Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2020 yil, 14 oktyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning “Huquqiy targ`ibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini etkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar to`g`risida”gi axboroti eshitildi. Bu haqda vazirlikni Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Vazir o`z axborotida so`nggi yillarda mamlakatimizda korrupsyaiga qarshi kurash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini o`stirish, qonun hujjatlarini aholiga va ijrochilarga etkazish, norma ijodkorligi va yuridik xizmatlar faoliyati bo`yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e`tibor qaratdi.

Jumladan, Xalq qabulxonalariga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinib, 30 ta soha (yo`nalish) bo`yicha manzilli targ`ibot va tushuntirish ishlarini olib borilayotganligi, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyatchilik ko`rsatkichi hamda ishsizlik darajasi yuqori bo`lgan hududlar ro`yxati shakllantirilgan. Mazkur hududlarda manzilli va predmetli targ`ibot tadbirlarini kuchaytirilganligi, umumiy olganda vazirlik tomonidan 2019 va 2020 yil birinchi yarmi davomida jami 520 mingga yaqin huquqiy targ`ibot tadbirlari o`tkazilgani ta`kidlandi.
Pandemiya vaqtida fuqarolar bilan qayta aloqani o`rnatish maqsadida, ular uchun dolzarb va kundalik hayotda ko`p duch kelinadigan holatlar bo`yicha vazirlik veb-saytida 21 ta yo`nalishni o`z ichiga oluvchi alohida “So`ragan edingiz” bo`limi ochilib, hozirga qadar ushbu bo`limda jami 400 ga yaqin savol-javoblar joylashtirilib kelinayotganligi hamda fuqarolarning huquqiy maslahatga bo`lgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish maqsadida telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi telegram botlari ishga tushirilganligi aytib o`tildi.
Fuqarolarga o`zlari istagan vaqtda huquqiy ma`lumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Internet tarmog`ida O`zbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi – “LexUZ” faoliyatini ham yanada takomillashtirilganligi,. mazkur saytdan bir kunda 45 mingacha odam foydalanayotgani va kunlik foydalanuvchilar soni oxirgi 4 yilda 3,5 barobarga o`sganligi ta`kidlandi.
Shuningdek, vazirlik huquqiy targ`ibotda yangi loyihalarni amalga oshirgan holda aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan, moddiy ahvolidan qat`i nazar, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan ta`minlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal (advice.uz – e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) ishlab chiqilganligiga hamda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy ma`lumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portaliham ishga tushirilganligiga ham to`xtalib o`tildi.
“Madad” byurolari tomonidan 12 mingga yaqin fuqarolarga xizmat ko`rsatildi, “Advice.uz” huquqiy axborot portali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimida javob berilganligi, sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yo`lga qo`yilib, vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarda o`tkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 799 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilinganligi axborot sifatida aytib o`tildi.
Vazirlik tomonidan imkoniyati cheklangan, ko`zi ojiz shaxslarga o`z huquqlarini tushuntirishga ko`maklashish maqsadida xalqaro tashkilotlarning grant mablag`larini jalb qilgan holda brayl alifbosida 2 tomdan iborat “Ko`zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar to`plami” 2 ming adadda nashr etildi va u ko`zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlardagi normalarni o`z ichiga olgan.
Bundan tashqari, vazir o`z axborotida bir qator davlat organlari va tashkilotlari sohasiga oid qonun hujjatlarini aholi va ijrochilarga etkazishga etarli darajada e`tibor qaratmayotganini qayd etdi. Bu borada echimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan o`z takliflarini bildirdi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan o`tkazilgan hujjatlar, ishlab chiqilgan yuridik hujjatlar va ularning samaradorligi, eskirgan idoraviy hujjatlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko`rib chiqish, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish xususida ham to`xtalib o`tildi. Adliya vazirligi tomonidan kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalarga alohida e`tibor qaratildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari adliya vazirining axboroti va unda tilga olingan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar va o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Yig`ilishda R.Davletovning axboroti bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining tegishli qarori qabul qilindi.






