1 yanvardan bojxona yig`imlari stavkalari 20 tadan 12 taga qisqartirilmoqda. Fuqarolar shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kirayotgan tovarlar qiymatining boj to`lanmaydigan qismidan ortig`i uchun to`lanadigan bojxona yig`imlari ham kamaytiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 9 noyabrdagi «Bojxona yig`imlari stavkalarini tasdiqlash to`g`risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi xabar bermoqda.
Qaror bilan quyidagi o`zgartirishlar kiritilmoqda:
bojxona yig`imlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirildi [3 turdagi bojxona stavkasi biriktirilib, 11 turdagisi bekor qilindi];
barcha bojxona yig`imi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bog`langan holda qat`iy belgilandi;
eksportni qo`llab-quvvatlash maqsadida tovarlarni «eksport» bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yig`im miqdori o`rtacha 35 foizga pasaytirildi.
Eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yig`imi 10 mln so`mni (ming dollar), yangi stavkalarda yig`im miqdori 5,6 mln so`mni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksportyor tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard so`m engillik yaratilmoqda.
Shuningdek, bojxona ma`muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona to`lovlarisiz olib kirish me`yoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazish uchun belgilangan bojxona yig`imlari stavkalari kamaytirilmoqda.
Eski norma bo`yicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning me`yordan oshgan qismiga 0,2 foiz [ammo 25 dollardan kam bo`lmagan] miqdorida bojxona yig`imi undirilgan.
Masalan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yo`l orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSh dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona to`lovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun avval 25 dollar (12,5 foiz) to`langan bo`lsa, yangi tartib bo`yicha 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yig`im undiriladi.
Bundan tashqari, bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni etkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma`muriy javobgarlik o`rniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yig`imi joriy etilmoqda.
Mazkur qaror 2021 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Ma`lumot o`rinda, hozirga qadar bojxona yig`imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 apreldagi «Bojxona yig`imlari stavkalari to`g`risida» qarori bilan belgilangan bo`lib, u o`z ichiga 19 ta bojxona yig`imlari turlari olgan edi. Mazkur bojxona yig`imlari stavkalarining aksariyati foizda belgilangan bo`lib, Jahon savdo tashkilotining (JST) Savdo jarayonlarini soddalashtirish to`g`risidagi bitim talablariga muvofiq bo`lmagan.






