qabul jarayoni davom etmoqda

Jamiyat 21.09.2020, 18:41
O`zbekistonda 201 ta kollej va 185 ta texnikumga qabul jarayoni davom etmoqda

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda oliy ta`lim muassasalari soni so`nggi uch yil ichida 47 taga ko`payib, bugungi kunda 125 ta oliy ta`lim muassasasi faoliyat yuritadi. O`z yo`nalishida tayanch oliy o`quv yurti hisoblangan barcha etakchi universitet va institutlarning respublika bo`ylab filiallari tashkil etilgan. Filiallar nafaqat viloyat markazlari va yirik shaharlarda, balki chekka tumanlarda ham ish boshlagan. 

Bu yil oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga kunduzgi, sirtqi va kechki ta`lim shakllarida jami 162 364 nafar abiturient talabalikka qabul qilinadi. Natijada yoshlarni oliy ta`lim bilan qamrab olish 9 foizdan 25 foizgacha ko`tarildi.

Shunday bo`lsa-da, yoshlarda oliy ma`lumot olishga bo`lgan qiziqishning yuqoriligi va qabul kvotalari hozircha ularning ehtiyojini to`liq qoplay olmayotganini hisobga olib, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan ular uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda. 

Jumladan, oliy ta`lim muassasalarida MDH va Evropaning qator nufuzli oliy o`quv yurtlari bilan hamkorlikdagi double degree ta`lim dasturlari asosida o`qitish qamrovi kengaymoqda. Birgina o`tgan o`quv yilining o`zida AQSh, Germaniya, Fransiya Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya, Isroil va boshqa 22 ta davlatning 104 ta etakchi universitetlari bilan hamkorlikda qo`shma ta`lim dasturlari asosida bakalavriatning 83 ta ta`lim yo`nalishi va magistraturaning 64 ta mutaxassisligi bo`yicha qadarlar tayyorlash yo`lga qo`yildi. 

2020/2021 o`quv yilida ham xorijiy hamkor universitetlar va qo`shma ta`lim dasturlari davom ettirilib, hozirda qator OTMlarda qabul davom etmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Urganch davlat universiteti, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Namangan davlat universiteti, Qo`qon davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand veterinariya medisinasi instituti, Jizzax politexnika instituti hamda Andijon qishloq xo`jaligi va agrotexnologiyalar institutida qo`shma ta`lim dasturlariga qabul davom etmoqda. 

Bugungi kunda yurtimizda AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 22 ta xorijiy oliy ta`lim muassasasi va filiallari faoliyat ko`rsatmoqda. O`zbekistondagi xorijiy oliy ta`lim muassasalarida axborot-kommunikasiya texnologiyalari, xalqaro huquq va munosabatlar, biznesni boshqarish, dasturlash va boshqa zamonaviy yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlanadi. 

Xorijiy oliy ta`lim muassasalaridan Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filialida hamda TEAM universiteti, Farg`ona shahrida Koreya xalqaro universiteti kabi nodavlat oliy ta`lim muassasalarida abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda.

Shuningdek, yurtimizdagi qator oliy ta`lim muassasalari huzurida tayyorlov kurslari faoliyati yo`lga qo`yilib, qulay shartlar va qator imtiyozlar asosida abiturientlarni o`qishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Misol uchun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlov kurslari tashkil etilgan. O`quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikatni qo`lga kiritgan tinglovchilar qo`shma dasturga o`qishga to`g`ridan to`g`ri qabul qilinadi. 

Qolaversa, 2020/2021 o`quv yilidan boshlab yurtimizda yangi professional ta`lim tizimi tashkil etilib, ularda tahsil oluvchilarga ham qator imtiyozlar berildi. Misol uchun, texnikumlarda ikki yillik tahsildan so`ng fanlarni o`zlashtirishda alohida muvaffaqiyatlarga erishgan bitiruvchilar oliy ta`lim muassasasida o`qigan kasbi bo`yicha suhbat asosida o`qishga qabul qilinadi. Hozirda yurtimizdagi 201 ta kollej va 185 ta texnikumga qabul jarayoni davom etmoqda. Hujjatlar shu yilning 25 sentyabriga qadar qabul qilinadi.

O`zbekiston yoshlariga oliy ma`lumotli bo`lish istagini ro`yobga chiqarishlari uchun imkoniyat yaratish hamda ularga o`z yurtida sifatli ta`lim olishlari uchun vazirlik tomonidan olib borilayotgn ishlar izchil davom etadi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1