O`tgan yili maktab o`quvchilari uchun elektron kundaliklar tizimi bizning mamlakatimizga ham kirib kelayotgani haqidagi xabarlardan xursand bo`lgan edim. Mamlakatda hali to`liq internet bilan qamrab olish va uzluksiz elektr ta`minoti ta`minlanmagan bo`lsada, bunday innovasion narsalar kirib kelishda davom etmoqda. Chunki, energetika, axborot va ta`lim vazirliklari hammasi o`zini ishini qilishlari kerak. Ular bir-birlarini kuta olmaydilar...
2018 yil oktyabr oyida Xalq ta`limi vazirligi va Rossiyaning Dnevnik.ru kompaniyalari hamkorlikda elektron kundaliklar tizimi bo`lgan Kundalik.com saytiga asos solishni kelishib olishgani haqidagi xabarlar tarqala boshladi.
Gazeta.uz saytida bu to`g`risida xabar berildi, unda esa Xalq ta`limi vazirligi O`zbekistonda elektron kundalik tizimi bilan ishlovchi kompaniyalar o`rtasida saralash o`tkazgani xaqida gap boradi. Ammo ushbu saralashlarga berilgan havola 404 qurboni bo`lganligini ko`rishimiz mumkin. https://www.uzedu.uz/Xtv/IndexBatafsil/69?ID1=1264 mana shu havola sizni 404 oldiga olib boradi.

Buyuk 404
Dnevnik.ru
Dnevnik.ru - bu ta`lim texnologiyalari sohasidagi Rossiya IT-kompaniyasi. O`z bayonotlariga ko`ra, kompaniya o`qituvchilar, talabalar, ota-onalar va davlat organlari uchun yagona elektron ta`lim muhitini ishlab chiqqan. Kompaniya 2007 yilda tadbirkorlar Gavriil Levi va Aleksandr Zubkovlar tomonidan tashkil etilgan. 2011 yilda Dnevnik.ru Prostor Capital venchur invistisiya fondidan 1,7 million dollar sarmoya olgan. 2012 yilda esa ushbu kompaniyaga Runa Capital fondi 5 million dollar sarmoya kiritgan.

Gavriil Levi
Prostor Capital
Albatta har bir startap investisiyalar jalb qilishi oddiy holat. Lekin, e`tiborimni torgan tarafi shundaki Prostor Capital fondining hammuassislari va sarmoyadorlari orasida 1999 yildan 2008 yilgacha Rossiya Federasiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri bo`lgan Leonid Reyman ham bor. U 2008-2010 yillarda Rossiya federasiyasi prezidentining maslahatchasi ham bo`lgan.

Leonid Reyman
Prostor Capital fondining yana bir hammuasisi Merkulov Sergey Nikolaevich esa ekspert sifatida Rossiya Federasiyasi hukumati huzuridagi maslahat guruhlari va kengashlarining a`zosi bo`lgan va sektordagi islohotlarni rivojlantirish bo`yicha strategik hukumat loyihalarida ishtirok etgan.
Runa Capital
Ushbu fond esa AQShning Kaliforniya shtatida rossiyalik biznesmenlar Sergey Belousov, Ilya Zubarev va Dmitriy Chixachyovlar tomonidan tashkil qilingan. Ushbu fond 2016 yilda Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar konsorsiumining (The International Consortium of Investigative Journalists) bir qator surishtiruvlari bo`yicha “Panamageyt” ishlarida figurantlardan biri bo`lgan edi. Ushbu offshor fondga Aleksandr Galiskiy ham egalik qilgan, u Rossiyaning “Skolkovo” ilmiy innovasion markazida Kengash a`zolaridan biri bo`lgan.
Kundalik MCHJ
Ushbu kompaniya Dnevnik.ru ning O`zbekistondagi “qizi” bo`lib u haqida ochiq ma`lumotlar o`zbek saytlarida deyarli yo`q. Kompaniya saytdagi “Biz haqimizda” deb nomlangan bo`limda ushbu kompaniya rahbariyati, ta`sischilari, adresslari haqida umuman hech qanday axborot yo`q. 6 mlndan ortiq o`quvchilarning shaxsiy ma`lumotini boshqara oladigan odamlar kimlar? Ammo AQSh dagi D & B Hoovers tadqiqotlar markazidan olingan ochiq ma`lumotlarga ko`ra, Kundalik MCHJ direktori Azimov Bexzod Muratovich ekanligi oydinlashdi. Davlat xizmatlari portalidan MChJ ning INN raqami orqali olgan ma`lumotlarimizga ko`ra, kompaniya shakli “Chet el yuridik shaxslariga tegishli” ekanligini ko`ramiz.

Chet el yuridik shaxslari mulki
Qizig`i shundaki, Dnevnik.Ru kompaniyasi bosh direktori Gavriil Levi Theopenasia.net saytiga bergan intervyusida, Qozog`iston Respublikasida tashkil qilingan TOO «Kүndelіk» kompaniyasining 45 foiz ulushi Dnevnik.ru kompaniyasiga, qolgan 55 foizi esa qozog`istonlik tadbirkorlarga tegishli ekanligini aytib o`tgandi. Ammo O`zbekistondagi keysga qaraydigan bo`lsak, Kundalik MCHJ ning 51 % ulushi Dnevnik.ru kompaniyasiga tegishli qolgan 49 % ulushi esa Shveysariyada ro`yhatdan o`tgan ALLIED CAPITAL HOLDING SA kompaniyasiga tegishli ekan.

