O`zbekistonda sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 22 oktyabr kuni o`tkazilgan yig`ilishda bank raisi Mamarizo Nurmurodov ma`lum qildi. Bizning kuzatuvlarimiz va Statistika qo`mitasining ma`lumotlari joriy yil sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,7 foizni tashkil etganini tasdiqladi. Biz kutayotgan prognoz darajasidan pastroq ham bo`ldi. Biroq iqtisodiyotda ayrim inflyasion xatarlar saqlanib qolayotgani bizni ma`lum jihatdan tashvishga soladi. «Karantin cheklovlari bekor qilinganidan keyin yalpi iste`mol talabi tiklanib borayotganini hammamiz ko`ryapmiz. Bu iqtisodiy o`sishni ta`minlash uchun zarur holat», — degan Mamarizo Nurmurodov. Uning so`zlariga ko`ra, 2020 yil sentyabr oyida inflyasiya sur`atlari avgustdagiga nisbatan tezlashgan. Inflyasiya tezlashishi, asosan, karantin cheklovlari bekor qilinganidan so`ng yalpi talabning tiklanishi, mavsumiy omillar va ayrim asosiy tovarlar narxlarining o`sishi bilan bog`liq bo`ldi. Meva va sabzavotlar narxlarining yillik o`sishi sentyabr oyida 13,9 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyasiya darajasi esa, aksincha, pasayuvchi tendensiyaga ega bo`ldi va yillik 11,9 foizgacha pasaydi. Sentyabr oyining so`nggi o`n kunligi hamda oktyabr oyida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining (shakar — 19,9 foizga, kungaboqar yog`i — 17,9 foizga, un — 2,6 foizga) o`sishi sezilarli darajada tezlashdi. Bu o`z navbatida taklif omillarini tartibga solish bo`yicha choralar ishlab chiqish, xususan, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxlari va mahalliy narxlar o`rtasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni inobatga olib, inflyasiyani oshiruvchi ushbu omillarning ta`siri qisqa muddatli xarakterga ega bo`lishi hamda uzoq muddatli inflyasiya trendiga sezilarli ta`sir ko`rsatmasligi kutilmoqda. Aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining inflyasion kutilmalari joriy yilning avgust oyiga nisbatan sezilarli o`zgarishlarsiz qoldi. Shu bilan birga, sezilgan inflyasiya darajasi va inflyasion kutilmalar amaldagi inflyasiyaga nisbatan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. O`tkazilgan so`rovlar natijalariga ko`ra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning oshishini, birinchi navbatda, pandemiya ta`siri, monopol tovar va xizmatlar narxlarining qimmatlashishi hamda raqobat muhitining yomonlashuvi bilan izohlamoqda. |
23.10.2020 00:47
O`zbekistonda yillik inflyasiya darajasi sentyabr oyida 11,7 foizni tashkil etdi
