Bugun, 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, uni shohsupaga taklif qildi.

Marosimda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Hindiston davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi faxriy qorovul safining oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdi. Birgalikda suratga tushish marosimidan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, 29 avgust kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurgan edi.






