AsosiySalomatlik

Dunyoda eng keng tarqalgan virusga qarshi vaksina o`ylab topilmoqda

'Dunyoda eng keng tarqalgan virusga qarshi vaksina o`ylab topilmoqda'ning rasmi

Dunyoda eng keng tarqalgan virusga qarshi vaksina o`ylab topilmoqda. Bu haqida SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, er yuzi aholisining deyarli 95 foizi Epshteyn-Barr virusi (EBV)ning tashuvchisi hisoblanadi. Ammo ularning aksariyati o`zida bu virus borligini umri davomida bilmasligi mumkin. Lekin EBV immunitet tushishi sababli “bosh ko`targanida” yuqumli mononukleoz, skleroz va saratonning ba`zi turlari, xususan, Berkitt limfomasi rivojlanishining asosiy sababchisi bo`ladi.

EBV gerpesning bir turi (4-toifa odam gerpes virusi) bo`lib , asosan bolalik yoki o`smirlik davrida yuqadi. Ko`pincha kasallikka uchragan odam buni sezmasligi ham mumkin, chunki virus hech qanday alomatlarsiz tananing hujayralarini zararlaydi, so`ng inson organizmida abadiy qoladi. Virus, birinchi navbatda, infeksiyalarga qarshi kurashish uchun javob beruvchi antitanalarni ishlab chiqarishga mas`ul bo`lgan V-limfositlari, ya`ni immun hujayralariga hujum qiladi.

Ba`zida virus faollashishi mumkin: bu holda o`tkir yallig`lanish kasalligi — yuqumli mononukleoz rivojlanadi. Alomatlariga ko`ra u O`RVIga o`xshaydi, lekin uzoqroq (bir necha oy) davom etishi mumkin, ba`zan esa xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Afsuski bu virusni davolashning aniq usullari mavjud emas. Olimlar yillar davomida unga qarshi vaksina yaratish uchun ko`p harakat qilishgan, ammo buni uddalay olishmagan.  

Yaqinda AQShning Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti (NIAID) olimlari tomonidan erishilgan natijalar esa bu borada siljish bo`lishiga umid borligini anglatadi. Yangi tadqiqot virusning ba`zi zaif tomonlarini aniqladi va maqsadli davolash imkoniyatlarini ochib berdi.

Natijalar hozircha hayvonlar bilan cheklangan, ammo ular ancha yaxshi ko`rsatkichlarga ega. Agar keyingi tadqiqotlar odamlarda xuddi shunday natijalarni ko`rsatsa, vaksina hali bu virus bilan kasallanmagan insonlar uchun istiqbolli profilaktik chora bo`lishi mumkin. Bu, shuningdek, kasallik yoki transplantasiya operasiyasi tufayli immuniteti zaiflashgan bemorlar uchun foydalidir. Chunki bu odamlar, hatto, o`limga olib kelishi mumkin bo`lgan bu og`ir kasallik xavfi ostida bo`lishi mumkin.

Ma`lumot uchun: EBV qanchalik keng tarqalgan va uning oqibatlari qanchalar jiddiy bo`lishiga qaramay, uni faqat 1963 yilda doktor Entoni Epshteyn va uning o`sha davrdagi aspiranti Ivona Barr kashf etgan. O`sha paytda bu haqiqiy yangilik bo`lgan, chunki ilgari saratonni qo`zg`atuvchi bironta virus aniqlanmagandi. Undan so`ng biz boshqa viruslar, masalan, odam papilloma virusi (OPV) haqida bildik, unga qarshi esa samarali vaksina mavjud. U 2019 yilda yurtimiz profilaktik emlash kalendariga 11-vaksina bo`lib kiritilgan. (https://telegra.ph/file/2b4c3f62f7aa2607a6763.png)

Tadqiqot AQSh “Immunity” jurnalida chop etilgan.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar