Xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo`lgan vazifalar muhokamasi bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Unda sust faoliyat ko`rsatayotgan korxonalar tahlilidan tashqari, iqtisodiyotga ulush qo`shadigan manbalarga e`tibor qaratildi.
Aytib o`tilganidek, qurilish materiallari, elektr texnikasi va engil sanoatda ham hali ishlatilmagan zaxiralar bor. Masalan, qurilish materiallari bo`yicha yil yakunigacha 11 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu orqali yangi mahsulotlar o`zlashtirilib va mavjud korxonalar quvvati oshirilib, import o`rnini qoplashga erishiladi.
Elektr texnikasi sanoatida 12 xil mahsulotni mahalliylashtirish loyihasi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ushbu quvvatlarni tezroq ishga tushirib, raqobatni ta`minlash, tovarlar narxini arzonlashtirib, eksportni kengaytirish muhimligini aytdi.
“O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasiga mavjud quvvatlarni to`la ishga solish, 100 dan ziyod yangi korxonaga AQSh va Evropada tan olingan xalqaro sertifikatlar olishda ko`maklashib, ularni eksportga jalb qilish vazifasi qo`yildi.
Bozor mexanizmlari to`liq kirib bormagan tarmoqlarni transformasiya qilish dolzarb bo`lib bormoqda. Shu bois Prezidentimiz sanoat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, xalqaro boshqaruv tizimini joriy etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Yig`ilishda hududiy sanoat korxonalarida mavjud rezervlardan foydalanib, qo`shimcha ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish masalalari ham muhokama qilindi.
O`tgan 9 oyda mahalliylashtirish borasida 55 ta hududiy loyiha ijrosi kechikkan, 144 ta loyiha bo`yicha ishlab chiqarish hajmi ta`minlanmagan. Oqibatda 720 milliard so`mlik mahsulot tayyorlash imkoniyati yo`qotilgan.
Tegishli vazirlik va hokimliklarga qoloqlikka yo`l qo`yilgan loyihalardagi muammolarni bartaraf etish, import o`rnini bosuvchi yangi istiqbolli yo`nalishlarni o`rganib, mahalliylashtirish dasturiga kiritish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Umuman, qolgan uch oyda qiymati 7 milliard dollarlik 80 ta tarmoq va 44 ta hududiy yirik loyihani ishga tushirish muhimligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
– Bugun eksportchi korxonalarni moliyaviy qo`llab-quvatlashni kengaytirish bo`yicha farmonni imzoladim. Endi bunday korxonalar uchun yangi tashkil qilinayotgan Eksportni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi orqali qo`shimcha mablag`lar ajratiladi. Shu maqsadda jamg`armaga 100 million dollar berilmoqda. Bu, o`z navbatida, mahsulotlarni tashqi bozorlarga uzluksiz etkazib berish uchun korxonalarning aylanma mablag`lariga yo`naltiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Bosh vazir o`rinbosarlariga bu boradagi vazifalarni tezkor, samarali va manzilli hal qilib borib, yil yakuniga belgilangan ko`rsatkichlarni ta`minlash bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari hisobot berdi.






