AsosiyJamiyat

Suv toshqinidan so`ng hamon chaylalarda yashayotgan aholi holatiga Oqoltin tumani hokimligi izoh berdi

'Suv toshqinidan so`ng hamon chaylalarda yashayotgan aholi holatiga Oqoltin tumani hokimligi izoh berdi'ning rasmi

Sal avval Sardoba halokatidan jabr ko`rgan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani “500” qishlog`idagi mavjud ahvol haqida Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xodjaevaning o`rganishlari asosida xabar berilgan edi. 

Ayni paytda tuman hokimligi Axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokama bo`layotgan ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

"Xabarda «Oqoltin tumanining 500 nomli qishlog`idagi axvolini o`rgandik...» so`zlar bilan boshlanuvchi maqoladagi holat yuzasidan tuman hokimi o`rinbosari A.Ibodullaev hamda Shodlik mahalla fuqarolar yig`ini raisi U.Allaberdiev ishtirokida o`rganish olib borildi.  

Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda go`yoki kunning sovuq bo`lishiga qaramay aholi boshpanasiz istiqomad qilayotganligini aks ettiruvchi sur`atlar olingan chaylaga borildi.

Haqiqatdan ham ayni kunlarda chaylada yashayotgan fuqarolar mavjud bo`lib, biroq ushbu fuqarolardan nima sababdan talofat ko`rgan hududlardagi aholi uchun ajratilgan yotoqxonaga joylashmayotganliklari so`ralganda ular quyidagicha javob berishdi.  

Jumladan:

Imonov Ikrom – uy-joy ko`tarish niyatida qurilish materiallari olib kelganman, yaqinda qurilishni boshlayman, shu materiallarimni qo`riqlab o`tiribman, bola-chaqam qarindoshlarnikida hech qanday shikoyatimiz yo`q.

Imonov Shuxrat – Yaxshi niyatlarda chorva mollari boqyapman, men bularni kimga ishonib tashlab ketaman.  

Mirzaev Boyyigit – Prezidentimiz tomonidan ajratilgan 40 mln so`mga, talofat ko`rgan uyimni o`rnidan uy ko`taryapman, xudo xoxlasa tez kunlarda bitirib olaman, bu erdagi qurilish materiallariga ham kimdir ko`z-quloq bo`lib turish kerakku, endi ayollar tushunib-tushunmay biron nima degandirda, lekin hech qanday shikoyat qiladigan joyimiz yo`q, qolaversa 1-2 kun ichida yangi qurilgan ko`p qavatli uy-joylarga ko`chib o`tamiz.

Shuningdek O.Pardaev hamda A.Eshbekovlarning eski hovlisiga borilganda hech kim yashamayotganligi aniqlandi. Qo`shnilarining guvohlik berishicha ular bu erda yashamaydi, mahalla markazidagi qarindoshlarinikida turishadi, kunduz kunlari hovli-joyidan tomorqasidan kelib xabar olib-turishadi degan javobni oldik.

Shuni alohida ta`kidlash mumkinki, tuman hokimiyati tomonidan ularga qulay sharoit va 3 mahal issiq ovqat bilan ta`minlangan yotoqxonalardan joy ajratilgan bo`lib, vaqtincha yashash uchun taklif berilgan, biroq ular mazkur taklifga qat`iy rad javobini bergan holda, o`zlarining xonadonlari o`rnida sharoit yaratib yashab kelmoqda. Ushbu holatda mutasaddilarini harakatsizlikda ayblash noto`g`ri bo`lib, asl mohiyatdan kelib chiqib ish tutilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero ushbu fuqrolarni hech kim bu kabi sharoitda yashashga majbur qilmagan.  

Shundan anglasa bo`ladiki, maqola va suratlarda aks etgan yashash sharoiti ayrim fuqarolar tomonidan o`z xoxishi bilan yaratilgan. Ular e`tibordan chetda qolmagan va qolmaydi ham.

O`rganishlar davomida ma`lum bo`lishicha, Oqoltin tumanidagi 3 ta mahallada 3518 (Shodlik MFYda1351 ta, Saxovat MFY da 725 ta, Axillik MFY da 1442 ta) ta xonadon suv toshqinidan zarar ko`rgan bo`lib, shundan 466 (Shodlik MFY da 375 ta, Saxovat MFY da 31 ta, Axillik MFY da 60 ta) tasi yaroqsiz, 732 (Shodlik MFYda 442 ta, Sahovat MFY da 173 ta, Axillik MFY da 119 ta) tasi ta`mirtalabligi aniqlangan.

Xususan, yuqorida nomi keltirilgan “Shodlik” mahallasining “Beshyuz” qishlog`ida 102 ta xonadon, 125 ta oila mavjud bo`lib ushbu xonadonlarda 425 nafar aholi istiqomad qiladi. Suv toshqini natijasida ushbu hudduddagi 86 ta uy-joylarga jiddiy zarar etkazilgan. Ishchi guruhi tomonidan shakllantirilgan ro`yxatga ko`ra dastlabki bosqichda 70 ta xonadon butkul talofat ko`rgan deb topilib, ularga yangi va barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo`lgan ko`p qavatli uy-joylardan ajratish belgilangan.  

Shu jumladan, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar yaqin kunlar ichida o`zlarining yangi xonadonlariga ko`chib o`tishlarini ma`lum qilamiz", deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar