1

Xiyonatga boshlayotgan telefon

Mutolaa 27.01.2016, 11:12
Xiyonatga boshlayotgan telefon

Ushbu telefon qo`ng`irog`idan so`ng anchagacha o`zimizga kela olmadik. Qalbimiz larzaga keldi. Poytaxt shifoxonalaridan birida farzandining sog`ayishini kutib yotgan muxlisamiz Gulshan opa bizga kuyib-yonib o`zi guvohi bo`lganlarini so`zladi...

 Men bu voqeani ortiq yuragimda saqlay olmayman. O`ylaymanki, buni pinhon tutish, yashirib yurishdan ko`ra boshqalarning bilgani, hushyor bo`lgani yaxshiroq. O`zim guvohi bo`lgan bu hodisani hali-hanuz hazm qila olmayapman. Qayoqqa qarab ketyapmiz? Nahot, zamonning rivojlanishi bizni shu qadar tubanlashtirib yubormoqda?

Ochig`ini aytsam, bu shifoxonada ko`rganlarim etti uxlasam tushimga, ming bir o`ylasam xayolimga ham kelmas edi.

Bilasiz, yoz meva-cheva, sabzavot g`arq pishadigan, to`kin-sochinchilik fasli. Dilbandlarimiz to`ygunicha eydi. Ba`zan yuvsa, goh tomorqaning o`zidan uzib ola solib og`ziga soladi. Biz ota-onalar esa buni har doim ham nazorat qila olmaymiz. Keyin esa jabrini tortamiz. Men ham shunday bo`ldim. Bolamning ichi ketib qoldi. Avvaliga o`zimcha dori-darmon qildim. Bitta dorini eb, ortidan ikkita meva egan bola shifo toparmidi? “Ema” deya qo`lidan tortib ololmas ekansiz.

Xullas, bolamning ahvoli og`irlashib, shifoxonada yotadigan darajaga kelib qoldik. “Tez yordam” poytaxtdagi katta shifoxonalardan biriga olib kelgach, davolana boshladik.

Tabiiyki, shifoxonada biz kabi bolalar va onalar bisyor. Hamma bir-biridan hol so`ragan, yordam berishga oshiqqan.

Dardmandlardan ham bir-birini tushunadigan insonlar bo`lmasligini shifoxonaga tushganlar yaxshi anglasa kerak. Biz ham xuddi shunday edik.

 Bolamga mana bu dorini yozib bergan edi. Negadir dadasi topa olmabdi, — deydi kimdir.

 Ha, u bu atrofda yo`q. Muyulishdagi dorixonadan so`rasin. Ungacha biznikidan ishlatib tura qoling, — yordam berishga oshiqadi boshqasi.

 Mana, biznikidan oling, — iyib ketadi boshqa bir ayol.

 Bizning dadamiz adashib ko`roq olgan, shuni ishlata  qoling, — hammaning ko`mak bergisi keladi.

Shu tarzda bir-birimizga yordamlashib, mehr berib davolanishda davom etdik.

 Mening telefonim yo`q edi. Opa, sizning telefoningizdan dadamizga “gudok” tashlab tursam, maylimi? — deb qoldi yangi kelgan bemor bolakayning yoshgina onasi. Endigina xonamizga kelib joylashgan bu ayol juda chiroyli, istarali edi, bolasi undan-da shirin.

 Voy, mayli, — dedim chin dildan. — “Gudok”  deb o`tirasizmi? Bemalol telefonlashavering.

 Eringiz begona raqam demaydimi?

 Aytaman-da, sherigimning telefoni yo`q ekan deb. Siz xijolat bo`lmang. Dadamiz tushunadigan odam.

Shu kundan boshlab, ayol mening telefonimdan turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qilar, nima zarurat bo`lsa aytardi. Eri ham tayinlab qo`ygani uchun to`g`ri mening telefonimga qo`ng`iroq qilib, bolasining ahvolini so`raydigan bo`ldi.

Oradan ikki kun o`tdi. Haligi kelinchakning koridorda kim bilandir telefonda kulib gaplashayotganiga ko`zim tushib qoldi.

“Xonadoshlarimizdan birining telefonini olgan, shekilli”, — o`yladim o`zimcha.

U menga ko`zi tushishi bilan o`zini qo`yarga joy topolmay qoldi. Men esa parvo qilmaslikka urinib, xonaga kirib ketdim.

Gaplashib bo`lib qaytib kelgan xonadoshim negadir mendan ko`zlarini olib qochdi. Avvaliga indamadim. Oxiri mendan telefon so`rayverishga iymanib boshqadan so`radimikan degan xayolda so`z qotdim:

 Singlim, hech ikkilanmay kerak bo`lganida telefonimni olavering. Men asli qizg`anchiq emasman. Keyin bu erda, bolalarimiz shifo topishini so`rab yotibmiz. Tasalli, ko`mak qanchalar kerakligini bilaman. Men ham siz kabi onaman. Bunaqa paytda ko`zimizga faqat bolamiz ko`rinadi. Sizni tushunaman. Hech xijolat bo`lmay so`rayvering.

 Rahmat. So`rab turibman-ku, — dedi u qizarib.

O`sha kuni tungi payt endi uyquga ketgandik. Telefonning ovozidan uyg`onib ketdim. Aniq bilganim meniki emasdi. Boshqalarniki desam, juda yaqinda jiringlayapti. Shunga ajablandimmi, ko`zlarimni ochdim. Qarasam, haligi ayol sumkasidan shosha-pisha telefon chiqarib, ovozini o`chirdi-da, koridorga chiqib ketdi. Yotgan joyimda qotib qoldim. Ko`zlarimga ishonmasdim. Boshqa ayoldir desam, joy o`shaniki. Tush ko`rayotgandirman, desam ovozdan uyg`ondim. Uyqum ham o`chib ketdi.

Haligi ayol naq yarim soatdan keyin qaytib kirib, telefonini avaylabgina sumkasiga joyladi-da, o`rniga cho`zildi. Meni esa xayol olib qochdi:

“O`zining telefoni bor ekan-ku. Nega yo`q, dedi. Pulini ayadimi? Pul sabab desam, mening hisobimdan gaplashgani yo`q-ku! Eriga faqat “gudok” tashlayapti. Balki...  Yo telefoni o`g`irlanganmikan? Ammo hali hech kim telefon o`g`irlatdim demadi-ku! Aytgancha, eri endi telefon olib kelib bergandir? Men ko`rmay qolgandirman?!”

Ishqilib, o`sha tun ming xil xayol bilan tongni ottirdim. Tag`in ertalab o`zimni o`zim koyib ham qo`ydim: “Senga nima? Uxlayvermaysanmi? Uyqudan qolib, o`ylab chiqqaning qoldi. Ana, uning o`zi uyquga to`yib, endi bemalol bolasiga mehribonlik qilib o`tiribdi...”

Bolamni ovqatlantirib, endi dorilarini beraman deb tursam, u yonimga keldi.

Opa, telefoningizni berib turing. Dadamizga bir narsa tayinlamoqchi edim.

Uning yuziga anqaygancha telefonimni tutqazdim. U esa hech o`ng`aysizlanmay yonginamda eriga qo`ng`iroq qildi.

“O`g`ri ekan. Kimningdir telefonini o`g`irlabdi. Shuning uchun yashirib-pusib gaplashib yuribdi, — dedim o`zimcha. — O`zimizning xonamizdagilar tinch. Demak, boshqa xonadan o`g`irlagan...”

Ochig`i, o`zim istamasam ham uni beixtiyor kuzata boshladim. “Ko`za kunda emas, kunida sinadi”, deganlari haq. Ertasigayoq “ko`za sindi”. Tushlik qilib bo`lgan ham edik-ki, haligi ayolning sumkasi ovoz “chiqara” boshladi. Sho`rlik ayol oyog`i kuygan tovuq holiga tushdi. Shunaqa o`zini yo`qotib qo`ydi-ki... Menga alang-jalang qilib qararkan, oxiri telefonini olishga majbur bo`ldi. Chunki qurg`ur apparat ham atay qilgandek “jim bo`lay” demasdi. Qo`liga ola solib koridorga chiqib ketdi. Yarim soat o`tdi ham-ki, kelay demadi. Bir payt eri menga qo`ng`iroq qilib qoldi. Battar taajjubga tushdim. Yugurgilab koridorga chiqdim-da, telefonimning ekranini yuziga yaqinlashtirdim. U shosha-pisha qo`lidagi telefonni o`chirib, menikini oldi.

Endi u haqda qanday o`y o`ylashga ham hayron edim. Indamay bolamning yoniga kelib o`tirdim. Bir payt orqamdan kirib keldi.

 Opa, “Buning telefoni bo`lsa ham, menikidan gaplashib yurarkan”, demang. Telefonim borligini erim bilmaydi, — dedi u yonimga kelib o`tirgach, aybdorona.

 Qanaqasiga? — uning gaplariga ishonolmadim. — Bitta uyda yashab, telefoningiz borligini bilmaslik...

 Buni bir tanishim olib bergan. Tasodifan tanishib qolgandim. O`zi mendan kichik. Ammo negadir bir-birimizni yoqtirdik. Keyin gaplashib turaylik deb menga telefon olib berdi...

 Nima-a-a? Qana... — quloqlarimga ishonmadim. Shu qadar o`zimni yo`qotganimdan tilim ham kalimaga kelmay qoldi.

 Yana erimga “Telefoni bor, o`ziga qiling”, deb qo`ymang. Iltimos, opa...

Ayol ko`zimga shunaqa xunuk ko`rinib ketdiki... Yomon ko`rganimdan naq bo`g`ib o`ldirgim keldi.

 Buning xiyonat ekanligini bilasizmi? — dedim beixtiyor. — Bolangiz kasal bo`lib turganda shunaqa ishlar qanaqa qilib ko`nglingizga sig`yapti. Har daqiqada alag`da bo`lib, xavotirda telefon qilayotgan eringizning ko`ziga qanday qilib cho`p suqyapsiz. Yoningizga kelganida ko`ziga qanday qarayapsiz? Bolangizning beg`ubor yuziga qaragani qanday jur`atingiz etyapti?

Yana nimalar dedim bilmayman. Rosa gapirdim. Lekin unga kor qilmadi.

U bilan shunchaki gaplashamiz. Mendan kichik. Kayfiyatimni ko`tarib turadi. Bir-birimizni tushunamiz, — dedi u bezrayib.

Men esa hamon o`zimga kela olmayman. Eshitsam, bugun texnika, aloqa rivojlangan zamonda bundaylarni har qadamda uchratish mumkin emish. Bu nimasi? “Oila — muqaddas!” degan tushunchalar qaerda qoldi? Nahot, bugun telefon, internet deganlari xiyonat va zinoning og`ir gunohligini insonlar miyasidan o`chirib tashlayapti? Bu ishning oxiri voyligini hech bir odam unutmasliklarini istardim.

Nargiza Usanboeva oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1