1

Qashqadaryoda o`zini DXX xodimi deb tanishtirib, ko`plab fuqarolarning pullarini o`zlashtirgan firibgar ushlandi

Jinoyat 10.11.2020, 15:18
Qashqadaryoda o`zini DXX xodimi deb tanishtirib, ko`plab fuqarolarning pullarini o`zlashtirgan firibgar ushlandi

Bizning soddadil va bag‘rikeng xalqimiz davlat xizmatchilariga, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga hurmat bilan qaraydi, ularga ishonadi. Negaki, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni hamda qonun ustuvorligini taʼminlashda ushbu soha vakillarining xizmatlari beqiyos. Ammo ularning nomidan foydalanib, odamlarning ishonchiga kiruvchi va o‘zining qing‘ir ishlarini bajaruvchi firibgarlar ham uchrab turadi. Shunday holat haqida  jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi raisi Laziza RASULOVA xabar berdi.

Kitob tumanida yashovchi Farrux Oqilov (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`zining firibgarlik qilmishini hu­quqni muhofaza qiluvchi idora xodimi sifatida amalga oshirganligi ham balki shundandir.

Gap shundaki, dastlab F. Oqilov 2019 yilning oktyabr oyida Shahrisabz shahrida yashovchi Zebo Mamatova bilan uchrashib, o`zining Toshkent shahridan ekanini, DXX Shahrisabz shahar bo`limiga ishga kelganini aytadi.

So`ng­­­ra Z. Mamatovaning Shahrisabz shahar Fusunkor ko`chasidagi ko`p qavatli uyda joylashgan xonadonini vaqtincha ijaraga oladi. Xonadonga joylashadiyu, ayolni aldashga kirishadi.

— Akam chegarada yuz bergan otishmada yaralanibdi. Shuning uchun otam uni davolatishga pul so`rayapti. Iltimos, menga ming dollar berib tursangiz. Oyligim chiqishi bilanoq qaytaraman, — deydi u.

Binobarin, xonadon sohibasi unga ishonib, 9 428 150 so`m­ga teng bo`lgan 1 000 AQSh dollari miqdorida pul beradi. Ammo Farrux qarzini qaytarmay, o`z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Keyin — 2020 yil 10 yanvar kuni esa, Zebo Mamatovaning kuyovi, ya`­ni singlisining xo`jayini Otabek Boboqulovga oylik maoshi kechikayotganligini aytib, 800 AQSh dollari qarz oladi. Biroq bu pulni ham qaytarib bermaydi.

Bundan tashqari firibgar yana bir fu­­qaro — uyali telefon savdosi bilan shug`ullanuvchi Alijon Mahmudovni ham DXX Shahrisabz shahar bo`limida ishlashini aytib, laqillatadi.

— Manavi telefoningiz menga yoq­di, shuni bersangiz, — deydi do`kondagi mobil qurilmalar ichidan «Redmi 6 PRO» rusumli, narxi 150 AQSh dollari bo`lgan telefon apparatini olib. — Faqat uch-to`rt kunda oylik olaman, shunda pulini beraman.

U shunday deb uyali telefonni olib ketadiyu, lekin pulini berish «xayolidan ko`tarilib» qoladi.

Shundan so`ng F. Oqilov jinoiy harakatini Kitob tumanida davom ettiradi.

Aniqrog`i, Toshkent shahridan qaytayotib kech qolib ketganligini bildirib, tumanning Do`rmon qishlog`ida yashovchi tanishi Shohimardon Xudoyqulovnikida bir kecha tunab qoladi. Shunda Shohimardonning 2017 yil 6 fevralda berilgan harbiy guvohnomasini bildirmay olib qo`yadi. Ke­yin yana o`zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, ana shu guvohnomani garovda qoldirib, Kitob tumanidagi «Omad servis qurilish» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli savdo do`­koni sotuvchisi Sardorbek Xayrullaevdan 1 600 000 so`mlik turli erkaklar kiyim-kechaklarini olib ketadi.

— Shohimardon bizning xizmatga ish­ga kiryapti. Otasining mendan qarzi bor. Shuning uchun besh-olti kunda bir million olti yuz ming so`m yoki uch yuz dollar berib, sizdan harbiy biletini qaytarib oladi. Bo`lmasa, o`zim oyligimdan to`layman, — deb qo`shib qo`yadi ketayotib.

Ammo aytilgan muddatda Sh. Xudoyqulov ham, o`zi ham kelmaydi. Binobarin, oradan 40 kun o`tgach, S. Xayrullaev harbiy gu­vohnoma egasini telefon orqali qidirib topadi va do`koniga chaqirtiradi. Bi­roq do`kondorning gapini eshitib, Shohimardon tutaqib ketadi. So`ngra Farruxdan hech qanday qarzi yo`qligini, aksincha, u harbiy guvohnomasini o`g`irlab ketganligini bildirib, hujjatini qaytarib oladi. Shu bois Sardorbek mazkur ho­lat yuzasidan DXX Shahrisabz shahar bo`limiga ariza bilan murojaat qiladi.