O`zbekistonga nima tegishli?
Bundan tashqari, ushbu Shveysariya kompaniyasi «Euroasia Insurance» sug`urta kompaniyasida 30,32% ulushga va O`zkimyofarm ustav kapitalida 20% dan ortiq ulushga ega.
O`zbekistonda 6 mln nafardan ortiq maktab o`quvchilari bo`lsa, ularning baholari, ism familiyasi, rasm, ota-onasining ismi, uy adreslari kabi shaxsiy ma`lumotlari ushbu xususiy chet el kompanilariga tegishli kompaniya qo`lida yig`iladi.
Xalq ta`limi vazirligiga savollar:
Nega O`zbekistonning 6.119.440 nafar kelajagi, aqliy-ilmiy resursi hisoblangan o`quvchilarining ShAXSIY ma`lumotlarini chet el xususiy firmasining boshqaruviga berib qo`ydingiz? Albatta bunga javobingizni bilaman, Kundalik.com portalining serverlari O`zbekistonda joylashgan deysiz.
Biroq, kompaniya metodisti Gulnora Ismoilova, Ma`rifat portaliga bergan intervyusida «Ma`lumotlar maktab xodimlariga, ta`lim organlariga, Kundalik kompaniyasi xodimlariga va shaxsiy ma`lumotlarsiz uchinchi tomonlarga berilishi mumkin. Uchinchi tomonlar reklama beruvchilardir. Ular Kundalik.com foydalanuvchilariga o`zlarining mahsulotlari va xizmatlari haqida, bizning formatimizga mos keladigan format, mavzu va auditoriya yoshi bo`yicha ma`lumot berishlari mumkin.» - deya aytib o`tgan. Ya`ni kompaniyaning 100 foiz ulushi chet ellik kompaniyalarga tegishli bo`lgan holda bunday ma`lumotlar xavfsizligi qanday ta`minlanishi mumkin? O`zbekiston yoshlarining yillar davomidagi intellektual salohiyatlari, darslarga qatnashish davomati, xulqi, tarbiyasi, baholari, qaysi fanlarni yaxshi qaysilarini yomon o`zlashtirishi haqidagi katta data ma`lumotlar kelajakda kimlargadir kerak bo`lib qolishi mumkinmi?
Davlat nazorati ostida bo`lgan portal, reklamadan ham soqqa qiladimi?
Shundoq ham ushbu portaldan foydalanish uchun yillik abonent to`lovi 9200 so`m ekan. Meni nazarimda baholash tizimi majburiy o`rta ta`lim faoliyatining asosiy qismidir, Konstitusiyaga ko`ra bu bepul ta`limni ichiga kirmaydimi? Albatta kimdir bolalaringga qog`oz kundalik ham olib berasan-ku deyishi mumkin, ammo birinchidan, qog`oz kundalik ancha arzon turadi, ikkinchidan elektron kundalikni yuritish uchun planshet va internet traffik harajatlari ham bor.
6.119.440 o`quvchi * 9200 so`m = 56 298 848 000 so`m (56 mlrd so`m yoki 5 405 626 dollar). Bu hisob kitobda korrupsiya, otkat degan narsalar yo`qmi? Bu xarajatlarni kalkulyasiya smetasini xalq ko`rsa, bilsa bo`ladimi? Menimcha yo`q, chunki bu xususiy biznes.
Shaffoflik, ochiqlik degan gaplar bor edi. Server O`ztelekomniki ekan, narhi shunchalik qimmatmi? Dnevnik.ru tenderda qatnashganmi? Ushbu saralashda yana qaysi kompaniyalar qatnashgan? Qanday saralangan?
Shuncha daromad qilsa bo`lar ekan nega shu ishni davlat amalga oshirmadi? my.gov.uz kabi davlat xizmatlari portallari davlatniki, ta`lim ham davlatniki. O`sha gov.uz edu.uz kabi domenlardagi saytlarni ma`lumot to`plashga to`liq haqqi bor va xalq ham ishonadi, ammo nega baholash tizimi .som domenidagi, 100 foiz chet el kompaniyalari egalik qiluvchi MChJda? Hattoki, Rossiyaning o`zida ham ushbu Dnevnik.ru saytiga ro`yhatdan o`tish GosUslugi davlat portali tomonidan amalga oshiriladi.

Xalq ta`lim vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning mana bu izohlari esa kulgimni keltirdi:
«Xalq ta`limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi o`rtasida davlat-xususiy sherikligi asosida shartnoma imzolangan bo`lib, buning natijasida xususiy sarmoya jalb etilgan holda, davlat byudjet mablag`lari tejaladi. (Nega Rossiyaning Dnevnik.ru kompaniyasi emas Kundalik kompaniyasi deyapsizlar? Ahir bu kompaniyaning fiksiyaligi ko`rinib turibdiku?)
“Tejalgan davlat mablag`lari maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, ya`ni kompyuter va internet bilan jihozlashga yo`naltiriladi. «Kundalik» kompaniyasiga tushgan mablag`lar — platformaning texnik infratuzilmasini saqlash, uni rivojlantirish va kengaytirish uchun sarflanadi.
«Kundalik» loyihasi to`liq «Kundalik» kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladi. Mablag`lar dasturiy ta`minotni yaratish, ishlatish va saqlashga, tizimni boshqa maktablarda tatbiq etishga sarflanadi».
Investorlar va ta`sischilar nimani evaziga foyda ko`rishadi unda? Dnevnik.runing egasi Gavriil Levi biznesmen, u qandaydir nodavlat, gumanitar tashkilot rahbari emas. Biznesmenlar esa nafaqat kiritgan investisiyalarini qaytarib olishni, balki foyda ko`rishni ham mo`ljallab ishlashadi. Bu erda investorlarning foydasi qancha yoki NIMA?
Mavzuga doir:
Nima uchun ota-onalar «Kundalik» kompaniyasi hisob-raqamiga to`lov qilishi kerak?






