Til kurslari 1 oy (72 soat) davom etadi. Bundan tashqari, RFdagi o`zbekistonlik migrantlar o`z kasbi bo`yicha bepul malaka oshirishi va yangi kasb o`rganishi ham mumkin bo`ladi.
Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Ekaterinburg va Novosibirsk shaharlarida o`zbek migrantlari uchun rus tilini o`rgatuvchi bepul kurslar ochildi. Bu haqda Mir24 axborotiga asoslanib Kun xabar berdi.
“Fuqaro uchun bu kurslar bepul. Davlat to`laydi, chunki fuqaro malakali mutaxassis bo`lishi davlat uchun muhim. Keyinroq bu [til bilish] uning daromadi darajasiga ta`sir qilishi mumkin”, – degan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi etakchi mutaxassisi Mashrab Madrahimov.
Ushbu kurslarda:
rus tili;
o`z kasbi bo`yicha malaka oshirish;
yangi kasb o`rganish kabi bo`limlar mavjud.
Malaka oshirish va kasb o`rganish kurslarida xizmat ko`rsatish, qurilish va kompyuter texnologiyalari sohasida dars o`tiladi. Kurslar sutkaning ikki xil vaqtida: kunduzi va ishlovchilar ish vaqtidan keyin 19:00 dan 22:00 gacha tashkil etiladi.
Kurslarga har kuni qatnab o`qishga imkoni bo`lmaganlar uchun o`quv markazlarida yotoqxona tashkil etiladi. Kurslar va yotoqxona bo`yicha barcha xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplanadi va mehnat migrantlari uchun mutlaqo bepul.
O`quv kurslarini tugatgan fuqaroga Worldskills standartlari asosida o`qiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini ko`rsatuvchi skills passport (malaka pasporti) beriladi.
Kurslarda o`qish masalasida quyidagilar orqali murojaat qilish mumkin:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Telegram`dagi @uzrivoj_bot tizimi;
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining +998 71 202 33 55 telefon raqami;
Agentlikning RFdagi vakolatxonasining +7 925 759 59 25 telefon raqami.