Ijtimoiy tarmoqlarda “3-egizak qaerda Farg`onada tug`uruqxonada yo`qolgan chaqaloq voqeasi” sarlavhali xabarlar tarqalgan edi.
Bosh prokuratura xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 09.07.2020 yilda fuqaro M.M. Farg`ona shahar prokuraturasiga murojaat qilib, unda qizi F.G`.ning homiladorligi davridagi tekshiruvlar 3 ta egiz homilasi borligini ko`rsatgan bo`lsada, Farg`ona viloyat perinatal markazida o`tkazilgan 04.07.2020 yilgi kesarcha kesish amaliyotida faqat 2 nafar qiz chaqaloq olinganligini bildirib, holatga oydinlik kiritilishini so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida homiladorlikning 26-haftasiga qadar o`tkazilgan jami 16 ta ultratovush tekshiruv natijalari F.G`.da ikki egiz homila borligini ko`rsatganligi aniqlangan.
Homiladorlik davrining 26-haftasidan so`ng o`tkazilgan 4 ta ultratovush tekshiruvlari davomida F.G`.ning semizlik darajasi yuqori bo`lganligi, patologik soya (artefakt) go`yoki 3-homila bo`lib ko`ringanligi tufayli unda uch egiz homila borligi haqida xulosalar qilinishiga olib kelgan hamda ushbu xulosalar asosiy tashxis bo`lmasligi ma`lum bo`lgan.
Tekshiruv davomida olingan kesarcha kesish amaliyotida bevosita ishtirok etgan, ultratovush tekshiruvlarini amalga oshirgan tibbiyot xodimlarining tushuntirish xatlari, tibbiyot xodimlariga nisbatan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi, tibbiy va boshqa hujjatlar asosida F.G`.ning 3-egiz farzandni dunyoga keltirganligi haqidagi vaj o`z tasdig`ini topmagan.
Mazkur holat yuzasidan Farg`ona shahar prokuraturasi tomonidan 18.07.2020 yilda jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu haqda murojaat muallifiga ma`lum qilingan.






