"Sardoba" suv omboridagi texnogen falokat oqibatlarini bartaraf etishda hamda Gulistonda kislorod balloni portlagan sport majmuasini tiklash ishlarida ishtirok etayotgan "O`zbekiston temir yo`llari" AJ tarkibidagi korxona ishchilari maoshsiz ishlamoqda, degan xabar ijtimoiy tarmoqlar va elektron OAVlarda tarqaldi. Mazkur xabarga "O`zbekiston temir yo`llari" AJ rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, Sirdaryo viloyatidagi tiklash-qurilish ishlariga "O`zbekiston temir yo`llari" AJ va uning tarkibiga kiruvchi “Ko`prikqurilish” tresti ishchilari jalb qilingan.
O`rganish jarayonida haqiqatdan ham tiklash ishlariga jalb qilingan “Ko`prikqurilish” tresti otryadlari ishchilarining oylik maoshlari o`z vaqtida berilmagani aniqlangan. Buning asosiy sabablari hozirgi tiklash ishlarini bajarish davrida asosiy e`tibor avval shartnoma, moliyalashtirish va boshqa qog`ozbozliklarni kutib o`tirmasdan, yuz bergan falokat oqibatida zarar ko`rgan inshootlarni tezlik bilan tiklash maqsadida juda katta kuch va texnikalar jalb etilib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirish boshlab yuborilgani, endilikda esa barcha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani bildirilgan.
"Ushbu holatni to`liq bartaraf etish va bu kabi ish haqi cho`zilishi takrorlanmasligi uchun budjet mablag`larini kutib o`tirmasdan tijorat banklari kreditlarini jalb qilish bo`yicha muzokaralar boshlab yuborildi. Bir hafta muddatida “Ko`prikqurilish” tresti otryadlarining barcha ish haqidagi qarzdorliklari to`liq bartaraf etilishi belgilab olindi", deyiladi bayonotda.
24.10.2020 17:57
Sirdaryodagi texnogen ofatdan keyin tiklash ishlariga jalb qilingan “Ko`prikqurilish” tresti ishchilariga maosh berilmagani rostmi?






