1

«Faridaning ikki ming qo`shig`i» badiiy filmi 2021 yilgi «Oskar» mukofotiga da`vogarlik qilmoqchi

Madaniyat 22.11.2020, 18:32
«Faridaning ikki ming qo`shig`i» badiiy filmi 2021 yilgi «Oskar» mukofotiga da`vogarlik qilmoqchi

Yolqin To`ychievning «Faridaning ikki ming qo`shig`i» badiiy filmi 2021 yilgi «Oskar» mukofotiga da`vogarlik qiladigan bo`ldi. Filmda o`tgan asr boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko`rsatgan ta`siri bir oila misolida ochib beriladi.

O`zbekiston Oskar qo`mitasi nufuzli mukofotning «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominasiyasiga da`vogarlik uchun «Faridaning ikki ming qo`shig`i» filmini tanladi.

«O`zbekkino» milliy agentligi xabariga ko`ra, qo`mitaning 21 noyabrdagi yig`ilishida shunday qarorga kelingan.

Rejissyor Yolqin To`ychievning filmi «O`zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Fox music cinema» studiyasi tomonidan suratga olingan.

Kartinada o`tgan asr boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ta`siri bir oila misolida ochib beriladi. Ro`y berayotgan voqea-hodisalarga e`tibor bermay, odamlardan narida uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil to`rtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bog`liq ba`zi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda bo`lishiga sabab bo`ladi.

Rollarni Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O`ljaeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiqulieva va boshqalar ijro etgan.

Mualliflar kartinani 25 noyabrgacha tegishli tartibda O`zbekiston Milliy kinokomissiyasiga taqdim etishi zarur, deyiladi xabarda.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston «Oskar» qo`mitasi yig`ilishida qo`mita raisi Firdavs Abduxoliqov hamda qo`mita a`zolari Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbosov, Nigora Karimova, Jahongir Ahmedov, Mannop Qo`chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Baxtiyor Yoqubov, Farrux To`laganov, Eldor Yo`ldoshev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va qo`mita koordinatori Oybek Abdushukurovlar ishtirok etgan.

Mazkur qo`mita 2019 yil bahorida «O`zbekkino» Milliy agentligi, Yoshlar ittifoqi va O`zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan tashkil qilingan edi.

93-marta tashkil etiladigan «Oskar» mukofotining taqdirlash marosimi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur «Dolby» teatrida bo`lib o`tadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1