1

O`zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo`llanilishi mavzuidagi amaliy seminar boshlandi

Jamiyat 22.09.2020, 17:53
O`zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo`llanilishi mavzuidagi amaliy seminar boshlandi

22 sentyabr kuni poytaxtimizda Toshkent shahri,Toshkent va Sirdaryoviloyatlarima`muriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo`yicha sudlari sudyalari uchun «O`zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo`llanilishi» mavzuidagi amaliy seminar boshlandi.

Ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O`zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» qo`shma loyihasi doirasida hamda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Komilov, AQShning O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D. Rozenblyum, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J. MakGregor va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili M. Dimovska anjuman ishtirokchilarini qutlab, sudlar tomonidan inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo`llanilishi odil sudlovni ta`minlashda juda muhim masala hisoblanishini ta`kidladilar.

Qayd etilganidek, O`zbekistonda inson huquqlarini rag`batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir. 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta`minlash sohasida aniq maqsadga yo`naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta`minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.

Inson huquqlari bo`yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo`llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementasiya qilinmoqda. Bugungi kunda O`zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o`z aksini topmoqda.

Shuningdek, respublikamizda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni o`rganish natijalari, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, O`zbekistonga tashrif buyurgan BMTning maxsus ma`ruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta`minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish talab etiladi.

Jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari bo`yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo`llash amaliyotini yanada kengaytirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish lozim hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo`nalishlari qilib, xalqaro huquq prinsiplari, normalari hamda O`zbekistonning xalqaro shartnomalari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qo`llanilishi, xalqaro huquq ustuvorligi prinsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish; sudlarning mustaqilligini va xolisligini ta`minlash maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish hamda “Xabeas korpus” institutini yanada takomillashtirish yo`li bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish masalalari belgilangan.

Hozirgi kunda, O`zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo`llanilishi bo`yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O`zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo`lgani kabi, sudyalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo`lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o`z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta`minlashga majbur.

Seminar ochilishida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi farmoni talablariga ko`ra, sud inson huquqlari bo`yicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar amaliyotida qo`llanilishini yanada kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko`rishi lozim.

So`zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konvensiyalari normalarini sud hujjatlarida qo`llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o`z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan yakdil fikrni bildirdilar.

Bu, shuningdek «Sudyalar xulqiga oid Bangalor prinsiplari»ni amalda tatbiq etishda o`ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga muvofiq, xalqaro qonunchilikdagi, jumladan, xalqaro konvensiyalar va inson huquqlariga taalluqli normalar belgilangan boshqa hujjatlardagi tegishli o`zgarishlardan sudyalarning o`z vaqtida xabardor bo`lishi – ular o`z faoliyatini talab darajasida amalga oshirishining zarur shartlaridan hisoblanadi.

Uch kun davom etadigan amaliy seminarda asosiy ma`ruzalar BMT Taraqqiyot dasturi eksperti, inson huquqlari bo`yicha xalqaro maslahatchi Aleksandr Vashkevich va BMT Qiynoqlarga qarshi qo`mitasi a`zosi Georgiy Tugushi tomonidan taqdim etiladi. Ma`ruzachilar odil sudlovni amalga oshirishning xalqaro me`yorlarining qisqacha tasnifini beradilar. A. Vashkevich va G. Tugushi O`zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo`llash zarurati haqida to`xtalib, xususan, Qiynoqlarga qarshi konvensiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qo`llash bo`yicha chet el tajribasi bilan o`rtoqlashadilar. Sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to`g`risidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi konvensiya normalarini qo`llash amaliyoti ham seminar kun tartibida o`rin olgan.

Ekspertlar moderatorligida sudyalar uchun uchta guruhda «case study» texnologiyasi asosida amaliy mashg`ulotlar o`tkaziladi. Mashg`ulotlar yakunida sudyalardan tashkil topgan guruhlar «Ruxsat etilmagan tinch yig`ilishlar», «Jinoiy jazoni o`tagan chet el fuqarosini davlatdan chiqarib yuborish» va «Jinsga asoslangan bilvosita kamsitish» mavzulari bo`yicha o`z taqdimotlarini namoyish etadilar.

O`zbekiston Respublikasi

Oliy sudi matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1