1

COVID-19 bilan ikkinchi marta kasallanish mumkinmi?

Salomatlik 29.09.2020, 15:59
COVID-19 bilan ikkinchi marta kasallanish mumkinmi?

Aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan qaytadan kasallanish mumkinmi degan savol paydo bo`lmoqda.  Bunga aniqlik kiritish maqsadida SSV Matbuot xizmati SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekovga murojaat qildi:

– Ushbu savolga javob berishdan avval dunyo xamjamiyatida bo`layotgan voqea va hodisalarga e`tibor qaratsak maqsadga muvofiq bo`lardi, – deydi N. Otabekov. – Ba`zi bir davlatlarda ushbu kasallik bilan qaytadan kasallanish ehtimoli borligi, hatto ikkinchi marta kasallangan bemorlar qayd etilganligi haqida ma`lumotlar uchrab turibdi. Lekin bugungi kunda aniq aytishimiz mumkinki, kasallikning o`ninchi kunidan boshlab bemorda COVID-19ga qarshi mukammal immun tizimi shakllana boshlaydi. O`z tasdig`ini topgan yana bir jihat shuki, kasallikni og`irroq boshdan kechirgan insonda shakllangan immun tizimi ancha mustahkamroq bo`ladi.  

Qolaversa, dunyoda COVID-19 yoppasiga qaytadan hammada qayd etilishi to`g`risida bironta ham asoslangan ilmiy ma`lumot yo`q.  

COVID-19 yangi kasallik bo`lib, uni to`liq o`rganish bo`yicha izlanishlar hali oxiriga etganicha yo`q. Ammo kasallikni boshdan o`tkazgan odamda uni ushbu kasallikdan keyinchalik ham himoya qilishga qodir immunitet shakllananishi to`g`risidagi asosli ma`lumotlar kishini quvontiradi.  

Agar shu kasallikning mutasiyaga uchragan virusi bilan yoki aynan COVID-19 bilan uzoq muddatdan keyin yana ro`baro` keladigan bo`lsak ham, bizning immun tizimimiz xotirasida ushbu kasallikka antitanachalar ishlab chiqarganligimiz haqida axborot mavjud bo`ladi.  

Ushbu antitanachalar kasallik bilan kurasha oladi. Demak, odamda COVID-19 ikkinchi marta hatto qayd etilsa ham, u juda engil kechishi mumkin. Ya`ni immun tizimi xotirasida antitanachalar ishlab chiqarilgani haqida axborotning borligi kasallikdan tezda sog`ayib ketish ehtimolini yuzaga keltiradi.

Odam xotirasidan ko`p narsa chiqib ketishi mumkin, lekin immun tizimi xotirasidan hech qachon hech narsa chiqib ketmaydi. Hatto kasallikdan keyin xosil bo`lgan antitanachalar titri kam bo`lsa ham, ular kasallik bilan kurasha oladi.

Aholi orasidagi suhbatlar davomida ikki marta COVID-19 bilan kasallanganligini ta`kidlayotgan odamlarni ham uchratib turibmiz. Agar shu kabi holatlar laboratoriyada COVID-19 virusi borligi tasdiqlangan taqdirda ham, biz bunga bitta kasallik bilan ikkinchi marta kasallandi degan fikr bilan qarashimiz kerak emas. Buni shu bilan izohlashimiz mumkinki, kasallik yuqtirib olgan organizm undan to`liq tuzalib ulgurmagan yoki laboratoriya tekshiruvlarida test sistemalar bilan bog`liq muammolar bo`lishi mumkin.  

COVID-19 bir odamda uzoq muddat saqlanib qolish ehtimoli yo`q emasligini ham unutmasligimiz lozim. Aytaylik, bemor davo kursini qabul qilib bo`lgach, tahlil o`tkazilganida manfiy natija qayd etilgan va u o`zini sog`aygan deb hisoblagan. Aslida esa tuzalmagan. Keyinchalik musbat natija qayd etilishi bemorda qaytadan kasallandim, degan fikrni shakllantirilishiga asos bo`lishi mumkin.

Shuningdek, COVID-19ni ikkinchi marta yuqtirib olish holatiga to`liq ishonish uchun genom darajasida taqqoslash o`tkazish kerak bo`ladi. Ya`ni quyidagi savolga javob topishimiz lozim: bemorda kasallikni yana aynan o`sha virus chaqirdimi yoki boshqa bir virusmi? Birinchi va ikkinchi holatda genom (irsiyat) darajasida  solishtirish o`tkazish orqaligina bemor COVID-19 ni qaytadan yuqtirib oldi, degan fikrga kelishimiz mumkin.  

COVID-19 bilan ro`baro` kelganimizga qariyb bir yil bo`layapti, u to`g`risida kuzatuvlar hali juda kam. Balki bir muddat o`tgandan so`ng aniq xulosalar aytishimiz mumkin bo`lar. Yoki vaqt o`tishi bilan immun tizimi ko`rsatkichlarida ham birmuncha pasayish, susayish kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Balki biz COVID-19 shtami bilan chaqirilgan kasallikdan keyin to`liq turg`un immunitet shakllantirarmiz, balki bu yo`nalishda emlash tadbirlari yordam berar. Hozircha kuzatuvlar muddati juda kam. Hali hosil bo`lgan immun tizimi necha yilgacha davom etishi bo`yicha aniq bashoratlar qilish qiyin. Lekin shu epidemik mavsumda bir marta kasallangan odam ikkinchi marta kasallanish ehtimoli yo`q.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1