1

AQShning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Siyosat 12.11.2020, 16:55
AQShning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Tashrif avvalida elchini Sirdaryo viloyati hokimi G`ofurjon Mirzaev qabul qildi. O`zaro muloqotda viloyat rahbari Sirdaryo viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish jarayonlari hamda “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha ko`rilgan choralar, qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar xususida atroflicha to`xtaldi.Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida G`ofurjon Mirzaev AQSh hukumati tomonidan Sardoba suv ombori qisman o`pirilishi natijasida O`zbekistonda olib borilayotgan sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlab, ko`mak ko`rsatgani uchun chin dildan minnadorilik bildirdi.

Viloyat hokimi mamlakatlarimiz o`rtasidagi an`anaviy do`stona va yaqin munosabatlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining AQShga rasmiy tashrifidan so`ng prinsipial jihatdan yangi bosqichga ko`tarilganini ta`kidladi.

O`z navbatida elchi Deniel Rozenblyum viloyat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi.

Foto: Viloyat hokimligi

– Men O`zbekistonning turli viloyatlariga tashrif buyurib turaman. Bu gal o`ziga xos, kundan-kunga yangilanayotgan, me`moriy mohiyatida tarix va bugunni uyg`unlashtirgan Sirdaryoga tashrifim davomida hududdagi o`zgarishlarni ko`rishni maqsad qilgan edim, – dedi Deniel Rozenblyum. – Siz bilan suhbatlashib, Sirdaryo haqiqatan ham mamlakatning iqtisodiy rivojlanish, ma`naviy yuksalish manzillaridan biri sifatida namuna bo`layotganligiga amin bo`ldim.

 

Uchrashuv yakunida AQSh elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tayyorlangan esdalik sovg`alari almashinildi.

Rasmiy doiradagi uchrashuvdan so`ng mehmon Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Sirdaryo viloyat bo`limi faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda tashkil etilgan uchrashuvda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalar, yirik loyhalari xususida batafsil ma`lumot berildi.

 

Ma`lumot uchun. Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Sirdaryo viloyati bo`limi 2018 yilning noyabr oyida faoliyatini boshlagan. INL loyihasi doirasida Sirdaryo viloyat hududida odam savdosi hamda zo`ravonlikning boshqa ko`rinishlariga qarshi kurashish bo`yicha faoliyat ko`rsatib kelmoqda. 2018 yildan hozirgi kunga qadar bo`limning “Dolzarb aloqa tarmog`i"ga 2400 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar bo`yicha 300 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy yordam ko`rsatilgan va maslahatlar berilgan. Shu jumladan, xorijiy davlatlarda qiyin ahvolga tushib qolgan 21 nafar hamyurtimizning Vatanga qaytishida amaliy yordam berilgan.

Bundan tashqari, markaz odam savdosiga qarshi kurash doirasida turli davlat tashkilotlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish hamda xuquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1