Markaziy bank Boshqaruvi 2020 yil 22 oktyabrda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Unga ko`ra, ushbu qaror real foiz stavkalar ijobiyligini saqlab qolish, yuzaga kelgan vaqtinchalik inflyasion xatarlar fonida, iqtisodiy faollikni yanada rag`batlantirish uchun qulay sharoitlarning yaratilishi va o`rta muddatli davrda inflyasiya dinamikasining yanada sekinlashishi o`rtasidagi muvozanatni ta`minlashga qaratilgan.
"Markaziy bank inflyasiyaning yil yakuni bo`yicha prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko`radi.
Asosiy stavka bo`yicha kelgusidagi qarorlar inflyasiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi", deyiladi xabarda.






