AsosiyJAMIYAT

Biroz siyosiylashing, janob vazir! Sizga millatimiz taqdiri ishonib topshirilganini unutmang!" Deputat Xalq ta`limi vaziriga murojaat qildi

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov AQShning USAID va Rossiyaning Maorif vazirligi bilan...

'Biroz siyosiylashing, janob vazir! Sizga millatimiz taqdiri ishonib topshirilganini unutmang!" Deputat Xalq ta`limi vaziriga murojaat qildi'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov AQShning USAID va Rossiyaning Maorif vazirligi bilan kelishuvlar imzoladi.

28-sentyabrda imzolangan kelishuv USAIDni O`zbekistonda ta`lim sifatini oshirish, o`quvchilarning bilim va ko`nikmalarini ob`ektiv baholash tizimini shakllantirish, boshlang`ich sinflarda matematika tadqiqotlari o`tkazish va ingliz tili o`qituvchilarining malakasini oshirishga 50 million dollar ajratishini ko`zda tutadi.

Sal avval xabar berganimizdek, Rossiyaning Maorif vazirligi bilan kelishuv imzolandi. Unga ko`ra Rossiyaning malakali rus tili o`qituvchilari va metodistlari O`zbekistonning o`zbek tilida dars o`tiladigan maktablarida (!) ishlaydigan 30 mingga yaqin o`qituvchilarning malakasini oshirish bilan shug`ullanishadi. Ushbu loyihaga Alisher Usmonov 5 million dollar ajratmoqda.

Mazkur loyihalar ayni paytda keskin muhokama qilinmoqda va ko`plab fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, o`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini ko`tarish borasida doimiy chiqishlar va harakatlar olib borayotgan "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov Xalq ta`limi vazirining ushbu loyiha ishlari yuzasidan o`z munosabatini bildirdi.

"Maqsadlar, ustuvorliklar va manbalar bo`yicha xulosani o`zingiz qilib oling.

Siyosatdan holi vazirimiz ushbu kelishuv haqida fikrlarini yozibdi:

“Rossiyalik pedagoglar O`zbekistonga kelib hududiy malaka oshirish markazlarida rus tili o`qituvchilarimizning malaka oshirishlariga hamda o`zbek tilida dars o`tilayotgan maktablarda rus tilini o`rgatishni yaxshilashga yordam beradilar. Bu esa ushbu maktablardagi rus tili o`qituvchilarimiz uchun ham juda katta foyda bo`ladi”.

Kelishuvning asl mazmunini tushundik. Bu yaxshi, faqat keyingi fikrlardan tashvishlanish kerakdek...

“Toshkent shahri va viloyat markazlarida rus tilida dars o`tiladigan maktablarga ota-onalar tomonidan talab juda yuqori (!). Ko`pchilik ota-onalar uyda rus tilida so`zlashmasliklari sababli (!) bolalari o`qishda qiynalsa ham rus tilidagi maktabga berishga harakat qiladilar. Bunga asosiy sabablardan biri, men bilmasam ham bolam juda bo`lmasa rus tilini o`rganib chiqsin, deydi. Aslida esa bunday o`quvchilar maktabda boshqa fanlarni o`zi bilmaydigan tilda o`zlashtirishga qiynaladilar (!).

Ushbu loyihadan maqsad – o`zbek tilidagi maktab bitiruvchisi fanlarni o`z ona tilida yaxshiroq o`rgana olishi bilan birga (!), rus tilini ham biladigan bo`lib bitirib chiqsin”.

Qoyil, mantiqni qarang. Rus maktabiga ota-ona “orzu havas” bilan, “hech bo`lmasa rus tilini o`rgansin” deb bolasini birinchi sinfdan beradi, u boshqa tilda o`rganolmaydigan geometriya, algebra, fizika va geografiyadan “savodsiz” bo`ladi, lekin “rus tilini o`rganib chiqadi”.

“Maktab o`quvchilari kelajagi uchun muhim bo`lgan ushbu loyihani ijtimoiy tarmoqlarda ba`zi «aqlli»lar darrov siyosiylashtirishga harakat qilishayotganini ko`rib, aniq aytib qo`ymoqchiman: ushbu loyiha orqasida biron bir siyosiy maqsad yo`q. Asosiy maqsadimiz – bitiruvchilarimiz dunyo bozorida raqobatbardosh bo`lishiga erishish”

Vazir hech qanday siyosiy maqsadni ko`rmayapti, tushunarli. Bizning vazir sodda va yumshoqqina. Bu loyihada boshidan ikkinchi tomonning siyosiy maqsadlari ko`rinib turibdi.

Millat bilan g`ururlanish qanday tarbiya qilinadi?

