AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Toshkent shahrida yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoev 23 noyabr kuni Toshkent shahrida yo`l-transport infratuzilmasi...

'Shavkat Mirziyoev Toshkent shahrida yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 23 noyabr kuni Toshkent shahrida yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi.

Poytaxtimizda aholi ham, transport vositalari ham ko`payib bormoqda. Oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, ya`ni 2 baravar oshgan.

Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. Yangi yo`llar, ko`priklar, erusti metrosi qurilmoqda.

Xususan, joriy yilda Toshkent metropolitenining “Yunusobod” yo`nalishida 2 ta stansiya hamda erusti xalqa yo`lining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Jamoat transportida 56 ta yo`nalish maqbullashtirildi. Bular natijasida 170 ming aholining transport xizmati yaxshilandi, ularning transportga ketadigan vaqti o`rtacha 15-20 minutga qisqardi.

Lekin poytaxtimiz ko`chalarida yuklama ko`p, yo`l harakatini tartibga solishda kamchiliklar etarli. Transport vositalari tirbandligi yildan-yilga ortib borayotir.

Shu bois davlatimiz rahbari Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish bo`yicha topshiriq bergan edi.

Poytaxtimiz ko`chalaridagi muammolar kompleks o`rganib chiqildi. Geoinformasion tizim orqali transport va yo`lovchilar oqimi tadqiq qilindi.

Bugungi taqdimotda ana shu tahlillar natijalari haqida axborot berildi.

Toshkent shahrida 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo`lib, ularning 200 tasida transport vositalarini tezkor o`tkazish darajasi past. Avtomobil to`xtash joylari etishmasligi sababli yo`lning birinchi qatorida mashinalar yig`ilib, qatnovga xalaqit bermoqda. Haydovchilar uchun ma`lumot belgilari ham etishmaydi. Piyodalar va velosipedlar harakati uchun qulaylik kam.

Shu kabi kompleks tahlillar asosida Toshkent shahrida yo`l infratuzilmasi va jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo`yicha bosh rejaning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi.

Xususan, poytaxtdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish, bu orqali o`rtacha to`xtashlar sonini 71 foiz va vaqtini 48 foiz, tirbandlikni 64 foiz, yoqilg`i sarfini 34 foizga kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Toshkent shahrida jamoat transportini yaxshilash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari yo`lovchi tashish xizmatlaridan aholi mutlaqo norozi ekanini ta`kidladi. Masalan, 79 ta yo`nalishdagi avtobuslar intervali tig`iz paytlarda 30 minutgacha kechikmoqda. Oqibatda odamlar boshqa transport vositalaridan foydalanishni afzal bilmoqda. Bugungi kunda shahar jamoat transportida bor-yo`g`i 33 foiz yo`lovchi yurmoqda. Rivojlangan mamlakatlar poytaxtida bu ko`rsatkich 60-70 foizni tashkil etadi. 

Shu bois mavjud infratuzilmani yaxshilab, jamoat transporti harakatining tezligi va aholi uchun qulayligini ta`minlash vazifa qilib qo`yildi.

Davlat rahbari jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yo`nalishli taksi korxonalarini bir-biriga bog`lash, axborot texnologiyalari asosida ularning o`zaro integrasiyasini ta`minlash kerakligini ta`kidladi.

Buning uchun metropolitenni boshqarish hamda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining buyurtmachi va nazorat funksiyalari shahar transport boshqarmasiga o`tkaziladi. Moliyalashtirish ham boshqarma tomonidan amalga oshirilib, transport korxonalariga haqiqiy bajarilgan ish hajmi, bosib o`tilgan masofaga qarab mablag` ajratiladi.

Mutasaddilarga Toshkent shahar jamoat transportini yagona tizim asosida tartibga solish, moliyalashtirish va tabaqalashgan tariflarni belgilash bo`yicha vazifalar qo`yildi.

Tirbandlik kuzatilayotgan ko`p qatorli yo`llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko`chalarda parkomatlar tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo`lakchalarini ko`paytirish muhimligi qayd etildi.   

“Toshshahartransxizmat” jamiyatini to`liq transformasiya qilish, Transport universiteti faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Jamoat transporti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham e`tibor qaratildi.

Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yo`l-transport tizimini qayta ko`rib chiqib, markaziy ko`chalarni namunaviy tarzda o`zgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qo`yildi.

 

 
  

Boshqa yangiliklar