1

Xiva shahrida ikki yilda bir marta “Lazgi” xalqaro raqs festivali o`tkaziladi

Madaniyat 29.09.2020, 11:49
Xiva shahrida ikki yilda bir marta “Lazgi” xalqaro raqs festivali o`tkaziladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o`tkazish to`g`risida”gi qarorni imzoladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizning boy raqs san`ati tarixida alohida o`rin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” o`ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O`zbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YuNESKO tomonidan “Xorazm lazgi raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritilganligi ham uning betakror san`at ekanligidan dalolat beradi.

“Xorazm lazgi raqsi” san`atining asriy an`analarini saqlash va rivojlantirish, raqs san`ati orqali xalqlar o`rtasidagi do`stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko`lamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligining 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25-30 aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivalini (keyingi o`rinlarda – Festival) hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o`tkazish to`g`risidagi taklifi ma`qullansin.

2. Quyidagilar:

“Lazgi” xalqaro raqs festivaliga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita (keyingi o`rinlarda – Tashkiliy qo`mita) tarkibi1-ilovaga muvofiq;

“Lazgi” xalqaro raqs festivalini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va o`tkazish bo`yicha mas`ul organlar etib belgilansin.

4. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligi:

2021 yil 1 dekabrga qadar tajribali rejissyor, taniqli san`atkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy va badiiy dasturlarini tayyorlasin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 fevralga qadar Festival va uning doirasida o`tkaziladigan “O`zbek milliy raqsining jahon raqs san`atidagi o`rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada (keyingi o`rinlarda – ilmiy-amaliy konferensiya) xorijiy mamlakatlardan ishtirok etadigan raqs san`ati ustalari, musiqashunos va san`atshunos olimlar, taniqli san`atkorlar, etuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ro`yxatini shakllantirsin.

5. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Xorazm viloyati hokimligi Festivalni YuNESKO shafeligi ostida o`tkazish choralarini ko`rsin.

6. Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, “O`zbekkino” milliy agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

Festival doirasida Xiva shahridagi “Ichan-qal`a” majmuasi hududida raqs san`atiga oid ko`rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san`at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularning savdosi tashkil etilishini;

Festival dasturini ishlab chiqish va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet tarmog`i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini ta`minlasin.

7. Belgilansinki, Festivalni tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq sarf-xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda qoplanadi:

70 foizi – O`zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yilgi ajratiladigan mablag`lar hisobiga;

30 foizi – Xorazm viloyatining mahalliy byudjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga.

8. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Bosh vazir o`rinbosari, Tashkiliy qo`mita raisi B.Musaev – Festival va uning doirasida o`tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani yuqori badiiy va ilmiy saviyada tashkil etilishini ta`minlasin;

Bosh vazirning o`rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi A.Abduhakimov – Festivalni turizm kalendar rejasiga kiritish, unga xorijiy sayyohlarni jalb qilish hamda Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joylarni oldindan band qilish choralarini ko`rsin;

madaniyat vaziri O.Nazarbekov – musiqashunos va san`atshunos olimlar, taniqli san`atkorlarni jalb qilgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy hamda badiiy dasturlarini yuqori saviyada ishlab chiqsin;

Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov – Xiva shahrida obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival o`tkaziladigan sahna maydonlari va zallarning talab darajasida tayyorlanishini hamda “Ichan-qal`a” majmuasi hududida raqs san`atiga oid ko`rgazmalar tashkil etilishini ta`minlasin;

O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi – Festivalga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

                                                                                                                                    O`zbekiston Respublikasi

                                                                                                                                     Prezidenti    Sh.MIRZIYoEV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1