Alisher Usmonovni mehmon qilish uchun restoranga olib borishganida, yuqori darajada tayyorlangan stol, stullarni ko`rib: “... bolaligimda otalarimiz so`rilarda, xontaxta va ko`rpachalarga yonboshlab, o`choqlarda o`z qo`llari bilan palov damlab mehmon kutishlarini ko`rganman. Shunday odatlarimiz yo`qolib ketmasligi kerak” deya, xontaxtaga joy qildirgan ekan. Alisher Usmonovni sof namangancha shevada, ravon gapirishidan o`zim ham hayratlanganman. O`zbekligidan faxrlanadigan, o`zligini yo`qotmagan, nafaqat rus, balki fransuz, nemis va turk tillarini mukammal biladigan o`zbek. Shuncha yil boshqa davlat va madaniyat ichida yashab o`zligini saqlab qolgan buyuk o`zbek. Bugun bolalarimiz ota-onasining quchog`ida boshqa millatga aylanib qolayotgani Ta`limga mas`ul vazirni tashvishlantirmayapti... 

Men rusofob emasman...

Avvaldan aytib qo`ymoqchiman, men rusofob emasman. Mintaqada barcha millatlar va davlatlar bir-biri bilan do`stona munosabatda bo`lishi hayotiy zarurat ekanligini, biz uchun Rossiya bilan do`stona va hamkor munosabatlarning ahamiyatini juda yaxshi tushunaman. Ruslarning madaniyati, adabiyoti va tilini hurmat qilaman, zavq bilan o`rganaman. L.Tolstoy, A.Chexov va F.Dostoevskiyni maza qilib o`qiganman, hozir ham o`qiyman. Farzandlarimizni ham rus tili va adabiyotini yaxshi bilishlarini yutuq deb hisoblayman. Albatta ingliz, nemis, fors, arab tillari va adabiyotlarini ustunroq bo`lsa borki, kam bo`lmagan ahamiyatini ta`kidlagan holda...

Vazirga savollar...

Masalani siyosiylashtirmaslikka chaqirayotgan vazirimiz tushunishi kerak, til va ta`lim azaldan siyosiy masala bo`lgan va bundan keyin ham bo`ladi. O`zbek bo`lib o`zbekchani, qadriyatlarini anglamaydigan yoshlar sezilarli ortib borayotgani ta`limga mas`ul mansabdorga ogohlik qo`ng`irog`i bo`lishi kerak. O`zbekistonda ta`lim va tarbiya tizimi o`zbek xalqining taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan avlodni tarbiyalashi kerak. Boshqa millatdagi vatandoshlarimizga Konstitusiyaga muvofiq o`z tillarida, o`z qadriyatlariga muvofiq ta`lim olishlari ta`minlanmoqda va ta`minlanadi. Vazir janoblariga savol, ota-onalar talabi bilan O`zbekistonda bolalar rus tilida o`qitilishi mumkinmi? Mamlakatning ta`lim va tarbiya tizimi ota-onalarning talabi bilan shakllanadimi? O`zbekistonda rus millatiga mansub vatandoshlarimizning soni qancha? Rus tilidagi maktablar unga mutanosibmi? Nima sababdan 200 ga yaqin maktab darsliklari o`zbek va rus tillarida nashr etiladi? 1 ta darslikni 3-6 mlrd. so`mga tushishini, qisqa davrda qayta nashr etilishini hisoblasak, bu mushkul masala emasmi? Nega nafaqat rus, balki o`zbeklar ham rus tilidagi maktablarda o`qitilishiga befarq bo`layapmiz? Nega bugun o`zbek yoshlari rusiyzabon bo`lib ketayapti? 20 yildan keyin nima bo`ladi? Bu ahvolga o`zbeklarni boshlang`ich sinflardanoq rus sinflarida, (loyihaga ko`ra endi o`zbek sinflarida ham) ruscha o`qitilayotgani sabab bo`lmayaptimi?

Rossiya rus tilini e`zozlaydigan, boshiga ko`taradigan mamlakatlarni ko`p bo`lishini istaydi, bu juda ham tabiiy. Bu ularning geosiyosiy, geoiqtisodiy manfaatlari talabi. Biz-chi? Biz barcha ilmlarda ilg`or, qadriyatlarimizni qadrlaydigan, shu bilan birga xorijiy tillarni biladigan avlod tarbiyalamoqchimizmi, yoki o`z tili, qadriyatlari va madaniyatidan uyaladigan g`arbparast, rusparast avlodnimi? 12 yoshigacha ongostiga boshqa madaniyat va tillarga muhabbat singdirib qo`yilgan bolaga vatanparvarlik va milliy qadriyatlar haqida soatlab dars o`tishdan foyda bo`lmaydi. 

Mushkul ish haqida ikki og`iz...

