AsosiyJamiyat

Markaziy bank PayPal’ning O`zbekistonda nima sababdan ishlamasligini tushuntirdi

'Markaziy bank PayPal’ning O`zbekistonda nima sababdan ishlamasligini tushuntirdi'ning rasmi

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov 24 oktyabr kuni IT-parkda jurnalist va blogerlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda Markaziy bank hozirda PayPal to`lov tizimi bilan muzokaralarga kirishgani, O`zbekistonda tizimga ruxsat berilishi va raqobatchi sifatida mamlakatning o`z pul o`tkazish tizimi joriy qilinishi mumkinligi haqida gapirgandi. O`zbekiston Markaziy banki to`lov tizimining mamlakatda nima sababdan ishlamasligiga tushuntirish berdi.

PayPal — bu xalqaro to`lov tizimi bo`lib, AQShning PayPal Holdings Inc. kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan ochiq aksiyadorlik jamiyati (public company) hisoblanadi va aksiyalari Nasdaq birjasida savdo qilinadi.

Mazkur to`lov tizimida to`lovlarni amalga oshirish maqsadida bank kartalari (Visa, MasterCard, AmEx va h.k.) biriktiriladi va ular orqali pul mablag`larini elektron hamyonlarga kirim qilish hamda pulni qaytarib olish imkoniyati mavjud. To`lov tizimi tomonidan undiriladigan haq (komissiya) to`lovning turiga qarab 3,4 foiz+30 sentgacha, valyutalar konvertasiyasida esa 3,9 foizni tashkil etadi.

PayPal O`zbekiston uchun nimaga kerak?

Markaziy bank tomonidan qayd etilishicha, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar o`zlari yaratgan dastur va raqamli kontentni (reklama, o`yin tokenlari va boshqalarni) chet ellik mijozlarga sotish uchun turli xil elektron platformalardan foydalanadi. Mazkur platformalar tomonidan dastur yoki raqamli kontentdan tushgan mablag`lar yig`ilib, dasturchi-frilanserlarga to`lab beriladi.

Mahalliy dasturchilarning bergan ma`lumotlariga ko`ra, elektron platformalarning ko`pchiligi, xususan, eng yirik Google Play Market yoki Apple App Store ilovalar do`koni tomonidan o`zbekistonlik dasturchilarga to`lovlar bank kartalari yoki odatiy bank pul o`tkazmalari orqali hech qanday muammolarsiz to`lab berilmoqda.

Biroq ayrim ixtisoslashgan platformalarda, xususan, Upwork, Fiverr yoki o`yin tokenlari sotiladigan Envato, Storyblocks va shunga o`xshash tizimlarda to`lovlar faqat PayPal to`lov tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.

Muammo o`zi nimada?

Markaziy bank xabariga ko`ra, hozirgi kunda PayPal to`lov tizimida elektron hamyonlarni O`zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan bank kartalarini biriktirgan holda pul mablag`lari bilan to`ldirish imkoniyati mavjud emas. «Mazkur cheklovni ushbu to`lov tizimi O`zbekistonda biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishmagan, muhokama qilmagan holda mustaqil ravishda o`rnatgan», — deyiladi xabarda.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan PayPal kompaniyasi bilan o`tkazilgan dastlabki muzokaralarda kompaniya yaqin kelajakda mazkur tizimni O`zbekistonda joriy etish rejalashtirilmaganligini bildirgan.

Markaziy bank PayPal’ga nisbatan cheklov o`rnatganmi?

Ma`lum qilinishicha, Markaziy bank aholi va tadbirkorlik sub`ektlari uchun xorijiy to`lov tizimiga ulanish, shuningdek, respublika banklari tomonidan muomalaga chiqarilayotgan Visa, MasterCard, UnionPay yoki «MIR» kartalarini xorijdagi elektron hamyonlarga biriktirish yuzasidan hech qanday cheklov o`rnatmagan. «Misol uchun, bugungi kunda fuqarolarimizning WebMoney, Qiwi va boshqa shunga o`xshash xorijiy elektron hamyonlar tizimlaridan foydalanishi tobora keng tus olmoqda», — deya ta`kidlanadi Markaziy bank xabarida.

PayPal o`rnatgan cheklovni Markaziy bank bekor qila oladimi?

Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan «To`lovlar va to`lov tizimlari to`g`risida»gi qonunda elektron pullar muomalasiga, shuningdek, to`lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolatiga doir normalar o`rin olgan.

Shunga ko`ra, Markaziy bankning to`lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati respublika hududida faoliyat yurituvchi to`lov tizimlari faoliyatiga tegishli bo`lib, boshqa davlatlar, jumladan, AQShda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan to`lov tizimlariga taalluqli emas.

«Markaziy bankning to`lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati doirasida PayPal to`lov tizimidagi O`zbekistonda muomalaga chiqarilgan kartalarga nisbatan o`rnatilgan cheklovni ma`muriy yo`l bilan bekor qilish imkoniyati mavjud emas», — deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, qachonki PayPal to`lov tizimi O`zbekistonda tegishli bo`linma ochib, milliy valyuta — so`mda to`lovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi bo`lsa, u holda amaldagi qonunchilikka ko`ra, PayPal Markaziy bankdan tegishli lisenziya olishi va o`rnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida bo`lishi talab qilinadi.

Dasturchi-frilanserlar nima qilishi kerak?

Markaziy bank elektron pullar tizimi reestriga kiritilgan «Oson», «Click» va «Payme» to`lov tizimlaridagi elektron hamyonlarga WebMoney va Qiwi elektron hamyonlari orqali elektron pullarni o`tkazishni tavsiya qilgan.

Shuningdek, Markaziy bank respublikadagi tijorat banklari tomonidan Visa, MasterCard, UnionPay xalqaro to`lov tizimlari bilan o`zaro kelishuv asosida muomalaga chiqarilayotgan chet el valyutasidagi bank kartalari yordamida internet orqali onlayn to`lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini ta`kidlab o`tgan.

«PayPal to`lov tizimi tomonidan o`rnatilgan cheklov bekor qilinmaguniga qadar dasturchi-frilanserlar muqobil elektron hamyonlar — WebMoney, Qiwi, «Yandeks.Dengi» xizmatlaridan foydalanishlari yoki to`lovlarni to`g`ridan-to`g`ri bank kartalari orqali qabul qilishlari mumkin. Bank kartalari yordamida amalga oshirilgan to`lovlar narx borasida, ya`ni elektron tijorat sub`ektlari to`laydigan komissiyaning nisbatan kamligi (0-2,5 foiz) jihatidan ham eng maqbul vosita bo`lishi mumkin», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Boshqa yangiliklar