1

O`zbekistonda o`simliklar karantini sohasida keng islohotlar amalga oshiriladi

Jamiyat 22.09.2020, 00:10
Teglar: O`simliklar karantini, O`zbekiston
O`zbekistonda o`simliklar karantini sohasida keng islohotlar amalga oshiriladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 sentyabr kuni o`simliklar karantini sohasidagi islohotlar natijadorligi tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qishloq xo`jaligi sohasidagi islohotlar va eksport siyosatining asosiy maqsadi – mamlakatimiz mahsulotlarini jahon bozori talablariga moslashtirish. Shuning uchun, o`simliklarni himoya qilish yo`nalishini isloh qilib, O`simliklar karantini inspeksiyasi tashkil etildi. Xalqaro standartlarni joriy etib, eksportga ko`maklashish, xorijiy davlatlar bilan bitimlar tuzish, o`simliklar klinikasi va biolaboratoriyalar tashkil qilish, shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlarini olib kirib, malakali kadrlar tayyorlash bo`yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi dastlabki qadamlar natijasida 19 davlatga 78 xil mahsulotni eksport qilish uchun ruxsatnomalar olindi.

Sertifikasiya uchun o`nlab qog`oz hujjatlar o`rniga yagona elektron tizim joriy etilib, eksportchilarning arizalarini ko`rib chiqish muddati 10 kundan 1 kunga tushirildi.

Yig`ilishda davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo`yicha taqdimot bilan tanishib, navbatdagi vazifalarni ko`rsatib o`tdi.

Yangi eksport bozorlari topib, mahsulotlarni hozirgi narxidan 3-4 baravar qimmatroq sotish imkoniyati borligi aytildi. Tovarlarni xalqaro fitosanitariya talabi asosida tayyorlash uchun mahsulot etishtiruvchi, qadoqlovchi va eksport qiluvchi har bir korxonaga karantin inspektorlarini biriktirish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Litva, Latviya, Ukraina, Ozarbayjon, Misr, Qatar, Mongoliya, Afg`oniston va boshqa davlatlar bilan muzokara o`tkazib, gilos, anor, uzum, qovun kabi meva-sabzavotlar eksporti uchun tadbirkorlarga yo`l ochib berish vazifasi belgilandi. “Daladan eksportgacha” tamoyili bo`yicha to`liq ishlashni ta`minlash zarurligi qayd etildi.

Ma`lumki, kelgusi yillarda qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksporti hajmini 5 milliard dollarga etkazish mo`ljallangan. Buning uchun sohaning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro sertifikasiya tizimini tatbiq etish kerak. Shu bois davlatimiz rahbari bu bo`yicha yirik ilmiy markaz tashkil etish taklifini ilgari surdi. Fan bilan amaliyot uyg`unligini ta`minlash, eksportchi korxonalar mutaxassislariga xalqaro fitosanitar talablarni tushuntirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida ham xalqaro fitosanitariya talablari o`qitiladi.

Bugun sohada xususiy sektor ishtirokida o`simliklar 205 ta klinikasi, 690 ta biolaboratoriya mavjud. Sifat va raqobatni ta`minlash maqsadida bunday xususiy klinika va biolaboratoriyalarni ko`paytirish lozimligi ta`kidlandi.

O`simliklar karantini davlat inspeksiyasiga 1 dekabrga qadar o`z ma`lumotlar bazasini bojxona organlarining “Yagona darcha” elektron tizimiga to`liq integrasiya qilish vazifasi qo`yildi.

 
  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1