Ruslar va qo`shnilarimiz qozoqlar bolalarni maktablarda bepul ovqatlantirish qaroriga bekorga kelishgani yo`q. YuNISEFning tadqiqotlariga ko`ra er yuzidagi barcha terroristlarning 79 foizi Afrika qit`asidan chiqayapdi. Bunga eng muhim uchta sabablardan biri bolalikda to`yib ovqatlanmaslikdir. Bolaligida to`yinmagan bola etarli fiziologik shakllanmaydi, uning organizmi qabul qilmaydigan, rejalashtirmaydigan, qisqa fikrli, besabr, urushqachoq va albatta bularning natijasida omadsiz bo`ladi.

Kelajak bugun - oila, bog`cha va maktabda shakllanadi. Uni shakllantirish doimo mushkul ishlarni hal qilish bilan bog`liq bo`lgan. Bugun mamlakatimizda tahminiy hisob-kitoblarga ko`ra bog`cha yoshidagi bolalar 2,5 million, 1-5 sinflarda o`qiydigan bolalar 2,9 millionni tashkil etadi. 3-11 yosh orasidagi 5,4 million bolani bir kunda 15 ming so`mlik ovqatlantirilsa, bir yilda 1,9 milliard dollar, faqat 1-5 sinflardagi bolalar ovqatlantirilsa 1 milliard dollar pul kerak bo`ladi. Buni qancha qismini ota-onalar qoplaydi, qancha qismi byudjetdan qoplanadi, hisoblash mumkin. Prezidentimizning "kelajakda ijtimoiy muammolarga sarf qilmaslik uchun bugun ta`lim va tarbiyaga sarf qilishimiz kerak" degan so`zlarini eslang. Bugun jinoyatchilikni yosharib ketgani, bolalarni beshafqat bo`lib ketayotgani, juda tor fikrli va maqsadsiz ekanligi bolalik davrining bir qator masalalari qatorida aynan oilalarning cheklangan daromadi sababli bolalarni etarli to`yinmayotgani bilan bog`liq masala ekanligiga shubha qolmadi. Qanchalar mushkul bo`lmasin mamlakatimiz kelajagi uchun hal qilinishi kerak bo`lgan muhim masalada vazirimiz rus hamkasbining oldida "biz uchun bunday ishlar mushkul ish" deb, ojizligi bilan “maqtanishi” qabul qilib bo`lmas holat.

Ta`lim va tarbiyada strategiyamiz aniq bo`lsin.

Biz ta`lim va tarbiyada manfaatlarimizni aniq belgilab olish va unga og`ishmay amal qilishimiz kerak. Bugun oila, bog`cha va rus maktablari bilan birga o`zbek maktablarida ham rus tilini o`rgatish ommaviy tus olayapdi, maqsadimiz faqat til o`rgatishmi o`zi!?

Men millatchi emasman, millatimni yaxshi ko`raman, xolos. Boshqa millatlarga zararimiz tegmasdan, hamkorlikda rivojlanish tarafdoriman. Albatta xorijiy tillarni biladigan yoshlarimiz millatimiz va davlatimizning yutug`i, lekin Dostoevskiyning ta`biri bilan aytganda “o`z xalqiga begona insondan ham baxtsizroq kim bo`lishi mumkin?”. Dostoevskiy bu fikrni fransuz tili va madaniyatini rus madaniyatidan ming karra ustun ekanligini aytgan, rus tilida gapirishni or deb biladigan rus zodagoniga aytganini yaxshi bilasiz. Rus zodagonlari orasida ham o`sha vaqtlarda bolaligidanoq fransuz tilini o`rgatish yozilmagan majburiyat bo`lgan.

Til o`rgatamiz deb yoshlarimizni boy berib qo`ymaymizmi? Menimcha, 1-5 sinflarda ona tili, adabiyoti, tarix va tarbiya fanlariga mutlaqo ustunlik berish, xorijiy tillarni ikkilamchi o`rgatish, 6-sinfdan boshlab esa xorijiy tillarga ustuvorlik berish to`g`ri yo`l bo`ladi. Bizning asosiy maqsadimiz xorijiy tillarni biladigan bolalarni tarbiyalash emas, davlatimiz va millatimizni rivojlantiradigan avlodni tarbiyalash bo`lishi kerak. Ular albatta bir nechta xorijiy tillarni yaxshi biladigan bo`lishadi.

Sherzod Shermatovni AQShda o`qiganligi uning o`zbekligiga aslo ta`sir qilmagan, bunga shaxsan guvohman, lekin vazirlik faoliyati ta`sir qilmayotganiga umid qilaman. Yaponiyaning “Sumitomo” kompaniyasi mansabdorlaridan biri: “... biz yaponlarning eng katta xatoimiz xorijliklarning ko`ngli va kayfiyatiga keragidan ortiq e`tibor berib yuborib, manfaatlarimizni boy beramiz” degani esimga tushib ketdi.

Biroz siyosiylashing, janob vazir, juda sodda ko`rinayapsiz, sizga millatimizning taqdiri ishonib topshirilganini unutmang!"

    Boshqa yangiliklar