Adliya vazirligi Axborot xizmati tomonidan 2020 yilning 1 noyabridan kuchga kirayotgan yangi tartiblar haqida ma`lum qilindi.
1. Har yili noyabrda “Keksalar uchun turizm oyligi” o`tkaziladi
Hukumat qaroriga ko`ra, noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb e`lon qilingan.
Ushbu tadbir doirasida hududlardagi turizm infratuzilma ob`ektlari tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirma va aksiyalar Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining veb-sahifalarida e`lon qilib boriladi.

2. Soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:
Er solig`i bo`yicha quyidagilar tomonidan egallangan er uchastkalari:
- sog`lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan dam olish uylari;
- aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo`lsa;
- sanatoriy-kurort ob`ektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo`lsa;
Mol-mulk solig`i bo`yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko`rsatish uchun foydalaniladigan ko`chmas mulk ob`ektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo`lsa.
3. Sog`liqni saqlash organlari boshqaruv xodimlariga har oylik ustama to`lanadi
Sog`liqni saqlash vazirligi va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga quyidagi miqdorda ko`p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to`lanadi (rag`batlantirish koeffisientini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffisientlarda):
- 1 yildan 3 yilgacha – 0,3;
- 3 yildan 5 yilgacha – 0,6;
- 5 yildan 10 yilgacha – 0,8;
- 10 yildan 15 yilgacha – 1;
- 15 yildan 20 yilgacha – 1,2;
- 20 yildan yuqori – 1,5.

4. DTM hamda Badiiy akademiya xodimlarining maoshlari oshiriladi
DTM boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffisientlari 1,5 baravar miqdorida qo`llaniladi.
O`zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilanadi.
5. Eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlarga mahsulotlarni xorij fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishga amaliy yordam berish uchun o`simliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi.
O`z hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini o`tkazish to`g`risida O`simliklar karantini davlat inspeksiyasiga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar ma`muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
6. Bojxona tizimida yangicha tartib
Bojxona tizimida quyidagicha tartiblar o`rnatiladi:
- bojxona yuk deklarasiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
- bojxona nazoratining muqobil turlarini qo`llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi;
- Davlat bojxona qo`mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;
- transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig`imni to`lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;
- “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikasiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorning o`zi tomonidan ishlab chiqiladi.
7. Mobil aloqa operatorlari uchun imtiyozlar
Mobil aloqa operatorlariga radioelektron qurilmalar, asbob-uskunalar va boshqa qurilmalarni O`zbekistonga olib kirish ruxsatnomasini, sotib olish, o`rnatish, loyihalash va qurish uchun ruxsatnoma olmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirish huquqi beriladi.
Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amaldagi rahbar o`rinbosarlaridan biriga raqamlashtirish bo`yicha o`rinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatiladi.

8. Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytiriladi
Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsadida:
- ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo`lgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda ko`rib chiqiladi;
- xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;
- Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar bo`yicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O`zbekiston) narxidan 15 foizdan ko`p bo`lmagan miqdorda preferensiya beriladi.






