Ispaniya Sog`liqni saqlash vazirligi, Palma de Mayorka provinsiyasi rahbariyati, Balear universiteti vakillari hamda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mazkur kelishuvga erishildi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Unga ko`ra, Ispaniyaning Balear universitetining ADEMA stomatologiya ta`lim dargohida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etiladigan bo`ldi. Qayd etish kerak, bu O`zbekiston oliy ta`lim muassasalarining rivojlangan Evropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblanadi.
Onlayn konferensiya tarzida o`tkazilgan muzokarada Ispaniya sog`liqni saqlash vaziri P.Gomes, Palma de Mayorka shahri meri X.Xila, Balear universiteti prezidenti D.Karassko, Ispaniyaning O`zbekistondagi faxriy konsuli Karlos Martines va Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov ishtirok etdi va kelishuv imzolashdi.
Unga ko`ra, har ikkala oliy ta`lim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashg`ulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yo`nalishi bo`yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi uchun kurslarda o`qitishga kelishib olindi.
Shuningdek, anjumanda 2021 yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo`nalishi bo`yicha malaka oshirish kurslariga qabul qilinishi, ispaniyalik bemorlarga O`zbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi bir qator masalalar ham belgilab olindi.
Ma`lumot o`rnida: Ispaniyaning Balear universiteti 1978 yilda tashkil etilgan bo`lib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18 mingdan ortiq talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo`nalishlarda ta`lim olmoqda. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo`nalishlarida ilmiy-tadqiqot olib borilmoqda.






