“Markaziy Osiyo investisiyaviy sherikligi” tashabbusini yo`lga qo`yish to`g`risida Amerika Qo`shma Shtatlari, O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasining qo`shma bayonot berdi. Quyidagi bayonot matni Amerika Qo`shma Shtatlari, O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi hukumatlari tomonidan e`lon qilindi.
Amerika Qo`shma Shtatlari, O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi hukumatlari “Markaziy Osiyo investisiyaviy sherikligi” tashabbusi yo`lga qo`yilganligini e`lon qilishmoqda. Ishtirokchilar boshqa mamlakatlarni mintaqaviy iqtisodiy sheriklik va farovonlikni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu tashabbusga qo`shilishlarini olqishlaydilar.
Mazkur tashabbus orqali AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporasiyasi (DFC), O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va Qozog`iston Respublikasi Hukumati manfaatlarini ko`zlab harakat qiluvchi “Ostona” Xalqaro moliya markazi, Markaziy Osiyo va mintaqadagi xususiy sektori o`sishiga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 milliard dollar mablag`larini jalb etish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga soladilar.
“Markaziy Osiyo investisiyaviy sherikligi”ning maqsadi xalqaro infratuzilma sifat standartlariga javob beradigan hamda inklyuziv, shaffof va barqaror investisiyalar hajmining o`sishiga ko`maklashuvchi xususiy sektor sohasidagi loyihalarni ilgari surishdan iborat bo`ladi. Shunday qilib, sheriklar loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo`shadi va mintaqaga qo`shimcha xususiy investisiyalar kirib kelishini faollashtiradi.
“Markaziy Osiyo investisiyaviy sherikligi” AQShning Markaziy Osiyoda iqtisodiy o`sish va farovonlikni qo`llab-quvvatlash borasidagi sa`y-harakatlarini hayotga tatbiq etishdagi muhim qadamdir. “C5+1” platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o`sishini ta`minlash maqsadida savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni rag`batlantirish va ko`p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga intiladi.
Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini engib o`tishga intilar ekan, bunday hamkorlik va barqarorlik har qachongidan ham muhimroq.
“Markaziy Osiyo investisiyaviy sherikligi” har bir Markaziy Osiyo mamlakatining rivojlanish va gullab-yashnashga intilishiga asoslanadi.
Mintaqaviy loyihalarni qo`llab-quvvatlashdan tashqari, DFC O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Qozog`iston Respublikasi Hukumati manfaatlarini ko`zlab harakat qiluvchi “Ostona” xalqaro moliya markazi bilan o`zaro anglashuv memorandumlarini imzolash hamda investisiya jamg`armalari faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash va qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganish orqali Markaziy Osiyoda sheriklikni chuqurlashtirishda davom etadi.