O`zbekiston To`dako`l va Quyimozor suv omborlarini xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq hududlari sifatida belgilab oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ular Qizilqum cho`lining Janubiy G`arbidagi Navoiy viloyatida joylashgan va biogeografik jihatdan Markaziy Osiyodagi qurg`oqchil bo`lgan hududlar suvlarini saqlashga xizmat qiladi.
Suv-botqoqlik hududlar to`g`risidagi konvensiya 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida 18 ta davlat tomonidan imzolangan bo`lib, ayni paytda unga dunyoning 170 dan ortiq davlati a`zo bo`lib kirgan. Mamlakatimiz ushbu konvensiyaga 2001 yilda qo`shilgan.
Ma`lumot o`rnida aytish joiz, bugungi kungacha mamlakatimiz hududidagi ikkita, ya`ni Dengizko`l 2001 yili va Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi 2008 yilda xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq erlarning ma`lumot bazasi hisoblangan Ramsar ro`yxatiga kiritilgan.
Quyimozor suv ombori O`zbekistonda kattaligi jihatidan beshinchi o`rinda bo`lgan Buxoro shahri va unga yaqin Kogon shahri uchun asosiy ichimlik suvi manbaidir. Uning suvi qo`shni To`dako`l suv ombori suviga qaraganda chuchukroq. Undan asosan dehqonchilik va qishloq xo`jaligi ekinlarini sug`orishda foydalaniladi.
Umumiy maydoni qariyb 32 ming gektarni tashkil etadigan ushbu suvli-botqoq er maydoni ko`chmanchi qushlar uchun ham muhim to`xtab o`tish joyi hisoblanadi. Ma`lumotlarga qaraganda, so`nggi besh yilda ushbu hududda qo`nib o`tgan qushlarning o`rtacha yillik soni 40 mingdan ortiq.
Taxminan 229 ta qush turi, shu jumladan yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan oqbosh o`rdak ham ro`yxatga olingan, biogeografik xilma-xillikni saqlab qolish uchun ularning 1 foizidan ko`prog`i shu makonda qishlaydi. Suv havzalaridagi Amudaryo kurakburuni va baqra balig`i esa yo`qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.