“Go`sht narxi 90-100 ming so`m, unning bir qopi 150 mingdan 220 mingga chiqib ketdi. 58 ming so`m bo`lgan 5 litrlik pista yog`ining eng arzoni 70 ming so`m, turlariga qarab 75-78 ming so`mga ko`tarilgan. 5800 so`mlik shakarga esa 8000 so`m baho qo`yilgan. Shu paytgacha 1000 so`mdan sotilgan tuxumning donasini endi 1200 so`mdan kamiga ololmaysiz.” Bu narxlar qaerdan kelib chiqyapti? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shu va shu kabi chiqishlarning qanchalik asosli ekanligini o`rganish maqsadida Toshkent shahri bozorlari(“Eski Juva” va “Mirobod” dehqon bozorlari)da surishtiruv o`tkazdik.

“ChORSU”DA NIMA GAPLAR?
Barchamiz “Chorsu” bozori deb o`rganib qolgan o`sha ulkan gumbazli “Eski Juva” dehqon bozorida birlamchi ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o`rganishni boshladik. To`g`ri qassoblar rastalariga qarab borib, 90 000 so`mlik go`shtdan berishlarini so`rasak:
“90 000 so`mlik go`sht umuman sotmaganman. To`g`ri, mol go`shtida “kontur file” degan joyi bo`ladi. U chiqsa, bitta qora moldan 2-3 kg chiqadi. Ana o`shani 120 000 so`mdan sotamiz. Uning o`z haridori bo`ladi. Lekin odatiy narx bizda ilik suyagi 13 ming so`mdan 55-60 ming so`mgacha mol go`shti, 55-75 ming so`m orasida qo`y go`shti sotilyapti. 70-75 ming so`mlik narxlarda suyaksiz mol va qo`y lahm go`shtlari sotiladi”, - deydi bozor qassoblaridan biri Jaloliddin Boboxo`jaev.

GO`ShT NARXI TUShGAN...MISh
Anvar Muhamedov, “Eski Juva” dehqon bozori go`sht rastasi rahbari:
— Bozorimizda mol go`shtining eng yuqori narxi 70 ming so`mga chiqib ketdi. Hozir esa 55-60 ming so`m atrofida. Karantindan so`ng yo`llar ochilgach, Toshkentga vodiy viloyatlari va Qirg`iziston Respublikasidan katta miqdorda go`sht kelishi boshlagani sababli go`sht ko`payib ketdi. Shuning uchun narxlar 70 dan 60 mingga tushdi. Bugunning o`zida bozorimizga 25 tonna go`sht keltirildi. Karantin sharoitida esa bu miqdor kunlik 7-8 tonna edi.
GO`ShTLAR HATTO 45-46 MING SO`MDAN SOTILMOQDA
“Eski Juva”ning bosh darvozasidan ichkariga kirsangiz, “arzonlashtirilgan rastalar”ga ko`zingiz tushadi. Bozor rahbariyatining qassob-tadbirkorga kirib “go`shtni falon narxdan arzonroq sotasan” deyishi bozor iqtisodiyoti talablariga to`g`ri kelmaydi. Narx talab va taklifga ko`ra shakllanadi. Bozordagi narx siyosatida raqobat muhim rol o`ynaydi. Arzonlashtirilgan rastalardagi narx mahsulotlarning arzon sotilishini ta`minlash bilan birga bozor ichkarisidagi narxning ham sun`iy oshirib yuborilishiga to`sqinlik qiladi. Shu asosda raqobat shakllanadi. Lekin arzon mahsulotlar sifatlimi? Sifatli bo`lsa, nega bu qadar arzon? Toshkent shahar Shayhontoxur tumani prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo`limi mas`ullari tadbirkorlarga bozor hududidan bepul joy (rasta), sovutgichlar, avtoturargohdan joy kabi imtiyozlar berilishi rastalardagi mahsulotlarning sifatiga ta`sir etmasdan narxlarini tushirib sotishga sabab bo`lishini ta`kidlashdi. Demak, shu yo`l bilan sun`iy raqobat muhiti shakllantirilib, narxni mo``tadil ushlab turishga erishilmoqda. Toshkent shahar hokimligi va “O`zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan bozorlarda mana shunday arzonlashtirilgan narxlarda bozor rastalari ochilgan va ular doimiy nazoratda. Demak, “Chorsu”dagi arzon narxlar bilan tanishing:
Mol go`shti – 45 000-46 000 so`m;
Tovuq go`shti – 17 000-19 000 so`m;
Un (1-nav) – 4 500 so`m;
Yog` (1 litr) – 11 500 so`m;
Tuxum – 900-1 100 so`m;
Shakar – 5 800 so`m;
Guruch (alanga) – 9 200 so`m va hokazo.







