Davlat xaridlari portalidagi axborotga ko`ra, «UzAuto Motors» AJ AQShning General Motors Overseas Distribution LLC kompaniyasi bilan 2019 yil 27 noyabrda shartnoma tuzgan. Oradan bir oy o`tib, UzAuto Motors Toshkentda Equinox va yana 3ta premium segmentdagi modellar taqdimotini o`tkazgan edi.
Shartnoma qiymati (CPT/CIP) 199,9 mln dollar yoki shu modeldagi har bir avtomobil uchun 22,8 ming dollarga teng bo`lgan.
CIP narxi (carriage and insurance paid) – shartnoma tuzilgan mahsulotning narxi ichiga etkazib berish va xaridor foydasiga sug`urta xarajatlari ham qo`shilganini anglatadi.

O`zbekistonda Equinox 33,6 ming dollardan sotilmoqda. Bu esa ushbu avtomobil narxi import qiymatidan 10,8 ming dollar yoki 47 foizga yuqori ekanini ko`rsatadi.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilda narxi 40 ming dollardan ortiq avtomobillarni O`zbekistonga bojsiz olib kirishga ruxsat berilgandi. Ammo 2020 yil boshidan UzAuto Motors qimmat narxdagi to`rtta import avtomobil sotuvini yo`lga qo`ygach, biznes-klass avtomobillar uchun bojsiz tartib bekor qilindi.
Ta`kidlash joiz, monopol korxonaga xorijdan avtomobil import qilishda yashirin tarzda eksklyuziv imtiyozlar berilgan bo`lishi mumkin. Kompaniya import avtomobillar uchun belgilangan boj va utilizasiya yig`imini to`lamayotgani ehtimolidan kelib chiqib, oktyabr oyida bir guruh deputatlar Bojxona qo`mitasi va Moliya vazirligiga so`rov yuborgandi.
So`rovga bojxonachilar «maxfiy ma`lumotlar» yozilgan javob yo`llashgan. Moliya vazirligining javobi haqida jamoatchilikda ma`lumot yo`q.






