AsosiyJamiyat

O`zbekiston musulmonlari idorasi Muhammad (s.a.v) haqidagi karikatura bilan bog`liq bahslarga munosabat bildirdi

'O`zbekiston musulmonlari idorasi Muhammad (s.a.v) haqidagi karikatura bilan bog`liq bahslarga munosabat bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston musulmonlari idorasi Payg`ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan qilingan karikatura suratlari va ular bilan bog`liq chiqishlar ortidan yuzaga kelgan bahslarga munosabat bildirdi.

"Ayni shu kunlarda ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoq safihalarida Payg`ambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko`ngilsiz holatlar ayrim bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar hamda noto`g`ri xatti-harakatlarga sabab bo`lmoqda.

O`z navbatida, O`zbekiston musulmonlari idorasi mo`min-musulmonlarning hissiyotini qo`zg`ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sha`nlari mo`min-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qat`iy ta`kidlaydi.

Shuningdek, bu kabi munosabatlar xalqlar o`rtasidagi o`zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy e`tiqodi bilan bog`liq his-tuyg`ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg`otish, deb baholaydi.

Ta`kidlash kerakki, kim bo`lishidan qat`iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo Islom diniga tosh otmasin bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon etkaza olmaydi.

Kezi kelganda aytib o`tamizki, ushbu holatga nisbatan yurtdoshlarimiz turli munosabat bildirayotganlarini kuzatyapmiz. Bu holatdan ularning imon-e`tiqodlari jo`sh urgani, o`y-kechinmalari tinchlik bermayotgani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo`lgan muhabbatlari tug`yon qilayotganini guvohi bo`lmoqdamiz. Endi bir faraz qilib ko`raylik, mana shunday holatga Nabiy alayhissalom qanday yo`l tutar edilar..? Albatta, siyrat va tafsir kitoblarida bunday holatlarning batafsil bayoni kelgan, aksariyatimiz ularni mutolaa qilganmiz.

Bu borada Payg`ambar alayhissalom butun ummatga ibratdirlar. Bir johil kishi «Menga o`lja bermading», deb yoqalaridan olib bo`g`ganida ham, bir ayol zaharli go`sht berganida ham u zot ularni so`kmaganlar yoki duoibad qilmaganlar, balki Allohdan ularga insof va hidoyat so`raganlar. Islom dini hatto la`natlangan shaytonni ham so`kishdan qaytargan, so`kish o`rniga uning yomonligidan panoh so`rab, Allohga yolborishga buyurgan. Chunki uni so`kish ojizlikdan, Allohdan panoh so`rash esa imon mustahkamligidandir. Shunday ibratli so`z bor: «Qorong`ulikni so`kib o`tirmay, shamni yoqaqolsang-chi...». Haqiqatan, qorong`ulikni qancha so`kmaylik, u baribir o`zgarmaydi, yorishib qolmaydi. So`kish o`rniga uni yoritish yo`lini axtarganimiz ma`qul va avlodir.

Mo``tabar tafsir kitoblarida, din dushmanlariga qo`pol muomalada bo`lib, ularning «iloh»lari va peshvolarini so`kishdan qaytarilgani bayon etilgan. Agar haqoratga biz ham haqorat bilan javob qaytarsak, bunday jirkanch ishning ikkinchi to`lqiniga sabab bo`lish ehtimoli juda katta. Bu foydadan ko`ra, ko`proq zarar keltiradi. Qur`oni karimdagi quyidagi oyati karimani eslatib o`tamiz: «Ularning Allohdan o`zga ibodat qiladiganlarini so`kmangiz. Bas, bilmasdan zulm ila Allohni so`kib yurmasinlar. Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo`ydik. So`ngra esa, qaytib boradigan joylari Robbilarigadir. Bas, U, qilib yurgan ishlarining xabarini berur», (An`om surasi, 108-oyat).

E`tibor berilsa, ushbu oyati karimada mushriklarning butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Zero, musulmon kishi mushrikning sanamini so`ksa, bundan g`azablangan mushrikning ham bunga javoban Alloh taoloni haqorat qilishiga sababchi bo`lib qoladi. Demak, biz ham mo`min-musulmonlar Muhammad alayhissalomni haqorat qilishga sabab bo`ladigan har qanday ishdan hazar qilmog`imiz kerak.

Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu oyati karimaning «Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo`ydik», degan qismiga “Tafsiri Hilol” kitoblariga shunday izoh berganlar: – “Inson tabiati shunday. Qilayotgan amali o`ziga go`zal va ziynatli ko`rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so`z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham shirklari juda ham ziynatli bo`lib tuyuladi. Ana shu e`tibordan, ularning butlari haqoratlangan chog`da g`azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo`lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo`yaversa, u yog`ini Allohning O`zi biladi”.

Aslida, bu kabi fitnalar musulmonlarni yomonotliq qilish yoki bir yurtda turli din vakillarining emin-erkinlikda, o`z dinlariga bemalol amal qilib, tinch va osoyishtalikda, o`zaro bag`rikenglikda yashayotganini ko`ra olmayotgan g`arazli kuchlar tomonidan uyushtirilayotganini yoddan chiqarmaslik zarur.

Shu o`rinda Islom dinini terror bilan yonma-yon qo`yadigan ayrim kimsalarga Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib hazratlarining quyidagi so`zlarini keltiramiz: “Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish o`zgalar e`tiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zo`ravonlikka ochiq chaqiruv, o`rta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuyg`ularini qo`zg`atuvchi fitnadir”.

Ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishimiz kerak. Biz ham mo`min-musulmonlarni hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutishga chaqiramiz. Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yanada keskin tus olishiga sababchi bo`lib qolmaylik. Bu bo`layotgan ishlar hammasi fitna, g`animlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda o`ylab ish tutish kerak. Hazrati Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila bo`ladi.

Yana bir muhim masalani aytmoqchimizki, g`animlar musulmonlarga bo`lgan fitnalarini aynan juma, hayit kunlari yoki Ramazon oyi yo ayni kunimizdagi kabi mavlid oyida amalga oshirishni zimdan reja qilganlari aniq. Shunday ekan, muborak mavlid oyining haqiqiy zavqi – siyratni tarannum etish, salavot aytish, mavlidi sharif o`qish, Qur`oni karim tilovat qilish va zikrulloh bilan ongu shuurlarimizni band qilaylik, ulug` oyning ilohiy fayzidan nasibador bo`lishga intilaylik. Sevikli Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag`ishlangan suhbatlar orqali Rasulimizni yaxshiroq tanishga oshiqaylik.

Aziz dindoshim, barchamizning Rasulimizga muhabbatimiz cheksiz, jonimiz fido. Shunday ekan, fayzli kunlarni behuda o`tkazib yubormang, siyrat kitoblarini mutolaa qilib, “Allohumma solli a`la sayyidini Muhammad” kabi salavotlarni ko`p ayting, ushbu kalimalar ila hech kim yordam berolmaydigan Qiyomat kunida shafoatga erishing!

Xulosa, musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak bo`lishi, atrofda sodir bo`layotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar ila boqishi lozim. Ta`kidlaganimizdek, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Payg`ambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirishimiz kerak.

Alloh taolo barchaga insofu tavfiq bersin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoatlarini nasib etsin", deyiladi rasmiy munosabatda.

    Boshqa yangiliklar