2 800 SO`MGA QAERDAN UN SOTIB OLSA BO`LADI?
"2 800 so`mlik unni mahallalarda, begilangan dislokasiya asosida etkazib beriladi. Shuningdek, dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan rastalar mavjud va unni o`sha erdan sotib olsa bo`ladi" – degan edi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo`limi boshlig`i Farhod Ochilov OAV bilan 6 oktyabr kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda. “Masalan, Mirobod bozoriga kirganingizda shu narxda un sotilyapti. Men o`zim ham o`sha erdan un harib qilaman”, - deya qo`shimcha ham qilgan edi. Ochig`i, hamma qatori biz ham bunga ishonmagandik. Lekin bugungi o`rganishimiz davomida haqiqatdan bu narxda un sotilayotganligining guvohi bo`ldik. “O`zbekiston” 1-navli uni Mirobod dehqon bozoriga kirishingiz bilan 2 800 so`mdan sotilmoqda.

QOLGAN MAHSULOTLAR NARXI QANDAY?
Mirobod dehqon bozori “Eski Juva”dek yirik bozor bo`lmasa-da, aynan oziq-ovqat rastalarining 25-30 foiz qismi arzonlashtirilgan narxlarda savdo qiluvchi tadbirkorlar uchun ajratilgan. Demak, bu bozordagi arzonlashtirilgan mahsulotlar narx-navolar bilan tanishamiz:
Mol go`shti – 46 000-55 000 so`m;
Tovuq go`shti – 11 000-19 000 so`m;
Un (1-nav) – 2 800-4 500 so`m;
Yog` (1 litr) – 11 500 so`m, 5 litr – 49 000-57 500 so`m;
Tuxum – 900-1 100 so`m;
Shakar – 5 800 so`m, 6 000 so`m (Rossiya);
Guruch (alanga) – 11 000 so`m.





MA`LUMOT O`RNIDA
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Matbuot xizmatining xabar qilishicha,kungaboqar yog`ining chakana narxi sentyabr oyining boshiga nisbatan 11 500 so`mdan 15 000 so`mga (o`sish 30 foiz) ko`tarilgani aytilmoqda.Bunga sabab esa kungaboqar etishtiruvchi asosiy yirik davlatlardan biri va respublikaga import qilinadigan mahsulotning asosiy qismi to`g`ri kelgan Rossiya Federasiyasida kungaboqar hosili joriy yilda o`tgan yilga nisbatan 12 foizga kam bo`lishi kutilmoqda.Bu esa o`z navbatida mahsulotning narxlariga ta`sir etdi, xususan Rossiya bozorida avgust oyida bir tonna kungaboqar yog`i750-800 dollarni tashkil etgan bo`lsa, o`tgan haftada narxlar 985-1050 dollarni tashkil etib, o`rtacha 30 foizga oshgan.Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kungaboqarning etishmasligi sababli mahsulot eksportining 4 yilga cheklanishi masalasining ko`rib chiqilishi ham mahsulot narxlarining shakllanishiga ta`sir qilgan.
Bundan ko`rinib turibdiki, yog` narxining oshishi faqatgina ichki omillarga bog`liq emasligini ham hisobga olish kerak. Shunday bo`lsa-da, bugungi kuzatuvimizda arzonlashtirilgan rastalardagi 11 500 so`mlik yog` taqchilligining guvohi bo`lmadik. 49 000 so`mlik 5 litrli paxta yog`i esa tushgacha tugab ketgan ekan.
XULOSA O`RNIDA
Shuni aytishimiz kerakki, o`rganishlar natijasida 90 minglik go`sht, 8 000 lik shakar, eng arzoni 1200 lik tuxumni topa olmadik. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bloggerlar tomonidan ko`r-ko`rona “tahlil” qilingan bu narxlar aynan Toshkent shahrida kuzatilgani aytilgan edi. To`g`ri, mini-market, supermarket, xususiy do`konlarda ba`zi tadbirkorlar narxlarni asossiz oshirib yuborishmoqda. Lekin bu bilan butun bir davlat siyosati haqida xulosa qilib yuborish hech qaysi mantiqqa to`g`ri kelmaydi. “Otang – bozor , onang – bozor” deb qo`yishibdi. Bozorga boring, narxlarni o`z ko`zingiz bilan ko`ring. Agar o`z hududingizda narxlarning asossiz oshirilishi yoki arzonlashtirilgan rastalar faoliyati bilan bog`liq biror ko`zbo`yamachilikka duch kelsangiz, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining (71) 233-10-07 yoki tahririyatimizning (95) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qiling.
Sardorbek Rahmonqulov






