AsosiyIqtisodiyot

Go`sht narxi nega qimmatlashyapti? Vazirlik sabablarini aytdi

'Go`sht narxi nega qimmatlashyapti? Vazirlik sabablarini aytdi'ning rasmi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi O`zbekistonda 2020 yilning sentyabr oyida kuzatilgan inflyasiya darajasi haqida ma`lumotlarni e`lon qildi. 

Unga ko`ra, joriy oyda iste`mol narxlari indeksi oylik 1,4 foizni tashkil etgan. O`tgan yilning mos davrida mazkur ko`rsatkich 1,3 foizga teng bo`lgan.

Qayd etilishicha, go`sht mahsulotlarining narxi sentyabrda 3,8 foizga o`sgan. Xususan, qo`y go`shti — 5,7 foizga, mol go`shti — 5–5,4 foiz oralig`ida, qiyma — 4,2 foizga, kolbasa — 1,8–1,9 foiz oralig`ida, baliq va baliq konservalari o`rtacha 0,5 foizga, parranda go`shti va go`sht mahsulotlari — 0,3 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, yog` va moylar narxi o`rtacha 2,3 foizga ko`tarilgan

Vazirlik ma`lumotlariga ko`ra, sentyabr oyidagi inflyasion dinamika tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, narxlar o`sishining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o`sishining konyunkturasi bo`lib, bu o`z navbatida go`sht va yog`-moy mahsulotlari, non mahsulotlari va tuxum narxlarining qimmatlashishi, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari narxining mavsumiy oshishi bilan izohlanadi.

Yuqorida sanab o`tilgan mahsulot guruhlaridan, birinchi navbatda, go`sht narxi o`sishining asosiy sabablari quyidagilardir:

- em-xashak bazasi uchun xom ashyo, xususan, paxta xom ashyosi, po`stloq va em aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu o`z navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib kelgan;

- Qozog`iston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importining qisqarishi. Misol uchun, 2020 yilning 8 oylik natijasiga ko`ra, mamlakatda 25 ming bosh yirik va 12,5 ming bosh mayda qoramol import qilingan. 2019 yilning 8 oylik natijalariga ko`ra, mazkur ko`rsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan;

- 2020 yilning avgust oyi o`rtalarida karantin cheklovlari olib tashlanganidan so`ng faoliyatini tiklagan umumiy ovqatlanish korxonalarining go`sht va go`sht mahsulotlariga bo`lgan talabining oshishi. 

Shu bilan birga, 2020 yil yanvar—sentyabr oylarida O`zbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) go`sht ishlab chiqarilgan (o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko`proq). Bundan tashqari, 2020 yil yanvar—sentyabr oylarida 14 ming tonna mol go`shti va 20 ming tonna tovuq go`shti import qilingan.

"Go`sht narxi o`sishi tashqi omillar ta`siridan tashqari, ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin. Bu, o`z navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona o`sishiga qaramasdan, go`sht mahsulotlarini etkazib berishning etarli darajasini ta`minlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bog`liq», — deyiladi vazirlik ma`lumotida.

Keltirilishicha, ichki va tashqi xavflar biroz pasaygan bo`lsa-da, dunyoda koronavirus bilan kasallanishning ko`payishi va mamlakatda karantin choralarini qayta joriy etilishi mahsulot ta`minotidagi uzilishlarga olib kelib, oxir-oqibat ayrim tovar bozorlariga talab va taklifdagi nomutanosibliklar paydo bo`lishiga, bundan tashqari O`zbekistonda inflyasiyaning mos ravishda tezlashishiga ta`sir qilishi mumkin.

Oziq-ovqat narxlari dinamikasining o`zgaruvchanligi, birinchi navbatda, ishlab chiqarish, etkazib berish va saqlash tizim zanjirini to`liq shakllanishi bilan bog`liq. Bunda, ta`minot hajmi va barqarorligini oshirishga, mahsulot sifatini yaxshilashga va natijada yo`qotishlarni kamaytirishga va saqlash muddatini ko`paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ularning ta`sirini tenglashtirishga yordam beradi.

    Boshqa yangiliklar