Transport vazirligi bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat transportida turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo`lovchilar salomatligini asrash maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo`nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo`lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo`lqopda bo`lish tartibi joriy etilishini ma`lum qildi.
Shahar jamoat transportidan foydalanganda yo`lovchilarning sanitariya qoidalari va belgilangan karantin talablariga qat`iy amal qilishlarini ta`minlash maqsadida Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta`minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan transport infratuzilma ob`ektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o`tkaziladi.
Joriy yilning 19 oktyabridan e`tiboran shahar jamoat transportidan foydalanganda yo`lovchilarning tibbiy niqobda, shuningdek, tibbiy qo`lqopda bo`lishlari qat`iyan talab etiladi.
"Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlar shahar jamoat transporti xizmatidan foydalanganda belgilangan karantin talablari va sanitariya me`yorlariga qat`iy amal qiling. O`zingiz va atrofdagilarning salomatligiga befarq bo`lmang", deyiladi xabarda.