Lekin «qahramon»imizning qilmishlari shu bilan yakun topmaydi. Aksincha, u ji­noiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yilning aprel oyida Kasbi tumani Chulquvar qishlog`ida yashovchi Hu­moyun Evatovni ham chuv tushiradi.

Ma`lum bo`­lishicha, F. Oqilov Humoyun bilan 2020 yil 22 aprel kuni — tog`asi Orifjon Botirovning tug`ilgan kunida tanishadi. O`zi­ni DXX xodimi deb tanishtirar ekan, Farrux X. Evatovni safarbarlik chaqiruv rezerviga — 1 oylik harbiy xizmatga yuborishi haqida quyuq va`da beradi. Faqat buning uchun yigitning fuqarolik pasporti va shartnoma to`lovi uchun 4 500 000 so`m berishni aytadi. Natijada soddadil tog`a shu kuniyoq unga 1 500 000 so`m, ertasi kuni esa 3 000 000 so`m beradi. Lekin harbiy xizmat Humoyunga nasib etmaydi. Boisi, firibgar olgan pullarini o`z hamyoniga uradi. Bu ham etmagandek, H. Evatovning fuqarolik pasportini yo`qotib yuboradi.

Farrux Oqilov hatto o`zi eydigan go`sht­ning pulini ham bermay firibgarlik qiladi.

— Chegara qo`shinlari xizmatiga boshliq bo`lib keldim. Aka-uka bo`lib ketamiz nasib qilsa. Shuning uchun menga bir yarim-ikki kilo go`sht bersangiz. Oylik olishim zahotiyoq pulini berib ketaman, — deydi Nishon tuman dehqon bozorida go`sht sotuvchi Akmal Chorievga.

Shunga ko`ra, qassob yigit 2020 yil 9 may kuni unga 70 000 so`mlik go`sht tortib beradi. 2020 yil 13 may kuni esa, Farrux A. Chorievdan 400 AQSh dollari miqdorida qarz so`raydi. Ammo pul undirolmaydi. Binobarin, Akmaljonni avrab, yana 100 000 so`mlik go`sht olib ketadi. Biroq go`shtning puli «tuya go`shti eydi».

Xullas, shu tariqa firibgar Nishon tumanidagi oziq-ovqat do`koni sotuvchisi Dilnoza Do`stqobilovani 3 000 000 so`m, dehqon bozori sotuvchisi Salimjon Yuldashevni 535 000 so`m, tumanning Baynalminal mahallasida yashovchi fuqaro Hafiza Sobirovani 1 000 000 so`m, kirakash haydovchi Omon Hamroevni 120 000 so`mga chuv tushiradi. Bundan tash­qari o`zi­ni DXX xodimi sifatida tanishtirish va shu orqali o`zgalarning ishonchiga kirish uchun harbiy kiyim sotib olib, xizmat guvohnomasini soxtalashtiradi. Oddiy fuqarolarni qo`ya turaylik, hatto u Nishon tuman IIB profilaktika inspektori J. Omonovga ham o`zini DXX xodimi sifatida tanishtiradi.

— Boshlig`imiz sizlarga nisbatan ma`lumot yig`ishni topshirgandi. Le­kin men sizlar uchun erkakchilik qi­lib, uning topshirig`ini bajarmadim. Shuning uchun Nishon tuman bo`limidan chegaraga o`tib ket­dim, — deb avvaliga unga nisbatan tovlamachilik qilmoqchi bo`ladi. Hushyor inspektor esa, turli bahonalar bilan tutqich bermaydi. Binobarin, soxta xodim keyingi galda qarz so`rashga o`tadi. Lekin baribir niyatiga etolmaydi. Eng muhimi, jabrlanuvchilarning murojaati, ko`rsatmasi hamda boshqa tezkor xabarlar asosida F. Oqilov qo`lga olinadi. Oqi­­batda unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atiladi.

Hujjatlarning sudga oid texnik-kriminalistik ekspertizasining 2020 yil 10 iyundagi xulosasida firibgar tomonidan xizmat guvohnomasining ichki qismi va yozuvlari rangli purkagichli printer yordamida tayyorlangani qayd etilgan.

Qisqasi, firibgar F. Oqilov jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudining shu yil 3 sentyabrdagi hukmiga binoan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b»-bandi, 227-moddasi 2-qismi «a»-bandi, 228-moddasi 1-qismi va 3-qismi bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mah­rum etildi. Qolaversa, aybdordan jabrlanuvchilarga etkazilgan 29 351 500 so`mlik zararni undirish ham belgilanadi. Darvoqe, «qahramon»imiz faqatgina DXX Shahrisabz shahar bo`limiga murojaat qilgan jabrlanuvchi Sardorbek Xayrullaevga etkazgan 1 600 000 so`m zararini qoplagan, xolos.

Xulosa o`rnida aytar so`zimiz shuki, hamyurtlarimiz kim nima desa, ishonavermasdan, avval so`rab-surishtirishsa, F. Oqilov singari shubhali va soxta xodimlar xususida esa, o`z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar berishsa, maqsadga muvofiq bo`lardi. Balki shunda yuz berajak jinoyatlarning ol­di olinardimi?!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1